1.2. Ta’lim tizimining milliy va umuminsoniy tamoyillari
Insoniyatning global muammolari, aholi sonining o`sishi va taraqqiyot, sog`lom turmush tarziga o`rgatish, ahloqiy qadriyatlarni va faol fuqaroni tarbiyalash kabi muhim masalalar shu kunning dolzarb vazifalaridir. Bu masalalarnn yechishda asosiy kalit bu – ta’limdir. Ta’lim – kelajakni qurishda jamiyatda mavjud eng samarali vosita sanaladi. Ta’lim barcha muammolarning yechimlarini topa olmaydi, ammo u muammolarni yechishga qaratilgan barcha harakatlarning ajralmas qismi bo`lishi lozim. Bunda jamiyatning barcha sohalarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, barchaga sog`lom va mazmunli hayot kechirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, hammani birdek atrof-muhitni muhofaza qilish va axborot bilan ta’minlash masalalari birinchi galdagi vazifalardir.
Bu kabi vazifalarni hal etish uchun ta’lim tizimida uzluksizlikka erishmoq muhimdir. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi hamda oliy va o`rta maxsus ta’lim tizimlarining, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimlarining uyg`unligini ta’minlash zarur. Bu borada, mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan xalq ta’limi tizimida barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni shakllantirish va ta’lim berish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuning uchun farzandlarimiz bugungi kunda puxta bilim olish uchun yetarli imkoniyatlarga egalar.
Farzandni tarbiyalash, unga ilm berish, kasb o`rgatish qadimdan eng mas’uliyatli vazifa sanalgan. Odob-axloq, yoshi ulug`larga hurmat, mehr-oqibat, oilaga, kindik qoni to`kilgan zaminga sadoqat fazilatlarini kamol toptirish bola tarbiyasida eng muhim jihatlardan hisoblangan.
Ta’lim – tarbiyani yosh avlodga singdirishda ta’lim muassasalari samarali faoliyat olib borishmoqda. Ta’lim tizimining qayta isloh qilinishi davlat tomonidan bilimli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga katta e’tibor berayotganligini ko`rsatadi.Buninig yorqin isboti sifatida 1997 yil 29 avgustda Oliy Majlisning 9-sessiyasida qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ni keltirishimiz mumkin. Ushbu dasturning vazifasi mazmun – mohiyati jihatidan barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan. Maktab ta’limini rvojlantirish Davlat umummilliy dasturi qabul qilingach, ushbu dasturning ijrosi uchun 1,5 trillion so`m, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ni rivojlantirish uchun esa 1997 yildan boshlab to hozirga qadar 2 trillion 368 milliard 730 million so`m mablag` sarflandi. Bu esa o`z navbatida, har tomonlama yetuk, bilimli kadrlar tarbiyalashga zamin yaratadi.
Keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tibor ham kuchaygan. Buni biz 2010-yilga nisbatan sport zallarining 1,5 baravardan ziyodroq ko`payganida ko`rishimiz mumkin. Bu esa yoshlarimizning jismonan sog`lom bo`lib ulg`ayishini ta’minlamoqda. Sportning turli yo`nalishlari bo`yicha O`zbekiston, Osiyo va Jahon chempionlari yetishib chiqmoqda.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, O`zbekistonda ta’lim sohasida samarali ishlar qilinmoqda. Bu esa O`zbekiston miqyosida ta’lim – tarbiya sohasiga va yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashga berilayotgan juda katta e’tibordir.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo`nalishiga aylandi. “Ta’lim to`g`risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida farzandlarimizni bilimli, yuksak salohiyatli, jismonan, ruhan va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalashning yaxlit mexanizmi shakllantirildi.
Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida bunyod etilayotgan zamonaviy o`quv maskanlarida yoshlarning chuqur bilim olishi, kasb egallashlari uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Ta’lim jarayoni tubdan o`zgarmoqda. Har bir o`quvchining qiziqishi, qobiliyati, bilim olish salohiyati inobatga olingan holda, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik usullar asosida yondashilmoqda. Bundan ko`zlangan asosiy maqsad – yoshlarni shaxs sifatida shakllantirish, ongini o`stirish, dunyoqarashini boyitishdir. Zero, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, ularda e’tiqod, Vatan tuyg`usini kamol toptirish tarbiyaning ustuvor yo`nalishlaridandir.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, yoshlarimizning ma’naviy olamida bo`shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog`lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg`usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur.
Ayni shu vazifa biz, maorifchilardan katta mas’uliyat va mahoratni talab etadi. Bugun shiddat bilan o`zgarib borayotgan murakkab zamonda, globallashuv davrida yashamoqdamiz. Yuksak texnologiyalar rivojlanib, inson tafakkuri boyib bormoqda, axborot almashish tez sur’atlarda rivoj topayotir. Hozir yer yuzining qaysi burchagida qanday voqea ro`y bergani haqida zum o`tmay xabar topish imkoni bor. Ana shunday hodisalar va tarqalayotgan axborotlarning mamlakatimiz hayotiga, turmush tarzimizga ta’siri yo`q, deb bo`lmaydi.
Bu jarayonlar mafkuraviy ta’sir o`tkazishning o`ziga xos quroliga aylanib borayotgani ham sir emas. Turli siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlarini ko`zlab amalga oshirilayotgan bunday harakatlar biz tarbiyalayotgan yosh avlodga salbiy ta’sir o`tkazishi, farzandlarimiz orasida nosog`lom muhitni keltirib chiqarishi mumkinligi har birimizdan doimo ogoh va hushyor bo`lishni talab etadi.
Bugun yoshlarimiz uchun axborot maydoni tobora kengayib bormoqda. Ular o`quv dargohlarida bilim olish bilan birga, radio, televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali dunyodan muntazam xabardor bo`lib turish imkoniyatiga ega. Bu yoshlarimiz ongini zaharlashga qaratilgan turli ma’naviy tahdidlar, axborot hurujlarining xavfi ortib borayotganidan darak beradi. Albatta, buni o`qima, uni ko`rma, bundan foydalanma, degan bir yoqlama qarashlar bilan farzandlarimizni bunday tahdidlardan asrash qiyin. Qolaversa, bu ta’lim-tarbiya tizimiga ham, bugungi zamon talablariga ham mos kelmaydi. Yurtimiz kelajagi bo`lgan yoshlarni o`z qobig`iga o`ralib qolgan holda emas, balki umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o`zlashtirgan komil insonlar etib tarbiyalash muhim vazifamizdir.
Yoshlarimizda biz uchun mutlaqo yot bo`lgan, ma’naviy va axloqiy tuban illatlar asosiga qurilgan, bashariyatning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga tahdid soladigan “ommaviy madaniyat”, aqidaparastlik va boshqa g`arazli kuchlarga qarshi turish ko`nikmalarini shakllantirishni ta’lim-tarbiya jarayonining muhim bo`g`iniga aylantirish bu borada har tomonlama samarali yo`ldir. Ayni paytda yoshlarga puxta zamonaviy bilim berish barobarida, ularni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, boy tariximizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o`z navbatida, yosh avlod milliy o`zligimizni chuqur anglashi, zamon bilan barobar qadam tashlashi, o`z fikriga ega, irodali va fidoyi insonlar bo`lib ulg`ayishi uchun muhim asos bo`ladi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so`ng , barcha sohalarda islohotlar amalga oshirila boshlandi. Chunki, kishilar ongida yillar davomida qotib qolgan totalitar tuzum, boqimandalik kayfiyatidan qutulish kerak edi. Zero, mamlakat mustaqilligi har bir fuqarodan mustaqillik, tashabbusni, yangicha dunyoqarashni talab etadi. «Eski qolipda, mustabid davrda yozilgan darsliklardan foydalanib, eski mafkuradan xalos bo`lmasdan bolalarimizni yangicha fikrlashga o`rgata olmaymiz»20. Shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatimizdagi islohotlarning tub mohiyati bevosita shaxs erkinligiga qaratilgan va umumbashariy andozalar bilan uyg`un holda amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda ta’lim-tarbiya jarayoniga kirib kelayotga yangilanishlar uning mazmuni, tuzilishi, usullarini qayta ko`rib chiqish, mukammallashtirish zaruratini bildiradi. Jumladan Oliy ta’lim sohasi ham bundan mustasno emas. Hozirgi kunda Oliy ta’lim tizimida keng qo`llanilayotgan modul tizimi, reyting asosida baholash, yangi pedagogik texnologiyalar, test sinovlari shular jumlasidandir.
Ta’lim-tarbiya jarayoni yoshlarimizni ma’naviy jihatdan yuksaltiruvchi asosiy omil hisoblanadi. O`zbekistondagi ta’lim sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar ham yoshlarimizni jamiyatga qo`shilib borishlarida uni rivojlantirishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim tarbiya jarayoni orqali jamiyatdagi holat, dunyoning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy manzarasi haqida o`qitib, o`rgatib boriladi. Ta’lim sohasini rivojlantirib borish, bilimli, ilm-fanga qiziquvchi yoshlarni ko`payishi to`g`ri yo`ldan og`ishmay borishning asosi hisoblanadi. Ammo ba’zi ta’lim tizimidagi muammolarni ham mavjudligini aytish lozim. Ta’lim tizimining moddiy-texnik ba’zasini yaratish uchun tinimsiz, uzluksiz, mablag` ajratilib, sarflanyapti. Ammo hali laboratoriya, internet, kompьyuterlashtirish, binolarni to`liq ta’mirlash ishlari to`liq yechimini topgani yo`q. Shu bilan birgalikda mutaxassis kadrlar muammosi ham mavjudligini aytish lozim. Bu holat ta’limning sifatiga ta’sir ko`rsatadi. Globalizatsiya jarayonida ishtirok etuvchi yoshlarni bo`layotgan jarayonlarga ijodiy yondashishida, mulohaza qilishida ta’limning o`rnini beqiyosligini ko`rib turibmiz. Qolaversa global muammolar yechimini topishda eng asosiy yechim manbai ham ta’limdir.
Ta’lim-tarbiya barcha zamonlarda barcha millat va xalqlarni o`zaro yaqinlashtiruvchi, birlashtiruvchi omil bo`lib kelgan. Insoniyat ongida dunyoni bilish, uni yana va yana kashf etish, bu orqali esa «o`z»ligini anglashga intilish hissi kuchli bo`lgan. Bunga esa faqat ilm, ma’rifat bilangina erishilib kelingan. Erishilgan yutuqlar natijasida insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi bosqichlariga qadam qo`ydi. Zero, qadimgi davrda g`orlarga chizilgan ilk san’at namunalaridan tortib, o`rta asrlardagi yirik yozma va tasviriy san’at asarlarigacha, hamda buyuk geografik kashfiyotlar, uyg`onish davridan tortib, bugungi kunimizdagi turli kashfiyotlarning barcha-barchasi bevosita ilm, ma’rifat, tafakkur mahsulidir.
1992- yilda mustaqil O`zbekistonning «Ta’lim to`g`risida»gi Qonunining qabul qilinishi ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarning debochasi bo`ldi. Bu qonunning asosiy vazifalaridan biri – sobiq ittifoq mafkurasidan xalos bo`lish va uning o`rnini yangi dunyoqarash bilan to`ldirish hamda jahon andozalariga asoslangan ta’lim tizimini yaratishdan iborat edi. Aytish mumkinki, ushbu qonun o`z oldiga qo`ygan maqsad va vazifalarni bajara oldi.Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, yangi ijtisosliklar, mutaxassisliklar, oliy o`quv yurtlari tashkil etildi (davlat va jamiyat qurilishi, harbiy, ichki ishlar, soliq, bank-moliya akademiyalari, jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Navoiy kon-metallurgiya instituti va b.). Joylarda maktablarga va o`qituvchi-murabbiylarga, ularni moddiy va ma’naviy rag`batlantirish, yordam berish masalalariga e’tibor ancha kuchaytirildi. Maktab sohasida «Ta’lim haqida» qonun qabul qilindi.1996-1997-o`quv yilidan boshlab maktablarning birinchi sinflarida o`qish yangi alifboda olib borildi.
Ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar ham «o`zbek modeli» deb nom olgan islohotlar siyosatining asoslari bo`lmish besh tamoyilning biridagi islohotlarni bosqichma-bosqich o`tkazish tamoyiliga asoslanadi. Ta’lim-tarbiya borasidagi islohotlar bosqichlari quyidagicha:
- birinchi bochqich – o`tish davri, u 1997-2001 yillarni o`z ichiga oldi. Bunda kadarlar tayyorlash tizimi salohiyatini saqlab qolish, uning rivojlanishi uchun huquqiy-me’yoriy, ilmiy-metodik, moliyaviy-moddiy shart-sharoitlar yaratishga qaratildi;
ikkinchi bosqich – 2001-2005 yillarni o`z ichiga olib, unda asosiy e’tibor, Milliy dasturdagi vazifalarni keng miqyosda amalga oshirilishiga qaratildi;
uchinchi bosqich – 2005 va keyingi yillarga mo`ljallangan bo`lib, unda to`plangan tajribalarni tahlil etish va umumlashtirish asosida o`zgaruvchan ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni e’tiborga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish ustuvor maqsad hisoblanadi.
O`zbekiston ta’lim tizimida test sinov usulining qo`llanilishini nazarimizda, mazkur tizimdagi o`ziga xos inqilob bo`ldi deyish mumkin. Mamlakatimiz rivojlangani sayin, zamon shiddati uning oldiga yangi talab va maqsadlarni qo`ya boshladi. Birinchi Prezident Karimov I.A. tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangi «Ta’lim to`g`risida»gi Qonun (1997-y. 29.08) hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning qabul qilinishi kelajakda mamlakatimizni yuksak malakali va saviyali, yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash imkonini yanada kengaytirdi. Bu bilan mamlakatimiz aholisining 65% ini tashkil qiluvchi yoshlarga bo`lgan diqqat e’tibor yanada kuchaydi. Shu bilan birga, axborot, intellektual salohiyat asri hisoblanayotgan XXI asr shiddatidan mamlakatimiz yoshlari ham chetda qolmasligiga, aksincha, zamon bilan hamnafas, hamqadam bo`lishlariga turtki bo`ldi. Islohotlar ko`zlangan samarani berishini ta’minlash maqsadida, 1997-yil mart oyida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan maxsus hukumat komissiyasi tuzildi. Unga tegishli vazirlik va idoralar, olim-u mutaxassislar jalb etildilar.
Ta’lim-tarbiya tizimiga bunday yondoshuv negizida bevosita shaxs shakllanishi ham alohida e’tiborga molik hodisadir. «Ta’limning yangi modeli jamiyatda mustaqil fikrlovchi erkin shaxsning shakllanishiga olib keladi. O`zining qadr-qimmatini anglaydigan, irodasi baquvvat, iymoni butun, hayotdaaniq maqsadga ega bo`lgan insonlarni tarbiyalash imkoniga ega bo`lamiz. Ana shundan keyin ongli turmush kechirish jamiyat hayotining bosh mezoniga aylanadi. Shunda odam olomon bo`lib, har lahzada serkaga ehtiyoj sezib emas, aksincha – o`z aqli, o`z tafakkuri, o`z mehnati, o`z mas’uliyati bilan, ongli tarzda, ozod va hur fikrli inson bo`lib yashaydi. Bunday odamlar uyushgan jamiyatni ular barpo etgan ma’naviy-ruhiy muhitni soxta aqidalar, baqirik-chaqiriqlar, havoyi shiorlar bilan aslo buzib bo`lmaydi. Ularni o`zlari aql-idrok va qalb amri bilan tanlab olgan hayotiy maqsadlardan chalg`itib bo`lmaydi»21.
Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimi bilan bog`liq huquqiy baza yaratilgan va bu keyingi yillarda o`z natijalarini ko`rsatmoqda. O`zbekiston yoshlari rivojlangan mamlakatlar yoshlari bilan bir qatorda, tengma-teng dunyoning yirik o`quv yurtlarida tahsil olishmoqda. Mamlakatimiz o`quv yurtlari chet el o`quv yurtlari bilan uzviy hamkorlikni yo`lga qo`ygan, o`zaro tajriba va talaba almashish izchil davom etmoqda. Eng asosiysi, ikkala tomon ham bu hamkorlikdan birdek manfaat ko`rmoqda. O`zbekiston talabalarining ilmiy ishlari xorij mutaxassislari tomonidan ijobiy baholanmoqda. «Mahalla», «Kamolot», «Sog`lom avlod uchun», «Nuroniy», «Ulug`bek», «Iste’dod» kabi nodavlat-notijorat jamg`armalari ham bu borada o`tgan yillar mobaynida o`z oldiga qo`ygan maqsad va vazifalarni bajarib kelmoqda.
Mamlakatimiz talabalarining salohiyati, iqtidori hukumat tomonidan ham muntazam kuzatib boriladi. Talabalarni rag`batlantirish, ularga qo`shimcha kuch bag`ishlash maqsadida o`quv yurtlari va hukumat tomonidan turli yo`nalishlarda maxsus stipendiyalar, imtiyozlar joriy etilgan. Oliy o`quv yurtlarida «Yosh olimlar» klublari va axborot resurs markazlari faoliyat ko`rsatmoqda. Shu o`rinda aytish kerakki, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan va hozirda davom etayotgan ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlar o`qituvchi, murabbiylardan ham yuksak ma’naviyat, bilim, doimiy izlanishni talab etadi. Bu esa o`z navbatida, umumiy samaraning yuqori bo`lishini ta’minlaydi. Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, o`quv yurtlari talabasi bo`lishni istovchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Zero, islohotlar ko`lami keng miqyosda va jadallik bilan olib borilmoqda. Shu bilan birga, bu islohotlarning davlat siyosati darajasida ko`rilishi ta’lim-tarbiyaning mamlakat taraqqiyotidagi o`rnining nechog`lik muhim va dolzarb vazifa ekanligini belgilaydi. Birinchi Prezident I.Karimov mazkur sohadagi islohotlar samarasini ijobiy ma’nodagi «portlash effekti» deb atagan edi. Hozirda bu «portlash» yuz berdi deb bemalol aytish mumkin. «Ma’lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo`lmish ilmu ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti deb bilgan. Albatta, ta’lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya’ni xalq ma’naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta’lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o`zgartirmasdan turib, ma’naviyatni rivojlantirib bo`lmaydi»22. Chunki ta’lim davrlar o`rtasida aloqa o`rnatib hamda avlodlar vorisiyligini ta’minlab, keng tafakkur, yuqori ma’naviyat, ma’lum maqsadga erishishda o`z imkoniyatlarini hisobga oluvchi va unga ishonuvchi to`laqonli shaxsni shakllantirish vazifasini bajaradi.
Yuqoridagilarga qo`shimcha qilib, ta’kidlash lozimki, ta’lim-tarbiyaning muhim ahamiyatli jihati shuki, u orqali inson nafaqat muayyan bilim va ko`nikmalarga ega bo`ladi, balki madaniyatli, ziyoli, jamiyatdagi o`zgarishlarni chuqur his qiluvchi va uning oldingi qatorlarida turuvchi erkin shaxs shakllanadi. Yoshlar ta’limi va tarbiyasi sohasida o`tkazilgan va o`tkazilayotgan islohotlar xalqimizga yot ta’sirlarga berilmaydigan, har tomonlama rivojlangan, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalanayotgan, O`zbekistonning buyuk kelajagini jamiyatimizning bugungi kuniga aylantirishga qodir yoshlarni tarbiyalashga ta’sir ko`rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |