Inson va hayvonlarda emotsional holatlarni psixologik xususiyatlari
Odam his - tuyg`ulari bilan hayvon hissiyotlari o`rtasida farq juda katta. Odamda juda ko`p miqdorda his - tuyg`ular borki, bunday hissiyotlar hayvonlarda yo`q. SHuningdek, odam va hayvon uchun umumiy bo`lgan g`azablanish, qo`rqish, jinsiy hissiyot, qiziquvchanlik, xursandchilik, g`amginlik emotsiyalari hayvonlarda sifat jihatidan farq qiladi.
1872 yilda Ch. Darvin «inson va hayvonlarda hissiyotlarning ifodalanishi» asarini chop etdi. Uning fikriga ko‘ra, hayvon va odam hulq-atvori o‘rtasida umumiyliklar mavjud. O‘z fikrini u hayvonlar va odamlar turli emotsional holatlarining tashqi ifodalanishini kuzatishdan kelib chiqqan holda, asoslab berdi. Ushbu kuzatishlardan olingan ma’lumotlar evolyusion ta’limot nomini olgan hissiyotlar nazariyasi asosiga qo‘yildi, bu ta’limotga asosan, hissiyotlar tirik mavjudotlar evolyusiyasi jarayonida hayotiy muhim bo‘lgan organizmning yashash sharoitlari va vaziyatlariga moslashishni ta’minlovchi moslashish mexanizmlari sifatida yuzaga keldi.
Hissiy holatlarni paydo bo`lishiga tashqi olamda yuz beradigan o`zgarishlar sabab bo`ladi. Hissiy holatlar uchun xos bo`lgan fiziologik jarayonlarning asosi murakkab shartsiz va shartli reflekslardir. Ma`lumki, shartli reflekslar tizimi katta miya ustuniga tegishli ko`rish tepachalari va nerv qo`zg`alishlarini miyaning yuqori bo`limlaridan vegetativ asab tizimiga o`tkazib beruvchi boshqa markazlar orqali amalga oshiriladi. Kishining hislarni kechirishi hamma vaqt miya po`sti va po`stlok osti markazlarining birgalikdagi faoliyatlari natijasidir. Atrofda va olamda yuz beradigan o`zgarishlar odam uchun qancha ahamiyat kasb etsa, hissiy kechinmalar shuncha chuqur bo`ladi. Buning natijasida paydo bo`ladigan muvaqqat bog`lanishlar tizimi qayta tuzilishi qo`zg`alish jarayonini yuzaga keltiradi. Bu jarayon katta miya yarim sharlari po`stida tarqalib po`stloq osti markazlarini ham egallab oladi. Katta miya yarim sharlar po`stidan pastda organizm fiziologik faoliyatining turli markazlari; nafas olish, yurak va qon tomirlarini idora qilish, ovqat hazm qilish, ichki sekretsiya bezlarini ishini idora qilish va boshqa markazlar joylashgan. SHuning uchun po`stlok osti markazlarining qo`zg`alishi bir qator ichki a`zolar faoliyatini kuchaytirishga olib keladi. Hissiy holatlar o`zining fiziologik mohiyati jihatidan katta yarim sharlar po`stining va miya po`sti boshqaradigan po`stloq osti markazlarining funktsiyasigina bo`lib qolmay, balki miyaning boshqa qismlari ishni boshqaradigan retikulyar tuzilmaning vazifasidir. Miyaning talamus (ko`rish tepaligi) va gipotalamus (tepacha osti qismi) deb atalgan joyining qadimgi po`stloq osti tuzilishlari bilan yarim sharlar yangi po`stlog`i osti tuzilmalari o`rtasidagi limbik tizimning vazifasidir.
Insoniy emotsiyalar “insoniylashtirilgan” ijtimoiy sharoit bilan bog`liq holda namoyon bo`ladi. emotsiyalarning “insoniylashuvi” shunday namoyon bo`ladiki, ichdan kechadigan hissiyotlar mazmuni juda boy va murakkabdir. Odamlar bilan mehnat, siyosat, madaniyat, oilaviy hayot o`rtasida paydo bo`lgan munosabatlarning ko`pligi sof insoniy hissiyotlarning paydo bo`lishiga olib keladi. Ular bolalarga odob bilan javob berishni, suhbatdoshga ochiq ko`ngil bilan jilmayishni, keksalar va nogironlarga hurmat bilan joy bo`shatib berishni o`rgatadi. Odam o`z hissiyotlarini o`zi boshqaradi. Ba`zan kishilar o`z emotsiyalarnni yashirish niyatida qarama - qarshi emotsiyalarni ifodalaydilar. Masalan, qaygurish yoki qattiq og`riq paytida kulimsirash, kulgilar kelgan paytda yuzlarini jiddiy o`ychan holga keltira oladilar. Lekin o`zining imo - ishoralari va mimikalarini boshqara olishga qaraganda nafas olish , qon aylanishi va ovkat hazm qilish tizimidagi o`zgarishlarni ushlab qolish juda qiyin bo`ladi. Odam hayajonlangan paytda bir maromda nafas ola biladi, ko`z yoshlarini ushlab qola oladi, lekin rangini o`zgartirish yoki qizartirishga kodir emas. Ammo emotsiyalarni paydo qiluvchi narsalardan o`zini chalg`itishi mumkin.
Hissiy holatlarning ifodalanishi, birinchidan, ifodali harakatlar (yuz ifodasi, qo`l – oyoq harakatlari,) ikkinchidan, organizmdagi turli hodisalarni, ya`ni ichki a`zolar faoliyatining va holatining o`zgarishida, uchinchidan, tabiatda, ya`ni organizm qon tarkibidagi va boshqa suyuqliklardagi kimyoviy o`zgarishlarni, shuning bilan birga modda almashinuvida bo`ladigan o`zgarishlarni o`z tarkibiga oladi. His - tuyg`ularning tashqi ifodasiga yuz ifodasi, imo - ishora, vajohat va qaddi - qomatning o`zgarishi, ayrim tashqi chiqaruv bezlarining faoliyati (yosh, so`lak, ter ajralishi) va ayrim harakatlar xususiyatlaridagi o`zgarishlarni kiritish mumkin. Ko`pincha nutqning sintaksis tuzilishi buziladi, tezligi va ohangi o`zgaradi. O`tkazilgan tekshirishlar shuni ko`rsatadiki, g`amginlik va mayuslik hislarini ifodalovchi nutq vaqtida shu nutqning so`zlovchi kishining ovozi beixtiyor pasayib ketadi. Nutqning o`zi susayib qoladi, so`zlayotgan kishining tovushi ham bo`linib - bo`linib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |