Huquqning kelib chiqishiga doir nazariyalar.
1. Tabiiy huquq nazariyasi – huquq tabiatan mavjud, uni hech kim o`ylab topmagan, u xuddi insonning o`zi kabi tabiiydir deb hisoblaydi. Tabiiy huquq – davlatning huquq ijodkorligi intilishi zarur bo`lgan o`ziga xos ideal.
2. Huquqning tarixiy nazariyasi – huquq tarixan paydo bo`lgan va rivojlanadi deb hisoblaydi. Huquq tabiatdan kelib chiqmaydi. U yoki bu xalqning tarixiy hayoti huquqni qanday ko`rinishga keltirsa, u shunday bo`lib qoladi.
3. Huquqning psixologik nazariyasi – huquqning kelib chiqishi va rivojlanishini shaxs yoki shaxslar guruhining psixologiyasi bilan izohlaydi. Bunda, huquq psixologik yo`nalishlar, turli kechinmalar, hissiyotlar va institutlarning mahsuli, deb qaraladi.
4. Huquqning ijtimoiy nazariyasi-huquqning kelib chiqishini jamiyatda turli xil ijtimoiy qatlamlarning shakllanishi bilan bog`laydi.
5. Huquqning sinfiylik nazariyasi – huquqning kelib chiqishini jamiyatdagi hukmron sinf irodasining qonun darajasiga ko`tarilishi bilan izohlaydi. Bu iroda mazkur sinf hayotining moddiy sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Ijtimoiy normalar tizimida huquqning o`rni. Jamiyatda normalarning ikki tizimi mavjud: 1) texnikaviy; 2) ijtimoiy.
Texnikaviy normalar “ inson-mashina” munosabatlarini tartibga soladi. Ijtimoiy normalar-odamlar va ularning birlashmalari o`rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy xulq-atvor qoidalari bo`lib, ular “ inson-inson” munosabatlarini tartibga soladi.
Axloq normalari – ezgulik va yovuzlik, qadr-qimmat, adolat va nohaqlik haqidagi axloqiy tushunchalarga mos ravishda jamiyatda o`rnatilgan xulq-atvor qoidalaridir.
Jamoat birlashmalari normalari – jamoat birlashmalarining o`z faoliyatini tartibga solish uchun va tashkilotlarning a`zolari o`rtasidagi munosabatlarni aniqlash uchun o`rnatgan xulq-atvor qoidalaridir.
Odat normalari – kishilarning ko`p marta takrorlanganligi uchun odatga aylangan va shu tariqa avloddan-avlodga o`tib kelayotgan xulq-atvor qoidalaridir. An`ana normalari-ilg`or an`analarni asrash munosabati bilan yuzaga kelgan umumlashgan va barqaror hulq-atvor qoidasi.
Marosim normalari – kishilarning ma`lum rasm-rusmlarni bajarishdagi xulq-atvor qoidalaridir.Diniy normalar. Siyosiy normalar – alohida shaxslar va siyosiy birlashmalarining hokimiyatga munosabati masalalarini tartibga soluvchi xulq-atvor qoidalari. Huquq normalari-umummajburiy xulq-atvor qoidalari.