II.BOB. Fitrat sheriyatining g'oyaviy-badiiy xususiyatlari
11.1. Abdurauf Fitrat - iste'dodli shoir.
Shoir mamlakat uchun g’oyat muhim va mashaqqatli bo'lgan kunlarda tarixdan, ota-bobolar ruhidan najot izlaydi. U o'zining nasriy she'rlaridan birini monolog shaklida yozib, unda shon-sharafli Temur qabriga madad so'rab boradi, turkiylarning buyuk sarkardasi, markazlashgan davlatning ulug’ tashkilotchisidan imdod so'raydi: “ Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o'rtangan jonim uchun bu sag’anangdan davo izlab keldim, hoqonim! Yuz yillardan beri jafo ko'rib, g’am chekib kelgan qonli ko'z yoshlarim etaklaringga to'karga keldim. Qorong’ular ichra yog’dusiz qolgan o'zbek ko'zlari uchun tuprog’ingdan surma olgani keldim. Nomusini bad kishilarning oyog’lari ostinda ko'rib, turklik qoni qaynag’ay, musulmonliq hamiyati toshgay, tamug’ (do'zax) olovlari kabi sachragay. Lekin o'z kuchsizligini anglab, qaytib o'tirgan va qon yig’lagan turklik holini arz etarga keldim, hoqonim!” (“ Hurriyat ”, 47-son). Atoqli olim, professor Naim Karimov o'zlarining “Fitratning shaytonga isyoni” nomli maqolalarida Fitratning topilmagan “Temur sag’anasi” nomli dramatik asarini topishda, tiklashda, hech bo'lmasa g’oyaviy-badiiy tendensiyasini aniqlashda «Yurt qayg’usi” degan umumiy nom ostida chop qilingan uch qismdan iborat mana shu nasriy she'rlar zamin, manba vazifasini o'tashi mumkinligini qayd qiladir11. Bu qarashni Hamid Olimjonning 1936-yilda yozilgan “Fitratning adabiy ijodi haqida” maqolasi ham quvvatlaydi. Unda shunday fikr bor: “Muallif Temur sag’anasiga borib, o'z fojiasini aytib yig’laydi: “Hoqonim, ezilib, talangan, talanib yiqilgan, yiqilib yaralang’an turk elining bir bolasi sendan ko'mak istarga keldi. Bog’lari buzilg’an, gullari so'lg’an, bulbullari uchirilg’an Turonning bir qorovuli senga arz etarga keldi ”. Fitrat dramasidan olingan parcha ham pafosi, sintaktik tuzilish, badiiy-tasviriy vositalari bilan she'rga o'xshab ketadi. Bu esa «Yurt qayg’usi” ma'lum dramaning yaratilishga asos bo'lgan bo'lishi mumkin degan taxminni quvvatlantiradi.
Fitratning vatanparvarlik mavzuidagi chuqur mazmunli, yuksak badiiyatli she'rlaridan yana biri “Sharq”dir. Unda o'lkaning yaxlit, umumlashma obrazi chiziladi. Sharq, shoir ta'rficha, dunyoning eng go'zal bog’chasidir. Uni go'zallikda hech bir joy bilan qiyos etib bo'lmaydi. Jannatlar uning atrofida. Uning gullari jon suvidan etilgan. Saf tortgan ko'm-ko'k yog’ochlar mumtozlik haqqi uchun tangriga topinishga ko'kka intiladilar. O'ngdan, so'ldan. Har yondan ko'rkam haybatli tog’lar qurshagan. Yo'q, ular tog’lar emas, haq yo'lida kurashga yasov tortgan alp askarlardir. Biror yovvoyi hayvon yirtqich tishini, tirnog’ini suqib qolmasin deya. Uni Tangrining o'zi yorlaqab, tegrasidan aylangan suv, muz, tog’ qo'rg’oni bilan muhofaza etadi. Ammo she'r faqat vatan ta'rifidan iborat emas. Shoir mana shu go'zal manzarani she'rning keyingi qismida ifoda etilajak tanazzul manzaralariga kuchli qarshilantiradi:
Biroq bu kun esizlarkim, bu o'lka Har tomondan talanmishdir yo'lsizcha.
Madaniyat degan G’arbli olbosti Boqing, buning ko'kragidan o'q bosdi.
Mana, go'yo shiddatli bir dovul kelganu, bundagi go'zallikni barbod qilgan. Bu dovulning ismi - madaniyat. Nega “madaniyat”? Madaniyat hayotning mazmuni bo'lishga qaratilgan emasmi? Gap nomda emas, mohiyatda. 1917-yil Oktyabr inqilobi xalq uchun, xalqning nomidan amalga oshirilgan edi. Oqibati-chi? Insondagi insoniylik barbod bo'lib, yovvoyilik, yovuzlik junbushga keldi. Odamzod bir-birini yo'q qilishga tushdi. Hayvondan xor bo'ldi. Bu inson emas, iblis (olbosti - alvasti) a'molidir. O'lkaning ko'ksiga o'q qadagan o'shadir.
Shoirning fikrlash tarzi - shunday.
Do'stlaringiz bilan baham: |