Firoqing ilgida chun o‘lmadim, boshim quyidur,
Bu sheva zohir etar, kimsakim xijolati bor.19
Ko‘ngul jafosidin obod erurki, bo‘ldi tuzuk
Harimi mulk, agar shohning adolati bor.
Navoiy g‘azallarida ma’shuqa azoblaridan ozor chekkan oshiq ko‘p hollarda boshi egilgan, qaddi bukilgan holda gavdalanadi. Jumladan,
Quyiga tushmish aning zulmi tig‘idin boshim,
Hanuz tig‘i yuzidin magar xijolati bor.20
Shoirning “Bormu” radifli g‘azali matlasi quyidagicha boshlanadi:
Hajrida oshiqning afg‘ondin qarori bormu,
Kecha it faryod etarda ixtiyori bormu!
Ya’ni, kechasi it o‘zi istamagan holda faryod qilgani kabi oshiqning fig‘on chekishida ham ixtiyor o‘zida emas. Oshiq holati keyingi baytlarda darajama-daraja rivojlanib boradi va lirik qahramon soqiydan adolat so‘raydi.
Adl jomi bazm aro, soqiy, bukun insof emas,
Hech kimning mencha oshubi xumori bormu?21
Lirik qahramon bugungi bazmda adl jomi teng tarqatilmayapti, bu insofdan emas, axir hech kimda menchalik xumor yo‘q-ku, deya fig‘on chekadi.
G‘azal maqtasida shoir o‘ziga-o‘zi murojaat qilib, yorning boshqa oshiqlarga iltifoti ko‘pligini aytib, men hasta sari ham bu iltifotlar bormi, deya so‘zlarini tugallaydi.
Ey Navoiy, demakim, ushshoq sari yorning
Iltifoti ko‘p degil, men xasta sori bormu?
Navoiy ijodida xoh u nasriy asar bo‘lsin, xoh lirik asar bo‘lsin shoh va gado obrozi ko‘p hollarda birgalikda tasvirlanadi, qiyoslanadi, zidlantiriladi.
Faqr ahlig‘a podsho muhtoj,
O‘ylakim shohg‘a gado muhtoj.22
O‘zligini unutganlarga podsho muhtoj, aslida sen shohni gado-yu, bechorani shoh deb bil. Chunki o‘zligidan kechib, nafsini jilovlaganlar qo‘lida nafs xizmatkor bo‘lsa, podsholar nafsining xizmatkorlaridir.
Gadoyi faqr ila so‘z ayta olmas podsho gustox,
Shah ollinda nechukkim, dam ura olmas gado gustox.23
Bir qarashda shoir gadolar bilan so‘zlasha olmaydigan podsholar ham, shoh oldida tinch tura olmaydigan gadolar ham adabsiz, deya ta’kidlagandek tuyiladi. Zimdan qaralsa, ma’no butunlay o‘zgacha. Shoh gado oldida so‘zlay olmas, chunki gado shunday himmat egasiki, uning so‘zlari zamiriga tushunish, unga javob berish podsho uchun mushkul vazifadir. Shu bilan birga erkin gado podsho oldida tinchgina tura olmaydi ham. U saroy muhitida siqiladi, qolaversa, hukmdor haybati-yu, qahridan uni zarrracha ham vahm bosmaydi. U podshoga laganbardorlik ham qilmaydi, chunki unga shohdan hech narsa kerak emas. Shu sababli podshodan qo‘rqmay so‘zlayveradi.
Tadqiqotchilar shoh va darvesh xususida so‘z yuritganlarida irfoniy talqinlarga urg‘u beradilar. Va bu asosan tog‘ri.24 Biz buni inkor etmagan holda Navoiy ijodida shoh va darvesh munosabatida ma’lum ma’noda ijtimoiy munosabat ham bor, deb hisoblaymiz. Chunki har qanday ijodkor o‘z davri muammolarini asarlarida aks ettiradi. Navoiyning Amir Xusrav Dehlaviyning “Daryoi abror” nomli qasidasiga javoban yozilgan “Tuhfat ul-afkor”nomli qasidasi mavjud. Unda toj- u taxtdan boshqasini o‘ylamaydigan shohlar tanqid qilinadi, sulton Husayn esa uni xushnudlik bilan qabul qiladi. Bundan ta’sirlangan Navoiy “Darveshlar maddohligi” borasida yangi qasida yozishga chog‘lanadi. Yana shuni aytib o‘tish joizki, ayni mavzuda bitilgan besh qasidaning matlasi bizgacha yetib kelgan.25
Shu jumladan, Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar”devonining “Anga” radifli g‘azali ham e’tiborga molik. Chunki unda shoh va gado obrozlari solishtirilgan bo‘lib, shoir nazdida darveshsifat shohgina adolatparvar bo‘ladi. Shoh olamlarni egallasa, darveshlar olamdan qochadi, bu qanday hol, insof bilan bunga nisbat bergin, deya xitob qiladi shoir.
Shah emastur bir nafas osuda do‘zax vahmidin,
Ey xusho darveshkim, mardud erur jannat anga.26
Demak, shoh bir nafas bo‘lsa-da, do‘zax vahmidan xalos bo‘la olmaydi, chunki har bir ishi odillik asosida bo‘lishi lozim, agar zulmni o‘ziga kasb qilib olsa, jahannamga tushishi muqarrardir. Yaxshi xulqli darveshga esa jannat noloyiqdir, sababi u jannatdan ham a’loroq joyga munosibdir.
G‘azalda shohlarning darveshi, darveshlarning shohi sifatida shoh G‘oziy tilga olinadi. Cunki shoh G‘oziy, ya’ni Husayn Boyqaro Navoiy nazdida adolatli yurt boshqaruvi bilan Iskandar yurtidek obod yurt, osoyishta xalq, mo‘l xazina, kuchli lashkarga ega bo‘lgandi.
Navoiy qit’alarida adolat mavzusi o‘ziga xos tarzda ifodalangan bo‘lib, ularda falsafiylik, axloqiylik ustunlik qiladi, bu qit’alar shohlar uchun yo‘riqnomadek jaranglaydi.
Navoiyning “Podshohga yaqin kishiga el xasad qilishi, va buning ozorli jihatlarini aytish” nomli qit’asi bo‘lib, unda ijodkor fikrlarini quyidagicha beradi:
Shahg‘a muqarrab o‘lsa birav barcha xayldin,
El barcha dushman o‘lsa aning birla vajhi bor.
Kim xaylu shoh oshiqu ma’shuq erur yaqin
Gulchehraeki, oshiq anga bo‘lsa beshumor.
Ul barchasidin o‘lsa birisiga multafit,
Dushman bo‘lurda o‘zgalariga ne ixtiyor.27
Boshqalarga qaraganda shohga eng yaqin inson bo‘lsa-yu, elning barchasi unga dushman bo‘lsa, buning sababi bor. Shohga oshiq-ma’shuqdek yaqin kishining hisobsiz oshiqlari bo‘lishi ham mumkin. Chunki podshoga yaqin kishilardan ular ham manfaatdor. Ayni damda ularga hasad qilishda ham davom etadilar. Podsho yaqinlariga el zohiran itifot qilishi mumkindir, ammo botinan dushmandir. Lekin barchani ham shunday deb bo‘lmaydi. Shu sababli ham Navoiy doimo shohlarni ogohlikka chorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |