Sakkizinchidan, iqtisodiyotimizni jahon bozoriga integratsiya qilish va eksportni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifadir. Kelgusi yili eksport hajmini 30 foizga oshirib, 18 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qoʻymoqdamiz. Biz eksportga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotga oʻtishimiz, ichki bozorda raqobat muhitini shakllantirishimiz zarur. Shuningdek, transport-logistika tizimini takomillashtirish ham eng dolzarb masaladir. Chunki dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklangani uchun mahsulotni eksport qilishda koʻplab qiyinchiliklar paydo boʻlmoqda. Shu bois, “Uzbekistan Eyrveys” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyalari tovarlarimizni eksport qilish boʻyicha zamonaviy logistika yoʻnalishlarini yaratishlari zarur. Vazirlar Mahkamasi eksport yuklarini qoʻshni davlatlardan temir yoʻl orqali imtiyozli narxlarda oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib borishi kerak. Shu bilan birga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi indeksi”dagi mamlakatimiz oʻrnini yuqori pozitsiyaga koʻtarish choralarini koʻrish lozim.
Kelgusi yilda bojxona tartiblarini keskin soddalashtirish, bojxona nazorati punktlari hamda yuklarni rasmiylashtirish postlarini tubdan isloh qilish zarur. Yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy talablarga javob beradigan, “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadigan bojxona komplekslarini barpo etish kerak. Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan masalalar boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.
Toʻqqizinchidan, hududlarni kompleks rivojlantirish tadbirlarini izchil davom ettirish lozim. Iqtisodiyotdagi tizimli oʻzgarishlar natijasida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi joriy yilda 35 foizdan 37 foizga ortishi kutilmoqda. Biroq ayrim shahar va tumanlarda bu oʻta muhim masalaga yetarlicha eʼtibor berilmayapti. Oqibatda, respublikaning 27 ta tumanida sanoatning ulushi viloyat koʻrsatkichining 1 foiziga ham yetmaydi. Shu sababli, har bir tuman va shahar sanoatini rivojlantirish boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish kerak. Bu masalani, avvalo, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari alohida nazoratga olishi kerak. Yangi yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi uchun 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizning urbanizatsiya darajasi 35,5 foizni tashkil etadi va hozirdan boshlab zarur choralar koʻrilmasa, ushbu koʻrsatkich yaqin kelajakda pasayishi mumkin. Bosh vazir A.Aripov mamlakatimiz aholisining urbanizatsiya darajasini 2030 yilga qadar 60 foizga yetkazish boʻyicha Davlat dasturi ishlab chiqish uchun shaxsan masʼul etib belgilanadi. Bu borada faqat poytaxt va viloyat markazlari boʻlgan shaharlarni emas, avvalo, hududlarda joylashgan shahar va posyolkalarni kompleks rivojlantirish eʼtibor markazida turishi kerak. Qishloq joylarda namunaviy uy-joylar qurish dasturlaridan bosqichma-bosqich shahar va posyolkalarda koʻp qavatli uylar qurishga oʻtishimiz lozim. Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ham uy-joylarni qurish dasturlari bilan uzviy bogʻliq holda rivojlanishi darkor. Bu ishlarga Iqtisodiyot vazirligi bosh-qosh boʻlishi lozim.
Shu bilan birga, ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus jamgʻarma tuziladi. Binolar va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar ana shu jamgʻarmada toʻplanadi. Biz bu yangi tizim orqali hududlarimiz qiyofasini yanada obod qilishga va aholi farovonligini oshirishga erishamiz.
Oʻninchidan, qishloq xoʻjaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng muhim vazifamizdir. Keyingi yilda klaster usulida paxta yetishtirishni kamida 52 foizga yetkazish uchun 48 ta paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, gʻalla va meva-sabzavot klasterlari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish kerak. Bu soha biz uchun nisbatan yangi ekanini inobatga olib, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, kredit tizimini soddalashtirish, xarajatlarni subsidiyalash, yer ajratish bilan bogʻliq tartiblarni qayta koʻrib chiqish talab etiladi. Urugʻchilikda asl navlarni yaratish maqsadida tajriba-seleksiya ishlarini tubdan jonlantirish lozim. Buning uchun urugʻchilik va seleksiya bilan shugʻullanadigan institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik asosida urugʻchilik klasterlarini tashkil qilish talab etiladi. Qishloq xoʻjaligi ekinlari va chorvachilik boʻyicha yangi tarmoqlarni rivojlantirishimiz zarur. Bugungi kunda fermer xoʻjaliklarining yillik chorva ozuqasiga boʻlgan ehtiyojining faqat 35 foizi mahalliy imkoniyatlar hisobidan qoplanmoqda. Shu sababli yangi yerlarni oʻzlashtirish orqali ekin maydonlarini kengaytirish evaziga chorvaning ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, baliqchilik, parrandachilikni rivojlantirish hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari hajmini keskin koʻpaytirishimiz kerak.