Mustaqil odamlar. Mazkur guruh vakillari ijtimoiy tarmoqlarda juda kam — kuniga, haftasiga yoki hatto oyiga bir marta paydo bo‘lishadi. Bunda ular sahifalarda o‘zi haqida unchalik ko‘p ma’lumot qoldirishmaydi, ba’zida umuman yashirishadi. Ular tarmoqqa faqat zarurat tug‘ilgandagina — kimningdir manzili yoki telefonini izlash, muhim xabarga javob berish uchun kirishadi.
O‘tish davridagi kimsalar. “Userlar”ning mazkur guruhi o‘z akkauntlariga tez-tez — kuniga bir martadan ortiq kirib turishadi. Bunda ularga aniq sababning keragi yo‘q — shunchaki guruhlar yoki do‘stlari sahifalarini “varaqlash” xohishi: shu tariqa zerikishni yo‘qotadi. O‘tish bosqichida odamlar odatda taxminan ikki-uch oylab “turishadi”, keyin uchinchi tipga “sakrab o‘tishadi”. Kamdan-kam hollarda ushbu bosqichdan “mustaqil” bosqichga qaytiladi;
Tobe kishilar. Afsuski, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining mazkur tipi eng keng tarqalgan. Bunday kishilar har 10 — 20 daqiqada o‘z sahifalarini yangilab turishni unutmaydi — axir kimdir yozib qolishi mumkin-da! Yuzaga kelgan “hech narsa haqidagi” yozishma bir soatgacha cho‘zilishi va “xo‘jayin”ni reallikdan butkul ayirishi mumkin. Mabodo xabar bo‘lmasa, o‘zini keraksizdek his qila boshlaydi — bu nimasi, hech kim menga yozmayapti! Bu tip vakillari ijtimoiy tarshmoqlarda kuniga kamida 6 — 8 soat o‘tiradi va umrini “onlayn” holatda o‘tkazadi. Uning yoqtirgan tarmoqlarisiz bir yoki ikki kun yashashi nihoyatda mushkul.
Ko‘pincha yolg‘iz kishilar ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib qolishadi — ular shu tariqa o‘zlariga “surrogate” muloqotni hosil qilishadi. Lekin aksar hollarda bu yolg‘izlik soxta va o‘ylab topilgan bo‘ladi — ya’ni odam jisman jamiyatda yashaydi, ammo aslida atrofdagilari bilan muloqot qilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarga quyidagi toifadagilar tez-tez mehmon bo‘lib turishadi: voqea-hodisalarga boy kishilar; tengdoshlari bilan muomala qilolmaydigan o‘smirlar; yosh onalar — “go‘dak uyquda mahal”; shuningdek, o‘ta kirishimli odamlar. Vaqt o‘tishi bilan miyada real va virtual olam o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi va odam do‘stining tug‘ilgan kunida gul va tort bilan smayliklar jo‘natish o‘rniga shunchaki mehmonga borish mumkinligi to‘g‘risida unutadi. Virtual muloqot qaramlar uchun yagona aloqa vositasiga aylanadi va ularni yoqtirgan mashg‘ulotidan internet yo‘qligi kabi favqulodda holatgina ayirishi mumkin. Negaki ular atrofida qiziqarli, jonli, haqiqiy hayot borligini unutishadi! Qolaversa, qaram kishilar uni payqamay qo‘yishadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar tufayli har beshinchi-oltinchi oila barbod bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlar bo‘yicha O`zbekistonda 2022-yilning dastlabki 3 oyi mobaynida 12 mingta ajrim qayd etilgan. Afsuski, bu ajrimlarga sabab bo‘lgan asosiy omillar qatorida ijtimoiy tarmoqlar ham bor.
Ijtimoiy tarmoqlardan yolg‘iz “qutulish” juda mushkul. Nomidan ham bilinib turibdi — tarmoq! Ularda erishsa bo‘ladigandek ko‘ringan imkoniyatlar va qiziqarli narsalar haddan tashqari ko‘p. Shu bois, “jabrlanuvchi”ning yaqinlari qancha erta harakatni boshlashsa, uni haqqoniy hayotga tez va samarali qaytarish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Ko‘pincha tajribali psixologlar ko‘magisiz buni uddalash qiyin.
Bugungi qadar olingan axborot-tahliliy natijalar va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Facebook hozirgi vaqtda dunyoda eng mashhur ijtimoiy tarmoq sifatida yetakchi o‘rinda bormoqda. Bugungi kunga kelib, Facebook tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tganlar soni bir necha milliard kishidan ortganligi ma’lum qilingan. Undan keyingi o‘rinlarni esa Twitter, Instagram, LinkedIn, Google+, Pinterest, Snapchat, YouTube, Reddit, WhatsApp, Flickr, Weibo egallab kelmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatimiz qo‘lga kiritayotgan olamshumul yutuqlarni jahon media makonida keng targ‘ib qilish hamda inson ma’naviyatini har tomonlama yuksaltirishga xizmat qiladigan juda ko‘plab ma’lumotlar yoritib borilmoqda. Shu bilan birga, milliy mentalitetimizga raxna soluvchi turli ig‘volar, g‘iybatlar, milliy madaniyatlarning kushandasi bo‘lgan – “ommaviy madaniyat” niqobidagi tahdid va boshqa illatlar xavf solishi hamon davom etmoqda.
Inson ongi, qalbi va ruhiyatiga tazyiq o‘tkazishga harakat qilayotgan g‘arazli kuchlar axborot xurujlarini amalga oshirishda eng ta’sirchan vositalar sifatida internet tizimi va ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanishmoqda. Ayni paytda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan milliy ma’naviyatimizga hamda muqaddas dinimizga yot g‘oyalar va axborot xurujlarining, diniy e’tiqod erkinligimizga qarshi ma’nbalarning yoshlar tomonidan qabul qilinayotganligi va uning oqibatlari kishini tashvishga solmoqda.
Qayd etish joizki, “ommaviy madaniyat” namoyon bo‘lish xususiyatlariga ko‘ra, til, din, e’tiqod, irq, makon, xalq va millat tanlamaydi. U jamiyatning madaniy va estetik qadriyatlariga raxna solish orqali ijtimoiy munosabatlarda insonparvarlik tamoyillarini buzadi. Zero, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda, albatta, barchamiz media xavfsizlik haqida, G‘arb davlatlari olib borayotgan mafkuraviy kurash turlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishimiz va buni yoshlarga o‘rgatishimiz lozim.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali inson ongi va dunyoqarashini, e’tiqodini o‘zgartirish maqsadida g‘oyaviy, mafkuraviy ta’sir o‘tkazish, dizinformatsion axborot tarqatish, missionerlik va przelitizm kabi holatlar, ayniqsa, hushyorlikni talab etmoqda. Axborot xurujida inson ongi, millat ruhiyati nishonga olinadi. Aslini olganda, axborot xurujlarini amalga oshirishda, avvalo, inson ongi va qalbini zabt etish orqali mafkuraviy ta’sir o‘tkazish g‘oyasi yotadi. Mazkur holat davlatlarning barqarorligiga raxna solib, millatning tarixan shakllangan qadriyatlari, uning o‘ziga xosligi, millat va xalq sifatida yashab qolishini xavf ostiga qo‘yadi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida namoyon bo‘layotgan yovuz va buzg‘unchi g‘oyalar ta’sirini o‘z vaqtida anglash, ulardan doimo ogoh bo‘lish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini har bir yurtdoshimiz, birinchi navbatda, yosh avlod vakillari chuqur anglab yetishlari lozim bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |