11.4. Pedagogik baho psixologiyasi
Bolalar ta’limi va tarbiyasining muvaffaqiyati motivatsiyaga, ya’ni bilimlarni o‘zlashtirish ko‘nikma va malakalarni shakllantirish uchun stimullar mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi. Bolalar ta’limi va tarbiyasida namoyon bo‘ladigan motivlar va qiziqishlar rag‘batlantirish va jazolash tizimiga olib keladi. Rag‘batlantirish ijobiy hislatlarni vujudga keltirsa, jazolash salbiy hislatlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Baho o‘zida rag‘batlantirish va jazolashni birlashtirgan pedagogik stimul hisoblanadi: yaxshi baho rag‘batlantiradi, yomon baho jazolash uchun xizmat qiladi. Shuni esda tutish lozim-ki, eng quyi baho ham, eng yuqori baho ham undovchi vazifani bajarmaydi. Masalan, muvafaqqiyatga undovchi eng yaxshi stimul 5 emas, 4 baho, 2 ,1 emas, 3 baho hisoblanadi. 5 baho olgan o‘quvchi yanada yaxshiroq o‘qishga harakat qilmay qo‘yadi. Ijobiy yoki salbiy bahoni doimiy qo‘yish ham undovchi funksiyasini yo‘qotadi.Predmetga qaratilgan baholar bolaning shaxsiga emas, u bajargan ish uchun qo‘yiladi. Bunda sub’ekt emas, faoliyatning mazmuni, predmeti, jarayoni, natijasi baholanadi. Shaxsiy pedagogik baholar, aksincha, faoliyat sub’ektiga tegishli bo‘ladi, faoliyatda namoyon bo‘ladigan shaxsning individual hislatlari, uning intilishlari, ko‘nikmalari baholanadi.Moddiy pedagogik baholar bolalarni o‘quv-tarbiya ishidagi muvafaqqiyatlari uchun turli usullar bilan moddiy rag‘batlanti-rishni nazarda tutadi. Moddiy stimul sifatida pul, bolalar uchun qiziqarli narsalar va boshqa ularning moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi narsalar foydalanilishi mumkin. Ma’naviy pedagogik baho maqtov yoki faxriy yorliqni o‘z ichiga olib, bola harakatlarining axloq normalariga mosligi xarakterlanadi. Natijali pedagogik baholar faoliyatning so‘nggi natijasiga tegishli bo‘lib, asosan unga urg‘u beriladi. Bunda qanday yo‘l bilan erishilganligiga qaramasdan so‘nggi natijaga e’tibor beriladi. Jarayonli pedagogik baholar, natijaga emas, jarayonga tegishlidir. Bunda oxirgi natijaga qanday erishilganligiga emas, natijaga erishishga nima undaganligiga urg‘u beriladi. Miqdoriy pedagogik baholar bajarilgan ishning hajmiga tegishli bo‘ladi, masalan, echilgan misollar soniga e’tibor beriladi. Sifatiy pedagogik baholarda bajarilgan ishning sifatiga e’tibor beriladi.Pedagogik baho turlari bilan birga bolalarni o‘quv-tarbiya jarayoniga undashning bir necha usullari mavjud. Ular: e’tibor, qo‘llab-quvvatlash, baho, tan olish, maqtov, mukofot, ijtimoiy rolini, obro‘sini oshirish.Pedagogik bahoning mahsuldorligi deganda uning bolalar ta’lim va tarbiyasidagi undovchi roli tushuniladi. Bolada o‘zini o‘zi takomillashtirishga, bilim, ko‘nikma va malakalar egallashga, shaxsning ijobiy hislatlarini shakllantirishga, xulq-atvorning ijtimoiy foydali shakllariga intilishni kuchaytiradigan baho mahsuldor hisoblanadi. Bola shaxsiy-xulq-atvor va intellektual taraqqiyotida motivatsiya tashqi va ichki bo‘lishi mumkin. O‘quv-tarbiyaviy faoliyatning tashqi motivatsiyasi deyilganda bolaning faolligini tashqi tomondan yo‘llab turuvchi stimullar nazarda tutiladi, ya’ni ular bolani o‘rab turgan atrof-muhitdan kelib chiqadi va u bolani ma’lum tarzda tutishga majburlaydi. Bunday qo‘g‘atuvchilarning ta’siri yo‘qotilsa, o‘quv faolligi ham susayib, yo‘qoladi. Tashqi stimullardan farqli ravishda ichki stimullar bunday faollikni vujudga keltirishi va yo‘llab turishi mumkin.O‘quv tarbiyaviy faoliyatning ichki motivatsiyasi, tashqi motivatsiyaga qaraganda kuchli bo‘lib, mahsuldor pedagogik baho deganda bolada ta’lim va tarbiyaning ichki motivatsiyasini vujudga keltiradigan baho nazarda tutiladi.Pedagogik baho bolaning Yoshiga mos tanlanishi zarur. Pedagogik baho Yoshga qarab o‘zgarishi tendensiyalari quyidagilar: Birinchidan, Yosh ulg‘ayishi bilan yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni egallash zarurligini tushunish ortadi. Ikkinchidan, bolalikda yillar o‘tgan sayin shaxsning ma’lum hislatlarini egallashning ahamiyati ortadi. Uchinchidan, katta bo‘lgan sayin, ayniqsa, maktab davrida ijtimoiy-psixologik stimullarning roli ortadi. To‘rtinchidan, tashqi stimullarga qaraganda ichki stimullarnini roli ortib boradi. Turli Yosh davrlarida pedagogik bahoning qulay usullari va sharoitlarini ko‘rib chiqamiz. Go‘daklik davridagi bolalarni imo-ishora, mimika va pantomimika orqali bildiriladigan hissiy-ekspressiv baholash qo‘llaniladi. Ilk bolalik davrida “yaxshi”, “yomon” kabi so‘zlar bilan baholash mumkin. Maktabgacha Yosh davrida hulq-atvor qoidalariga rioya qilish, bilim, malaka va ko‘nikmalarni namoyon qilish bilan bog‘liq pedagogik baholar paydo bo‘ladi. Kichik maktab Yoshidagi bolalarni ta’lim va tarbiyaga undashda hamma tomonidan berilgan baho emas, balki bu bolalar qadrlaydigan kattalar, o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan berilgan baho mahsuldor bo‘ladi. O‘smirlik Yoshida esa kattalar emas, balki tengdoshlari, do‘stlari tomonidan berilgan bahoni ahamiyatli deb biladilar. Ilk o‘spirinlik davrida kattalar tomonidan beriladigan bahoning ahamiyati yana ortadi. Ta’limda individual yondashuv deganda har bir o‘quvchi individual, boshqalarga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘qitiladi, degan ma’noni bildirmaydi. Ta’limni individuallashtirishning ma’nosi shuki, u o‘quvchining individual- psixologik xususiyatlariga tayanadi, ana shu xususiyatlarni hisobga olgan holda quriladi. Sinf rivojlanishi va tayyorgarlik darajasi bir xil bo‘lmagan, o‘zlashtirishi turlicha va o‘qishga munosabati har xil bo‘lgan o‘quvchilardan tashkil topadi. O‘qituvchi an’anaviy tashkil etilgan ta’lim jarayonida hammaga bir xilda baravar kela olmaydi. Shuning uchun u ta’limni o‘rtacha darajaga – o‘rtacha rivojlanishga, o‘rtacha tayyorgarlikka, o‘rtacha o‘zlashtirishga tatbiq qilgan holda olib borishga majbur bo‘ladi. Boshqacha aytganda, u ta’limni qandaydir afsonaviy “o‘rta” o‘quvchini ko‘zda tutgan holda tashkil etadi. Bu narsa shunga olib keladiki, “kuchli” o‘quvchilar sun’iy ravishda o‘z rivojlanishida ushlab turiladi, o‘qishga qiziqishlari qolmaydi, o‘qish ularda ko‘p aqliy kuch sarflashni talab qilmaydi. “Kuchsiz” o‘quvchilar esa surunkasiga orqada qolishga mubtalo bo‘lganlar, ular ham o‘qishga qiziqmay qo‘yadilar, bu o‘qish ulardan ko‘proq aqliy kuch sarflashni talab qiladi. “O‘rtacha” darajaga kiruvchilar ham juda har xil bo‘ladilar, qiziqish va mayllari turlicha, idrok, xotira, xayol va tafakkur xususiyatlari xilma-xil bo‘ladi. Bir o‘quvchi ko‘rgazmali obrazlar va tasavvurlarga asosli ravishda tayanmog‘i zarur, ikkinchisi bunga kamroq ehtiyoj sezadi; biri sekin fikrlaydi, ikkinchisining aqliy mo‘ljali nisbatan tezligi bilan ajralib turadi; biri tez esda olib qolsa-da, mustahkam emas; ikkinchisi – sekin esda olib qolsa-da, ko‘p narsani yodida saqlaydi; biri uyushgan holda ishlashga o‘rgangan, boshqasi kayfiyatiga qarab, asabiylashib va notekis ishlaydi; biri astoydil, ikkinchisi majburan shug‘ullanadi.Ta’limni individuallashtirish tamoyili o‘qitishda o‘quvchilarning real tiplariga tayanish zarurligiga asoslanadi. Bu tamoyilni programmalashtirilgan ta’lim juda yaxshi amalga oshiradi. O‘quvchilarning individual psixologik xususiyatlari ta’limning ayrim metodlari va usullarini tanlash hamda qo‘llanish vaqtida, uyga berilgan topshiriqlarni qismlarga bo‘lishda, sinf va nazorat ishlarining variantlarini aniqlashda hisobga olinadi.Sinf bilan olib boriladigan ishni ayrim o‘quvchilar bilan olib boriladigan individual ish bilan birga qo‘shish mumkin. Shu bilan birga dasturning xuddi shu masalalarini o‘quvchilar qanday tayyorgarlik ko‘rganliklari, individual moyilliklari, qiziqish va qobiliyatlari hamda individual ish suratlariga qarab turlicha to‘lalik va teranlik bilan, har kim darsda optimal darajada band bo‘ladigan qilib o‘rganadilar.Ta’lim metodlari turlicha bo‘lishi, o‘quvchining individual xususiyatlariga qarab o‘zgartirilishi kerak. Lekin bu 40 o‘quvchi bor bo‘lgan sinfda 40 xil individual yondashishni, ta’lim metodikasining 40 xil individual variantini amalga oshirish zarur degan ma’noni anglatmaydi. Odatdagi maktab ta’lim sharoitida bunday haddan tashqari individuallashtirish mumkin ham emas, kerak ham emas. O‘quvchilarning fikrlash faoliyatining asosiy tiplarini hisobga olish kifoya.Ta’limda individual yondashish kamchiliklarga barham berishnigina emas, balki o‘quvchilar tafakkurini rivojlantirish, o‘qishga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni, bilishga oid qiziqishlarni tarkib toptirish ishlarini olib borishni ham anglatadi. O‘qishga salbiy munosabatda bo‘lish hollarida bunday munosabatni keltirib chiqargan sabablarga qarab, tarbiyaviy chora-tadbirlar ko‘rish kerak bo‘ladi. Bunday sabablar orasida o‘qituvchi bilan bo‘lgan kelishmovchilik, o‘quvchi duch kelgan qiyinchiliklar, bilimdagi nuqsonlar, o‘z kuchiga ishonmaslik va hokazolar bo‘lishi mumkin.Rus psixologlari yakdillik bilan: barcha bolalar o‘qishga qobiliyatlidirlar, har bir normal va psixik jihatdan sog‘lom o‘quvchi o‘rta ma’lumot olishga qodirdir maktab davlat ta’lim standartlari doirasida o‘quv materialini ma’lum darajada muvaffaqiyatli egallashga qodirdir, binobarin o‘qituvchi hamma o‘quvchilarning ham shunday bo‘lishiga erishmog‘i lozim, degan nuqtai nazarda turadilar. Lekin bundan hamma o‘quvchilarga ham ta’lim berish bir xilda oson, deb aslo o‘ylab bo‘lmaydi. Har qanday ta’lim metodikasi sharoitida, bu ta’lim juda yaxshi tashkil etilgan sharoitda bir xil o‘quvchilar yaxshiroq harakat qilib, boshqalardan ko‘ra yuqori natijalarga erishadilar. Bir o‘quvchi alohida ko‘p kuch va mehnat sarf qilmasdan nisbatan qisqa muddat ichida yuksak natijalarni, katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritadi, boshqa o‘quvchi bo‘lsa qanchalik intilmasin va harakat qilmasin, o‘sha darajaga shunchalik tez va osonlikcha ko‘tarila olmaydi.Bugungi kunda hech kim: “Yomon o‘quvchilar yo‘q, yomon o‘qituvchilar bor” degan formulani hech so‘zsiz qabul qilavermaydi, o‘quvchilarining o‘zlashtirmasligida hech kim o‘qituvchilarni yoppasiga ayblab o‘tirmaydi. Albatta, ta’limning muvaffaqiyatli bo‘lishi bilimlar, ko‘nikma va malakalarning juda yuqori darajasi asosan ta’limning mazmuni bilan, ta’lim metodikasining takomillashuvi, o‘qituvchining mahorati bilan ta’min etiladi, lekin hamma narsa faqat ana shunga bog‘liq deb o‘ylab bo‘lmaydi. Muvaffaqiyat ichki shart-sharoitlarga – o‘quvchining individual-psixologik xususiyatlariga ham bog‘liqdir. Har gal teng sharoitlarda bir xilmashqlar, bir xil ta’lim metodikasi g‘oyat har xil natijalar beradi, bunda o‘quvchilarning turli xususiyatlari haqida gapirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |