Bo`lishli va bo`lishsiz fe’llar
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiq yoki inkor tushunchasi fe’ldagi bo`lishli va bo`lishsizlik ma’nosini anglatadi.
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiqni anglatuvchi fe’llar bo`lishli fe’l deyiladi. Fe’ldagi bo`lishlilik ma’nosini ifodalovchi maxsus grammatik ko`rsatkich yo`q: o`qi, eslat, qolgan, borsa, aytib bergan, o`qib chiqdi, hurmat qil kabi. Masalan: Ona so`zining o`zi har yurakka jarangli sado beradi (Hikmatlar guldastasi). O`z burchini bajarishdan mamnun odamligina erkin yashaydi (Tafakkur gulshani).
Ish-harakatning bajarilishi haqidagi inkorni anglatuvchi fe’llar bo`lishsiz fe’l deyiladi. Bo`lishli fe’l bo`lishsiz fe’lni hosil qilish uchun asos bo`ladi. Fe’lning bo`lishsiz shakli quyidagicha yasaladi:
1. Fe’l negiziga –ma (bu affiks urg`u olmaydi), -may, -mas, -masdan, -maslik affikslarini qo`shish: ko`rmadi, kelmagach, bajarmadi, yoqmas, avaylamasdan, o`smaslik kabi.
Ko`rinadiki –ma elementi –may, -mas, -masdan, maslik affikslarining tarkibida uchraydi. Bu affikslar sof fe’lga va fe’l shakllariga (sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi) qo`shilib inkor ma’nosini ifodalashda asosiy morfologik ko`rsatkich sanaladi. Masalan: G`ulomjon darpardasi yonidan qalin qorni g`irchillatib o`tgan dupurni ham eshitmadi. (M.Ismoiliy). Tog` arqon bilan eshilmaydi (M.Qoshg`ariy). Mehnat qilmagan rohat ko`rmas (O`zbek xalq maqoli). Uydagilarga aytmasdan do`sti bilan Qudratnikiga ketibdi. Kasal tabib kasalni davolay olmas (Abu Ali ibn Sino). Bu voqeani ko`rmaslik uchun bolalar ko`zlarini chirt yumdilar.
-ma, -may affikslari qo`shma fe’llarga quyidagicha qo`shiladi:
a) asosiy qismga yetakchi fe’lga qo`shiladi: eshitmay qoldi, uxlamay chiqdi, ko`rmay qoldi kabi;
b) ko`makchi fe’lga qo`shiladi: sotib olmadi, javob bermadi, o`qib chiqmadi kabi;
d) qo`shma fe’lning har ikala qismiga qo`shiladi: aytmay qo`ymaydi, bormay qolmaydi. Bunday holda bo`lishsiz shakl orqali bo`lishlilik ma’nosi anglashiladi, ya’ni aytadi, boradi kabi.
Masalan: Buvijonimning aytishicha, astoydil yaxshi niyat qilgan odam murodi maqsadiga etmasdan qolmas ekan (X.To`xtaboev).
Eslatma: ravishdoshning –gani (-kani, -qani) affikslari bilan yasalgan shakliga bo`lishsizlik ifodalovchi affikslar qo`shilmaydi.
2. Fe’lning ayrim sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi shakllaridan so`ng emas, yo`q so`zlarini kiritish bilan bo`lishsiz fe’l hosil qilinadi: hayratlangan emas, boradigan emas, egib emas, tinchigani yo`q, ishonish emas kabi. Masalan: Lekin ularning nima o`qiganini ko`rgan ham, qanday o`qiganini eshitgan ham emas (P.Tursun).
3. Na inkor yuklamasini uyushiq bo`lak sifatida qo`llangan bo`lishi fe’ldan oldin keltirish bilan bo`lishsiz fe’l hosil qilinadi. Masalan: Keksa cholning kesatiq gapidan u dong qotib qoldi: na o`tirdi, na ketdi (A.Qodiriy).
4. Ba’zan ohang va fe’lga yuklamani (-mi, -a, -ya) qo`shish hamda fe’lni takrorlash orqali bo`lishsizlik ma’nosi ifodalanadi: oladi-ya oladi (olmaydi); aytasan-a, aytasan (aytmaysan).
Masalan: Bolasi tushmagur-ey, chumchuqning uyasini buzib rohat toparmidi? (G`ayratiy). «Katta bo`lsam, akamga o`xshab, albatta komandir bo`laman», - dedi Sobir. Bo`lasan-a, bo`lasan. Komandir bo`lishga yurak kerak... (H.Nazir).
