Ikki tomonlama hisob registrlari deb xo‘jalik muomalalarini aks ettiradigan grafalar varaqning turli tomonlarida (debet qismi varaqning chap tomonida, kredit qismi esa varaqning o‘ng tomonida) joylashgan registrlarga aytiladi. Bularga tovar-moddiy boyliklarni hisobga olish kartochkalari misol bo‘ladi.
Ko‘p grafali registrlarda bir tomonida (odatda debet tomonida) bir necha kolonkalar bo‘ladi (xarajatlarni moddalar bo‘yicha hisobga olish daftarlari yoki kartochkalari).
Shaxmatli registrlar – bu kataklarga bo‘lingan registrlardir. Bunday registrlarda yozuvlar kolonkalar va satrlarning kesishgan joyida amalga oshirilib, bir vaqtning o‘zida schotning debeti va krediti bo‘yicha aks ettiriladi (jurnal-orderlar, bosh daftar va boshqalar).
Chiziqli hisob registrlarida bir xil axborotlar bitta satr bilan yoziladi. Masalan, hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblar vedomosti tegishli sintetik schotni hisobdor shaxslarning nomlari bo‘yicha zarur miqdordagi analitik schotlarga bo‘lish imkonini beradi. Hisobning avtomatlashtirilgan shaklida hisob registrlari sifatida natijaviy ma’lumotlarni alfavit tartibda belgilashga mo‘ljallangan mashinogrammalar qo‘llaniladi. Analitik hisob mashinogrammalarida analitik schotlar bo‘yicha sistemalashtirilgan dastlabki hujjatlarning ma’lumotlari, zarur vaqtlarda esa xarajat moddalari bo‘yicha korrespondensiyalanuvchi schotlar ko‘rsatilgan holda aks ettiriladi. Bunday mashinogrammalar jurnal-order shaklida qo‘llaniladigan vedomostlar o‘rnini bosadi. Ular hisob yuritish, nazorat va xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish hamda hisobotlar tuzish uchun kerakli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Buxgalterlik yozuvlarni hisob registrlariga sifatli yozish hisobning aniqligini oshirishning muhim shartidir. Yozuvlar hisob registrlariga qo‘lda (siyoh yoki sharikli ruchka pastasi bilan) yoki yozuv mashinkasi yordamida yoziladi.
Hisob registrlariga yoziladigan yozuvlar: hujjat bilan asoslangan, o‘z vaqtida, qisqa, aniq va tushunarli bo‘lishi lozim. Bu talablarga rioya qilish korxona faoliyatini joriy nazorat va iqtisodiy tahlil qilish uchun zarur ma’lumotlarni hisob registrlaridan olishga imkon beradi.
Hisob registrlariga yozilgan yozuvlar to‘g‘risida shu registrlarga yozish uchun asos bo‘lgan dastlabki hujjatlarning jami ma’lumotlari bilan taqqoslanadi. Masalan, kassaga bankdagi hisob-kitob schotidan olingan yoki kassadan hisob-kitob schotiga topshirilgan summalar to‘g‘ri aks ettirilganligini tekshirish uchun 1-ASK jurnal-orderi vedomost qismining jami 2-ASK jurnal-order jami bilan, 2-ASK jurnal-order vedomost qismining jami 1-ASK jurnal-order jami bilan solishtirib ko‘riladi. Hujjatlarni tuzishda va ishlashda hamda hisob registrlariga yozishda har xil xatolarga yo‘lqo‘yilishi mumkin (raqamlarni yozishda aniqlash, jamlashda va korrespondensiyalanuvchi schotlarni yozishda xato qilish).
Hisob jarayonida ayrim paytlarda xatolar uchraydi va ularni o‘z vaqtida tuzatish zarur. Xatolarni topish uchun yozuvlarni tanlab yoki yoppasiga tekshirish usullari qo‘llaniladi. Yozuvlardagi xatolar har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, hujjatlarda va hisob registrlarida matn yoki summa noto‘g‘ri yozilgan, natural yoki qiymat ko‘rsatkichlarini jamlashda xatoga yo‘l qo‘yilishi, xo‘jalik muomalalarini aks ettirishda schotlar korrespondensiyasi noto‘g‘ri tuzilishi, yozuvlar tegishli bo‘lmagan boshqa registrlarga yozilgan bo‘lishi mumkin va h.k. Aniqlangan barcha xatolar hisobot tuzilgunga qadar tuzatilishi lozim. Hisob registrlaridagi xatolarni tuzatishda xatoning xususiyati va aniqlangan vaqtiga qarab quyidagi usullardan birortasi qo‘llaniladi: korrektura, qizil storno va qo‘shimcha yozuv.
Do'stlaringiz bilan baham: |