PSIXOLOGIYA FANLARI
OILADA SOG‘LOM TURMUSH TARZI MUHITI – SOG‘LOM KELAJAKDIR
Sayyora Mirzayeva Rustamovna
TDPU tayanch doktoranti
Xalqimizning ilk yozma asarlaridan bo‘lmish “Avesto”da nikoh-oila masalasiga, oilalarning
reproduktiv xulqiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Avesto”da naslning asl
bo‘lish omillariga ham alohida e’tibor berilgan. Birinchi navbatda, oila quradigan yigit va qizlarning har
tomonlama benuqson, sog‘lom bo‘lishi hisobga olingan. Uzoq o‘tmishdan boshlab to bugungi
kunlarimizgacha bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Oilalarimizda avlodlar o‘rtasidagi
bog‘liqlik sezilarli darajada mustahkam. Ayol kishiga bo‘lgan munosabatga oid hadislarda ayol kishi
bolaligida otasi izmida, yetukligida eri izmida va keksayganda o‘g‘li izmida bo‘lishi lozimligining
ta’kidlanishi ham, ayollarning farzandlari voyaga yetganlaridan so‘ng ham “o‘z holicha” qolmasliklarini
bildiradi. Umuman, o‘zbek oilalarida ota-onalar o‘z farzandlarini tarbiyalab voyaga yetkazganlaridan
so‘ng, ularning farzandlari tarbiyasi, ularning taqdiri masalalariga ham bee’tibor bo‘la olmaydilar.
Mamlakatimizda milliy mentalitetimiz va asrlar davomida saqlanib kelinayotgan udumlar va
an’analarimizga e’tibor bersak, bizning ajdodlarimiz uchun salomat bo‘lish, sog‘lom turmush tarziga rioya
qilish azaliy qadriyatlardan biri bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz nasl tozaligiga, orastalik va ozodalikka katta
ahamiyat berganlar. Farzandlariga zararli odatlar bo‘lmasligi uchun shu qadar oilaviy udumlar, rasm-
rusumlar ko‘p bo‘lganki, ular tufayli yigit va qizlar sog‘-salomat nikohga kirganlar, kelin tanlashda ham
yetti pushtini, nasl-nasabini surishtirish odatga aylangan.
Darhaqiqat, barkamol avlodni voyaga yetkazishda sog‘lom oilaviy muhitning ahamiyati beqiyosdir.
Sog‘lom oilaviy muhit – bu oilani tashkil etuvchi barcha a’zolarning o‘zaro kundalik munosabatlari,
o‘zaro muomalalari xarakteridan kelib chiqadigan ma’naviy-ruhiy muhit bo‘lib, undagi ustivor qadriyat –
hamjihatlik, murosa va o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat, qo‘llab-quvvatlov, ijobiy tajribaning bir avloddan
ikkinchisiga ziddiyatlarsiz uzatilishini nazarda tutuvchi fazilatlar, sog‘lom turmush tarzi-qoidalariga barcha
oila a’zolarining rioya etishlari va kundalik odatga aylantirganliklaridan iboratdir.
Sog‘lom turmush tarzining eng muhim ko‘rsatkichi – bu oilaning barcha a’zolarida sog‘lom turmush
malakalari, o‘z salomatligiga nisbatan mas’uliyat, g‘amxo‘rlikning mavjudligi, turli zararli odatlar –
chekish, spirtli ichimliklar istimol qilishga ruju qo‘ymaslik, muntazam sport bilan shug‘ullanish,
ovqatlanish, kiyinish va muomila madaniyati qoidalariga rioya qilishdir.
143
Do'stlaringiz bilan baham: |