26-SAVOL: Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatishning huquqiy asoslarini tahlil qiling JAVOB: Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tijorat tashkilotini ixtiyoriy tugatish muassislar qarori bilan amalga oshiriladi.
Qaror qabul qilingandan keyingi ish kunida qaror va hujjatlar tegishli davlat xizmatlari markazi (DXM) va bankka taqdim qilinadi. DXM Tizim orqali tegishli ma’lumotlarni oladi.
Tugatiladigan korxona moliya-xo‘jalik faoliyatining eng uzog‘i uch yillik davri (amalda 5 yil) tekshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilgandan moliya-xo‘jalik faoliyatni amalga oshirmagan va soliq qarzi bo‘lmagan korxonaning ushbu faoliyati tekshirilmaydi.
Davriy bosma nashrda e’lon berish talab etilmaydi.
Tadbirkor subyekti - jismoniy shaxs o‘z faoliyatini tugatishda qarzi yo‘qligi haqida xulosa olish talab etilmaydi.
27-SAVOL: Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining ichki manbalar orqali moliyalashtirish usullari hamda huquqiy jihatlarini tahlil qiling. JAVOB: Ichki moliyalashtirish deganda kompaniyaning rivojlanishi (o'z daromadidan foydalangan holda) uchun barcha xarajatlar mustaqil ravishda ta'minlanishi tushuniladi. Bunday daromad manbalari quyidagilar bo'lishi mumkin:
Moliya-xo'jalik faoliyati natijasida olingan sof foyda.
Amortizatsiya to'planishi.
Kreditorlik qarzi.
Kelgusi xarajatlar uchun kechiktirilgan mablag'lar.
Kelgusi davrga nisbatan olingan daromad.
Ichki moliyalashtirishning namunasi qo'shimcha uskunalarni sotib olish, yangi bino, ustaxona yoki boshqa binolarni qurish uchun daromadlarni investitsiyalashdir.
28-SAVOL: Xo`jalik shirkatlari va ularning turlari bo`yicha huquqiy tahlil olib boring. JAVOB: Xo‘jalik shirkati muassislarning (ishtirokchilarning) ulushlariga (hissalariga) bo‘lingan ustav fondiga (ustav kapitaliga) ega bo‘lgan tijorat tashkiloti xo‘jalik shirkati hisoblanadi, bunday shirkatda muassislar (ishtirokchilar) yoki ulardan ayrimlari shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati yuritishda shaxsan ishtirok etadilar.
Xo‘jalik shirkati to‘liq shirkat yoki kommandit shirkat shaklida tuziladi.
Xo‘jalik shirkati, agar uning ta’sis shartnomasida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.
Xo‘jalik shirkati o‘zining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkiga ega bo‘ladi, o‘z nomidan huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega bo‘lishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday turdagi faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
Ro‘yxati qonun hujjatlarida belgilanadigan faoliyatning ayrim turlari bilan xo‘jalik shirkati faqat litsenziya asosida shug‘ullanishi mumkin.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi, vakolatxonalar va filiallar tashkil etishi mumkin.
Xo‘jalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs sifatida tuzilgan deb hisoblanadi.
Xo‘jalik shirkati o‘zining to‘liq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xo‘jalik shirkatining joylashgan yeri ko‘rsatilgan dumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Xo‘jalik shirkatining muhrida uning firma nomi xo‘jalik shirkatining tanloviga ko‘ra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin.
Xo‘jalik shirkati o‘zining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, o‘z emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi o‘zga vositalarga ega bo‘lishga haqli.
Yakka tadbirkorlar va tijoratchi tashkilotlar to‘liq shirkatning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatda to‘liq sheriklar bo‘lishlari mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslar kommandit shirkatda hissa qo‘shuvchilar bo‘lishlari mumkin.
TO‘LIQ SHIRKAT
Ishtirokchilari (to‘liq sheriklari) o‘z o‘rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda uning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat to‘liq shirkat deb hisoblanadi.
Shaxs faqat bitta to‘liq shirkatning ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
KOMMANDIT SHIRKAT
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to‘liq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar doirasida javobgar bo‘ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo‘shuvchi, kommanditchi) mavjud bo‘lsa, bunday shirkat kommandit shirkat deb hisoblanadi.