Shoirning adolat to‘risidagi qarashlari ruboiy va fardlarida
Navoiy she’riyatining kichik mavzularida ham ma’no va mazmun qamrovi nihoyatda keng. Ularda falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy fikr va mulohazalar yuksak badiiylik bilan ifoda etilgan. Bu fikrmulohazalar jamiyat taraqqiyotida o‘z o‘rniga egaligi bilan ajralib turadi.
Jamiyatda adolat me’yorlarini o‘rnatishda Navoiy quyidagi uch jihatga e’tiborni qaratgan:
-Ilohning o‘zi shariat talablariga amal qilishi va boshqalardan ham shuni qat’iy talab etishi lozim;
-shoh va fuqaro orasida o‘zaro ishonch va muhabbatni qaror toptirish;
-devonda ish yuritishni qat’iy intizom asosida yo‘lga qo‘yish, ta’magirlik, poraxo‘rlik, sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik.
Bunda hukmdorlarning vazifasi o‘rtada turib, haq va nohaqni ajratish, gunohkor va zolimni jazolash, mazlum odamni himoya qilish g‘oyasi nazarda tutilgan.42 Bu uch jihat esa shoirning ruboiy va fardlarida ham nomoyon bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda bu janrlarda insoniy fazilatlar, tuyg‘ular ulug‘lanadi. Ayni paytda adolatsizlik, jaholat, loqaydlik, e’tiqodsizlik qoralanadi. Jumladan,
To dahrdurur, dahr uza sulton bo‘lg‘il,
To olam erur, olam uza xon bo‘lg‘il,
Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il,
Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il.43
Ruboiyda insonning dunyo ustida sulton bo‘lsa-da, lekin xalq boshida adolatli sulton bo‘lishi kerakligi, har bir “dardli” jonga darmon bo‘lishi kerakligi g‘oyasi targ‘ib etiladi.
“G‘aroyib us-sig‘ar”da keltirilgan ushbu ruboiyga ham e’tibor beraylik:
Mulk ochqali har xusravi oliymiqdor,
Insof-u adolat-u saloh etsa shior.
Fath o‘lg‘ay nihoyati oxiri kor,
Alminnatu lillahki, sanga barchasi bor.44
O‘sha davr hukmdorlari biror bir yurtni egallab olishdan oldin insof va adolatni shior etsa, uning bu adolatidan xalqning o‘zi ham uning mulki tarkibiga kirishadi, uning oxirgi ishi egallash bo‘ladi.
Mavrusiy qul jinsi baniy Odam anga,
Meros ila mulk jumlayi olam anga,
Hayron karamu jud ishida Hotam anga,
No‘shirvon adl ichinda tobi’ ham anga.45
Ushbu ruboiyda insonlarning kelib chiqishi Odam Atodan bo‘lganligi va butun yer kurrasi, Hotamning karami, No‘shirvonning adli unga (insonga) meros ekanligi ta’kidlanadi. Bu bilan har bir inson karam va adlning mahkam tutishi kerakligi uqtiriladi.
Chu ofoq mulkiga iyuh o‘ldi Zob,
Tuzatti nekim buzdi Afrosiyob,
Erur zulmdin yaxshiroq adl ishi,
Chu qolmas na zolim, na odil kishi.46
Ushbu misralarni shoir Zod binni Tahmosb ta’rifiga doir fikrlarni o‘quvchiga yetkazish maqsadida keltiradi. Zimdan ijodkor insonlarda buzg‘unchilik o‘rnida adolat bilan ulusni tiklash zarurligini uqtiradi. Deydiki, bu dunyoda odil kishi ham, zolim kishi ham o‘tadi-ketadi, lekin uning nomi, odilligi xalq orasida abadiy yashaydi.
Yana Yazdijird binni Bahrom edi
Ki olamg‘a adlidin orom edi.
Agar xo‘yi yumshog‘ edi gar irik,
Falak qo‘ymadi ani dog‘i tirik.47
Navoiy ushbu ta’rifi adolatli podshoh hisoblanmish Yazdijid binni Bahrom haqida. Bu bilan ijodkor faqatgina Yazdijird binni Bahrom qilgan adolat tufayli xalq orom olmaydi, balki butun xalq adolatli bo‘lsagina xalqning har biri umrboqiy bo‘lishligini ta’kidlaydi. Demak, odillik nafaqat shoh, balki fuqarolar uchun ham zeb ekan, har bir fuqaro adolatni kasb qilsa, nomi abadiy qolar ekan.
“Nazm ul-javohir” (“Gavharlar tizmasi”) asarida ham adolat g‘oyasi targ‘ibiga bag‘ishlangan misralar mavjuddir. Masalan, “Ro‘a aboka yuro‘uka” (“Otangga rioyat qil – bolangdan qaytadi”) hadisi uchun quyidagi ruboiy keltirilishi bilan birgalikda uning mazmunida ham ota va bola o‘rtasidagi adolat mavzusi ko‘tarilganligiga guvoh bo‘lamiz:
Farzand ato qullig‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,
O‘g‘lidin anga bu ish siroyat qilg‘ay.48
Shoir otaga xizmat qilishning sharofatini dastlabki ikki misrada ko‘rsatib bermoqda. Keyingi misralarda esa yana shu fikrga qaytilgandek ko‘rinadi, ammo endi natijada ayirma bor. Har kim ekkanini o‘radi, deganlaridek, otaga qilingan hurmat va ehtirom (adolat ham), albatta, qaytadi, ammo uni qaytaruvchi odam mutlaqo boshqa bo‘ladi. Mana shu boshqa odam esa keyingi avlod vakili – otasiga yaxshi munosabatda bo‘lgan o‘g‘ilning farzandlaridir. “Navoiyning adolatli hukmdor to‘g‘risidagi fikrlari ozmi ko‘pmi amaliy ahamiyat kasb etar edi. Ular shoir zamonasining tarixiy shaxslari bilan chambarchas bog‘langanligi, davrining muhim vazifalarini o‘z bilganicha hal qilishga intilganidan dalolat berib turadi”.49 Bunga esa Husayn Boyqaro va og‘illari o‘rtasidagi munosabat yaqqol dalildir.
Yoki insoniy fazilatlar asosida aynan shu mavzuda boshqa bir to‘rtlik yaratiladi:
El qochsa birovdin, el yomoni bil oni,
Ahvolida idbor nishoni bil oni,
Fe’l ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni.50
Demak, ko‘pchilik (“el”) bir fikr bildirar ekan, bu tasodifiy bo‘lmaydi. Ular bir kishidan o‘zini olib qochsa, o‘sha odam elning yomoni bo‘ladi, ya’ni adolatsiz yoki betofiq. Buning sababi esa o‘sha kishining fe’l-atvoridir. Bunday odamning yomonligi faqat o‘zi uchun emas, balki barcha uchun ham zararlidir. Adib uni “ulus baloyi joni”, ya’ni “elning joniga bitgan balo” sifatida ta’riflamoqda. Tugal xulosa esa oxirgi misrada ifodalangan. Bunday odam elninggina emas, balki butun “olam elining yomoni”, “yomonlarning yomoni”dir. Shoir “yamon” so‘zini ikki marta qo‘llashi orqali ma’noni yanada kuchaytirgan.
Alisher Navoiy “G‘aroyib us-sig‘ar” devonida Husayn Boyqaro tasvirini quyidagicha chizadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |