Leksemaning ongda paradigmatik va sintagmatik munosabat asosida yashashi. Leksema til jamiyati a’zolari ongida boshqa leksema bilan o‘xshashlik qatori (paradigmalar) hosil qilgan holda mavjud bo‘ladi. Masalan, [o‘g‘il] leksemasi bir tomondan [ota], [ona] leksemalari bilan, ikkinchi tomondan [qiz] leksemasi bilan paradigma hosil qilib yashaydi. Paradigmadagi bir a’zoning mohiyati unga paradigmadosh boshqa a’zoning mohiyatiga qiyosan olinadi, unga munosabatda bo‘ladi. Masalan, [aka] leksemasi [uka], [singil], [opa] leksemalari bilan paradigma hosil qilar ekan, bunda ularning umumiy belgisi bu leksemalarni bir paradigmaga solsa, farqli belgilari mustaqilliklarini ta’minlaydi. Lisoniy birliklar orasidagi bunday bir-biriga ishora qilib, eslatib turuvchi belgilar, munosabatlar assotsiativ munosabat ham deyiladi. [aka] leksemasining mohiyati [uka] leksemasining mohiyatiga qiyosan belgilanadi. Qiyos esa eslatish, eslash, yonma-yon qo‘yish munosabatidir.
Leksemalar mohiyatida sintagmatik munosabat ham mujassam. Masalan, [daftar] leksemasi nutqda [yirtmoq], [yozmoq] leksemalari bilan bir tomondan, morfologik shakl va so‘z yasovchi qo‘shimcha bilan ikkinchi tomondan birikuv hosil qiladi. Bu voqelanish leksemada imkoniyat sifatida mavjud. Aytilgan birlik bilan yuz bergan aloqa leksema mohiyatida imkoniyat sifatida yashirin.
So‘zlovchi nutq jarayonida zarur bo‘lgan birlikni o‘xshash va farqli belgilari asosida paradigmadan tanlab, sintagmatik imkoniyati doirasida nutqda turli-tuman kombinatsiya hosil qiladi. Nutqda leksemaning mohiyati hech qachon to‘la-to‘kis voqelanmaganligi kabi sintagmatik imkoniyatning ham faqat zaruri voqelikka aylanadi. Zero dialektika uqtirganidek, mohiyat bir hodisada bus-butun yuzaga chiqmaydi, imkoniyat to‘la voqelanmaydi. Nutqiy voqelanish uning bir zarrasi, xolos.
Leksema so‘zdan boyroq va kengroq. Biroq so‘z nutqda turli «begona» – bevosita leksemaga aloqador bo‘lgan lisoniy va aloqador bo‘lmagan kontekstual hodisalar bilan «boyitilgan», nutqda voqelanish uchun shakllantirilgan bo‘ladi. Leksemaning «boy»ligi «o‘ziniki»dir. So‘z esa, aytilganidek, o‘z asosidagi leksemaga tegishli bo‘lmagan boshqa nolug‘aviy omillar - fonetik, morfologik, sintaktik uslubiy mohiyatlar hamda nolisoniy hodisa zarralarini biriktirib, o‘ziga tegishli bo‘lmagan hodisalar hisobiga «boyiydi».
Aytilganlar asosida leksema va so‘zga shunday ta’rif berish mumkin. Leksema – ma’lum bir til jamiyati a’zolari ongida tayyor, umumiy va majburiy, shakl va ma’no birligidan iborat, yaxlitlangan, borliqdagi harakat, narsa-predmet, belgi, miqdor kabilarni bildiruvchi tushunchalar va munosabatlarni ifodalaydigan, nutqda so‘zlarni va grammatik morfemalarni biriktiradigan lisoniy birlik. Leksemalarning va so‘z yasash qoliplarining nutqda reallashgan aniq shakl va ma’noga ega bo‘lgan muayyan ko‘rinishi - so‘z.
Do'stlaringiz bilan baham: |