Fe’l o`ziga xos morfologik belgilarga ega, ya’ni:
1) ish-harakatning predmetga (to`ldiruvchiga) munosabati fe’ldagi o`timli va o`timsizlik ma’nosini hosil qiladi: o`qimoq, yozmoq - o`timli fe’l; o`tirmoq, chiniqmoq - o`timsiz fe’l;
2) ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiq yoki inkorni anglashilishiga ko`ra fe’llar bo`lishli va bo`lishsizlik ma’nosini bildiradi: ayt – bo`lishli, aytma – bo`lishsiz; bilgan – bo`lishli, bilgani yo`q – bo`lishsiz fe’l;
3) ish-harakat bilan uning bajaruvchisi, obyekt va subyektlar orasidagi munosabat nisbat ma’nosini hosil qiladi: kiydi - aniq nisbat, kiyindi - o`zlik nisbat, kiyildi - majhullik nisbat, kiydirdi – orttirma nisbat;
4) ish-harakatning voqelikka munosabati mayl ma’nosida aks etadi: bordi, bormoqda, bormoqchi - aniqlik mayli; boray, borgin, borsin - buyruq-istak mayli; borsa – shart mayli;
5) ish-harakatning nutq so`zlanib turgan payt bilan munosabati fe’ldagi zamon ma’nosini hosil qiladi: o`rgandim - o`tgan zamon, o`rganayapman - hozirgi zamon, o`rganmoqchiman – kelasi zamon;
6) ish-harakatning biror grammatik shaxs (birlik yoki ko`plikda) tomonidan bajarilishi yoki bajarilmasligi fe’ldagi shaxs-son ma’nosida aks etadi. Fe’l shaxs-son qo`shimchalari bilan tuslanadi: qiziqdim, qiziqding, qiziqdi; qiziqdik, qiziqdingiz, qiziqdilar.
Demak, fe’l o`timli-o`timsizlik, bo`lishli-bo`lishsizlik, nisbat, mayl, zamon, shaxs-son ma’nolarini ifodalash kabi o`ziga xos morfologik belgilarga ega.
Shu bilan birga fe’lning sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi kabi o`ziga xos vazifadagi shakllari ham mavjud ( ishongan odam – sifatdosh; ishonib, ishongach – ravishdosh; ishonish, ishonmoq kerak - harakat nomi). Fe’lning bu vazifadagi shakllari gapda ma’lum bir gap bo`lagi vazifasini bajarishga moslashgan bo`ladi.
Fe’l o`ziga xos maxsus so`z yasalish tizimiga ham ega: bahola, ulg`ay, tinchi, suvsira – affiksatsiya usul bilan yasalgan fe’llar; xursand bo`lmoq, javob bermoq, sotib olmoq - kompozitsiya usuli bilan yasalgan yasama fe’llar.
Fe’llarda modal shakl yasalishi ham mavjud, u o`z ichida turli xil qo`shimcha ma’nolarni aks ettiradi: kulimsira – kuchsizlik, turtkila – davomiylik, yozib bo`ldi – tugallanganlik kabi.
Fe’l o`ziga xos sintaktik vazifalarga ham ega:
1) sof fe’l gapda, asosan, kesim vazifasini bajarib keladi. Masalan: Insonni mehnat, odobni yaxshi fazilat bezaydi (Hikmatlar xazinasi);
2) fe’lning vazifadosh shakllari sifatdosh, sifatlovchi-aniqlovchi, ravishdosh, hol, harakat nomi, ega, qaratuvchi-aniqlovchi, to`ldiruvchi kabi gap bo`laklari vazifasini ham bajarib keladi. Masalan: O`zingga yoqqan narsani boshqalarga ham ravo ko`r (Hadis namunalari). Dunyoda eng yomoni faqat o`zini bilib o`zgani unutib yashashdir (I.Karimov). Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma’naviy harkatlaridandir (Pedagogika tarixi).
FE'L NISBATLARI.
Fe'l orqali ifodalangan ish – harakat va holat bilan shaxs orasidagi munosabat turlicha bo'lishi mumkin. Masalan, o'qidim, ishladi kabi fe'llar o'zida ishlovchi shaxsni ham ko'rsatib turibdi. Agar qaror o'qildi, topshiriq bajarildi desak, ish-haraktning o'zi haqida xabar bor, lekin uni bajaruvchi shaxsni mazkur fe'llar anglatmaydi. Ish-harakatning bajaruvchisi (sub'yekti) bilan predmeti 4 (ob'yekti) orasidagi yoki bir necha bajaruvchi sub'yektlar orasidagi munosabatlarning ifodalanishi fe'l nisbati deyiladi. Masalan, Nazira kitob sotib oldi; gapida sotib oldi – harakatning bajaruvchisi (sub'yekti) Nazira bo'lib, u ega orqali harakatning predmeti (ob'yekt)i, kitob esa vositasiz to'ldiruvchi orqali ifodalangan. Bunda harakatning asosiy bajaruvchisi kitobdir, ya'ni to'ldiruvchidir. Nazira – ega esa harakat bajarilishida vosita bo'lgan bajaruvchi shaxs. Fe'l nisbati maxsus forma yasovcha qo'shimchalar yordami bilan yasaladi (aniq nisbat bundan mustasno). Bu qo'shimchalar fe'lning ma'nosini tamomila o'zgartirmaydi, balki unga qo'shimcha ma'no qo'shadi. Ana shu qo'shimcha ma'nolar gap ko'rinishining qanday bo'lishini bildirib turadi. Ega va to'ldiruvchining qanday forma va ma'noda birikishi fe'l nisbatining ma'nosi bilan bog'lanadi. Masalan: ishla – eganing o'zi bajaradigan harakati, ammo yasan – eganing o'zida yangi holatni vujudga keltiradigan harakatdir. Fe'llarda 5 ta nisbat bor:
Do'stlaringiz bilan baham: |