Yasama so‘zning leksemalashuvi
Yasama so‘zlar lisoniy ham, sof nutqiy ham bo‘lishi mumkin. Misol sifatida quyidagi so‘zlarga murojaat qilamiz. Paxtakor, ishchi, kitobchi, aqlli, daftarchi, sharsimon, uysimon. Bu so‘zlarni ikki guruhga bo‘lamiz:
[paxtakor], [ishchi], [aqlli], [sharsimon];
(kitobchi), (daftarchi), (uysimon).
Har ikkala guruh so‘zi ham yasama so‘z hisoblanadi. Biroq birinchisi qulayligi, odatlanilganligi, keng iste’molliligi bilan xarakterlansa, ikkinchi guruh unchalik qulay emasligi, kam iste’molliligi, favquloddaligi bilan ajralib turadi.
Demak, birinchi guruh ijtimoiy shartlanganlik xossasiga ega va shu boisdan yuqoridagi zikr etilgan belgilar ularning barchasi uchun umumiy. Ikkinchi guruh esa nutqiy hodisa ekanligi, endigina so‘z yasash qolipidan chiqqanligi bois, odatlanilmaganlik, favquloddalik kasb etgan.
Ko‘rinadiki, nutqiy yasama so‘zning ayrimi nutq bosqichidagina mavjud bo‘lsa, ba’zilari o‘zini chiqargan qolipdan uzoqlashib, bir butun holda lisoniy sathga «ko‘tarilib ketadi».
Hosilasining lison va nutqqa munosabati jihatidan so‘z yasash qolipi ham farqlanadi. Ularni unumsiz (tarixiy) va unumli (zamonaviy) so‘z yasash qolipi sifatida farqlash lozim.
Nutqiy yasama so‘zning lisoniy sathga ko‘tarilishi bir necha bosqichda kechadi. Uni nutqdan lisonga siljishi, lisoniylashishi darajasiga ko‘ra quyidagicha tartiblash mumkin:
1) ixtisoslashgan leksema;
2) soddalashgan leksema;
3) tublashgan leksema.
Ixtisoslashgan leksema nutqiy yasama so‘z lisoniylashuvining eng quyi darajasi. Ixtisoslashgan leksema yasamaligini yo‘qotmagan, ya’ni o‘zida qolipning shakliy tomoni izini saqlagan, biroq ma’noviy tomondan qolipdan uzilgan, ma’nosini qolipning o‘ng (mazmuniy) tomonidan keltirib chiqarish imkoni bo‘lmagan, toraygan ma’noli leksema. Masalan [ishchi] (worker, rabochiy) leksemasi «zavod yoki fabrikada ishlovchi, o‘rta ma’lumotli mutaxassis» ma’nosiga ega bo‘lib, u [ot]+[chi]+otdan anglashilgan narsa ustida ishlovchi kishi] qolipi hosilasi. Qolip hosilasi sifatida u qolipning chap tomoni xususiyatini o‘zida mujassamlashtirgan: Chunki [ishchi] leksemasining shakliy tomoni, ya’ni nomemasida qolipning [ot+chi] umumiyligi zarrasi, ko‘rinishi voqelangan. Leksema sememasi esa «shu otdan anglashilgan narsa bilan shug‘ullanuvchi shaxs» mohiyati ko‘rinishiga emas, balki uning toraygan, ma’lum bir ixtisosni anglatuvchi ko‘rinishi holatiga ega bo‘lib qolgan. [Ishchi] leksemasiga qiyosan olinadigan, deylik, (kitobchi) so‘zida so‘z yasash qolipining shakliy tomonidan ham, ma’noviy tomonidan ham uzilish kuzatilmaydi. Yoki [yozuvchi] leksemasi va (yozuvchi) so‘zini qiyoslaylik. Har ikkala hosila ham [[fe’l]+[uvchi]+shu fe’ldan anglashuvchi harakat bilan shug‘ullanuvchi shaxs] qolipi mahsuli. Uni gap tarkibida kuzatamiz: 1.Yozuvchi hayotni teranroq kuzatadi. 2.Insho yozuvchi ijodkorligini namoyon qilishi kerak.
Birinchi gapda [yozuvchi] leksemasi kasbni anglatib, ixtisoslashgan ma’noga ega. Ikkinchi gapda esa leksema muayyan yozish harakatini bajaruvchi shaxsni ifodalagan. «Adib» ma’nosidagi [yozuvchi] leksemasi shaklan emas, balki ma’noviy jihatdan qolipdan uzilgan, ixtisoslashgan ma’noli leksema. Ikkinchi hosila esa ham shaklan, ham mazmunan qolipga muvofiq kelganligi bois, nutqiy yasama. Leksema hosil bo‘lishining bu usuldagi boshqa ko‘rinishi sifatida so‘zning atamaviy ma’no kasb etishi (qo‘shish, ayirish, bo‘lish so‘zlar)ni ko‘rsatish mumkin.
Soddalashgan leksema yasama so‘zlar lisoniylashuvining yanada yuqoriroq bosqichi. Soddalashish bu ma’lum bir so‘z yasash qolipining hosilasida o‘zak va qo‘shimchaning o‘zaro birikib ajralmas holga kelishi, so‘zshakldagi grammatik vositaning qotib qolishi natijasida yangi ma’no ifodalashidir. O’zbek tilidagi [oldin], [keyin], [tashqari], [ichkari], [yuqori] kabi yuzlab so‘z soddalashgan yasama so‘z - leksema. So‘z birikmalarining sintaktik qolipdan uzilish holati sifatida (boshning og‘rigi – [boshog‘riq], belning bog‘i – [belbog‘]) misollarini ko‘rsatish mumkin.
Tublashgan leksema shunday leksemalashgan yasama so‘zki, ularning yasalishini, tarkibini etimologik ma’lumotsiz aniqlab bo‘lmaydi. Masalan, [sin] fe’lining o‘zagi [si], [tingla] fe’lining o‘zagi [ding], [to‘q] so‘zi o‘zagining [to‘] ekanligini til tarixi bo‘yicha chuqur ma’lumotga ega bo‘lmasdan bilib bo‘lmaydi.
Demak, ma’lum bo‘ladiki, tilda leksema yasash hodisasi yo‘q. Balki yasama so‘zning, nutqiy hosilaning lisoniylashuvi, leksemalashuvi mavjud.
Asosiy adabiyotlar:
1. Sayfullayeva R. va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Darslik. – Toshkent: Fan va texnologiyalar, 2009
2. Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: O‘zMU, 2013.
3. Mengliyev B. Hozirgi o‘zbek tili (Kirish. Fonetik sath. Leksik-semantik sath). Darslik. – Toshkent: Tafakkur bo‘stoni, 2018.
4. Lutfullayeva D., Davlatova R., Saparniyazova M. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Amaliy mashg‘ulotlar uchun materiallar: O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: Iqtisod-Moliya, 2018. – 280 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |