I bob. Pedagoglarni malakasini oshirishga rahbarning metodik ishlarning nazariy asoslari
1.1. Pedagoglarni malakasini oshrishga rahbarning uslubiy ishining maqsad va vazifalari
Tizimning mavjudligi uni boshqarish jarayonini amalga oshirilishi bilan xarakterlanadi. Boshqaruvchi kishining faoliyati aniq va maqsadga qaratilgan ma’lum talablardan iboratdir. Boshqarish vazifasi mohiyatli zaruriy, takrorlanuvchi xarakatlar majmui bo’lib, yagona mazmun va maqsadga qaratilgan. Bunda boshqarish faoliyati bir-biriga bog’liq va alohida vazifalarni o’z ichiga oladi bunda boshqarish vazifalari rejalashtirish, tartibga solish, tashkil etish, sozlash, muvofiqlashtirish, nazorat, rag’batlantirish, izlash, faollashtirish, hisob-kitob kabi harakatlar orqali amalga oshiriladi. Boshqarish vazifalarini amalga oshirish uchun ta’lim muassasasida boshqarish apparati tashkil etiladi. Bu asosan boshqarish sub’ekti direktor (rektor) o’z navbatida boshqarish bo’g’inlarini tashkil etadi. Shu bo’g’inlar orqali u boshqarish ob’ektiga ta’sir ko’rsatadi. Bu ta’sir mavjud ob’ekt rivojlanishini tezlashtirishga xizmat qiladi. Yuqorida qayd qilganimizdek, boshqarish sub’ektlar faoliyatining harakatlari majmui bo’lib, alohida-alohida vazifalarni ijro etishdir. Chunki ular rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, sozlash, nazorat, hisob-kitobni o’z ichiga oladi va x.k. Shulardan ayrimlarini ko’rib chiqamiz.
Rejalashtirish boshqarishning modelini, fikriy nusxasini ishlab chiqish demakdir. Rejalashtirish ma’lum sohani rejalashtirish maqsadini va maqsadga erishish vosita, yo’llarini belgilashdir. Bunda amalga oshirilishi lozim bo’lgan talablar ketma-ketligi, bajarish muddati, shakli rejalashtiriladi. Rejalashtirish boshqarishni lozim bo’lgan sohalarini ma’lum ketma-ketlik, sxematik, grafik yoki model tariqasida amalga oshirishi ham mumkin. Ma’lum ob’ektni boshqarishdan oldin uni tashkil etish kerak. Shu asosda boshqarish usulini tanlab olish ham mumkin. Tashkil etish tashkilotchilik faoliyati, ya’ni boshqaruvchi faoliyatini to’g’ri yo’naltirish jarayonini o’z ichiga oladi. Bunda qat’iy intizom, bajarish lozim bo’lgan ishlarni qat’iy ketma-ketlikda tashkil etish muhimdir. Boshqarish bilan bog’liq harakatlarni o’zaro muvofiqlashtirish asosida yuqori natijaga erishishini tashkil etish muhimdir. Bu esa o’z navbatida jarayonga ishtirok etuvchilardan harakat va munosabatlarni ongli va qat’iy tashkil etishni talab qiladi. Shu asosda yagona boshqarish usuli shakllanishi jamoada yakdillikka erishish mumkin bo’ladi. Sozlash - boshqariladigan tizimning turli qismlari, tarkibiy qismlari o’rtasidagi nisbatni saqlash. Shu asosda rejadan chetga chiqmaslikni ta’minlash demakdir. Nazorat qilish ishlab chiqarishdagi rivojlantirilgan ko’rsatkichlarga real o’sish darajaning mos kelishini tekshirishdir. Nazorat asosida rejaga ma’lum o’zgartirish kiritiladi. Tuzatishlar asosida ko’zlangan natijaga erishishni ta’minlash lozim bo’ladi. Hisob-kitob qilish rejani to’la yoki uni ayrim qismlarini qay tarzda bajarilganligini aniqlash, yakunlash demakdir. Shu bilan hisobga olish turli axborotlarni to’plash, ularni tartibga solish, umumiy natijaga erishishni osonlashtiradi. Bu esa boshqaruvda xato va kamchiliklarni oldini olish uchun asos bo’ladi. Kelajakda boshqarishda uzoqni ko’zlagan dastur ishlab chiqish imkoniyatini beradi. Yuqorida sanab o’tilgan boshqarish vazifalari umumiy bo’lib, jamiyatning hamma sohalariga tegishlidir. Jumladan ular pedagogik tizimni boshqarish uchun ham tegishlidir.1 Ammo ular boshqariladigan soha mazmuni va vazifalariga qarab konkretlashtiriladi. Bayon qilingan boshqaruv vazifalari jamiyatning muhim funksiyasi bo’lgan ijtimoiy boshqarishning mazmunini tashkil etadi. Bu maktab-maorif yoki butun ta’lim tizimi uchun ham muhimdir. Shuning uchun ta’lim muassasasida ishlayotgan har bir rahbar o’z faoliyatida ularga amal qilmog’i lozim. Buning uchun bu vazifalarni o’z sohasining xususiyatidan kelib chiqib chuqur anglamog’i zarurdir. Pedagogik tizimda band bo’lgan xodimlarni boshqaruv apparatiga hamda o’quv tarbiya jarayonining qolgan xodimlari-ijrochilarga bo’lish mumkin. Ijrochi xodimlarni ikki guruhga bo’lish mumkin:
a) mutaxassislar (o’qituvchilar, tarbiyachilar);
b) texnik xodimlar (laborant, kotiba, farrosh, elektrik, qorovullar).
Pedagogik tizimda band bo’lgan bu har ikkala guruh xodimlarini to’g’ri tanlash va ularni joy-joyiga qo’yish, undagi boshqaruvning to’g’ri tanlash va ularni joy-joyiga qo’yish undagi boshqaruvning eng qiyin va murakkab masalasidir. Chunki ularning birgalikdagi faoliyati asosida ta’lim-tarbiya islohoti qo’ygan vazifalarni bajarish mumkin.
Ta’lim tizimida uzoq vaqt faoliyat ko’rsatish hamda o’qituvchilar, ta’lim muassasasi rahbarlari malakasini oshirish jihatidan birgalikda ishlash ta’lim tizimini uzoq vaqt boshqarishda texnologik jihatdan yondashish belgilovchi ekanligini ko’rsatdi. Bunda biz boshqarish vazifalarini operatsion-texnologik, ya’ni turli tadbirlarni belgilash va amalga oshirish tarzida amalga oshirishni nazarda tutmoqdamiz. Ayrim hollarda ma’lum vazifalarni belgilashda kishilarning xohish-istaklari, ruxiy xolatlari, munosabatlari e’tiborga olinmay vazifalar belgilanadi. Belgilangan bu vazifalarni aniq kishilar amalga oshiradi-ku, ular o’zaro ma’lum insoniy munosabatlarda bo’ladilar. Bular bir-birini yoqtirish, o’zaro sig’isha olish, hurmat-izzat, hamkorlik, do’stlik, o’rtoqlik yoki yoqtirmaslik, nafrat, xalaqit berish, sig’isha olmaslik va x.k. kabi hissiyotlar tarzida namoyon bo’ladi. Inson faoliyatida uning ruxiy olami doimo ishtirok etadi. Inson robot yoki mashina emas. Shuning uchun ta’lim tizimini boshqarish vazifalarini ikki katta guruhga bo’lish mumkin. Bulardan birinchisi- ishlab chiqarish-ta’lim-tarbiyani tashkil etish, moddiy bazasini yaratish, tashkiliy-pedagogik, ikkinchisi esa ijtimoiy-jamoa a’zolarining ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish, ya’ni ta’lim muassasasida unumli mehnat qilish uchun sog’lom axloqiy-psixologik muhit yaratish, ularda yaxshi kayfiyat va ishga qiziqishni uyg’otish. Ta’lim tizimini boshqarish vazifalariga shu tarzda yondashishni ko’rib chiqaylik. Agar pedagogik jamoada yagona ruxiy va axloqiy sifatlar shakllangan bo’lsa, ziddiyatli vaziyatlarda yanada jipslashish yuz beradi. Nizoli va ziddiyatli vaziyatlar to’lqini yoki zarbasi bunday jamoaga ta’siri hamkorlik, hamfikrlik zarbasiga uchrab parchalanadi. Pedagogik jamoada ham boshqa mehnat jamoalaridagidek kishilar o’zaro birgalikda faoliyat ko’rsatish uchun uyushganda turli maqsadlarni ko’zlaydilar. Bunda ikkita omilni payqash qiyin emas. Tashkiliy va shaxslararo jipslik. Dastlab birlashish uchun omil sifatida ishning maqsadi va mazmuni, sharoiti, natijasi, tashkiliy tomoni va ish xaqi belgilovchi bo’ladi. Bundan keyin esa ishonch-e’tiqod, yoqishlilik, o’zaro hurmat, do’stlik, o’rtoqlik kabi insoniy munosabat kishilarni bir-biriga tortadi. Bular shaxslararo munosabatlarning asosi sifatida darhol emas, balki birgalikdagi faoliyatning ma’lum bosqichining mahsuli sifatida shakllanadi.2
Ta’lim tizimini boshqarish metodlari o’quv yurtining o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda o’qituvchilarga ta’lim-tarbiya berish metodlari bilan ma’lum aloqador bo’ladi. Buning boisi shuki, ular o’qituvchilarni o’quvchilarga puxta bilim berish, ular faoliyatini tashkil qilish, o’qish, o’rganishga qiziqtirishga xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga ular o’rtasida farq ham mavjud. Ularning farqi ta’sir ko’rsatish ob’ektlari bilan bog’liqdir. Boshqarish metodlari sub’ektning boshqaradigan tizimga ta’sir ko’rsatish usullaridan iborat. Bu usullar asosan pedagogik tizimning tashkiliy-psixologik yaxlitligini ta’minlab, o’quv-tarbiya jarayonining sifat va samaradorligini oshirishga yordam beradi. Biz yuqorida ta’lim tizimini boshqarish jamiyatini boshqarishning tarkibiy qismi ekanligini ta’kidlagan edik. Jamiyatni boshqarish ta’lim tizimini boshqarishning umum nazariy asosini tashkil etadi. Bundan tashqari har ikkalasi ham yagona metodologiyaga asoslanadi. Ammo shu bilan birga jamiyatning bevosita moddiy ne’matlar ishlab chiqarish sohalarini boshqarishda operatsion-texnologik metodlar belgilovchi rol o’ynaydi. Ta’lim tizimini boshqarishda ijtimoiy-psixologik metodlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu metodlar shaxsning aql-idrokigagina emas, balki hissiyotlariga ham ta’sir ko’rsatishi, uning o’z-o’zini ro’yobga chiqarishi va o’z-o’zini tartibga solish uchun imkoniyat yaratishni nazarda tutadi. Bu esa o’z navbatida ma’muriy ta’sir ko’rsatishni kuchaytirib, sub’ektning bevosita rahbar aralashuvisiz o’z harakatlarini jamoa talablariga boshqarish talablariga moslashtirishga xizmat qiladi.3
Do'stlaringiz bilan baham: |