TILNING VAZIFALARI
Aloqa vositalari:
asosiy aloqa vositalari;
yordamchi aloqa vositalari.
Tilning asosiy vazifalari va boshqa aloqa vositalaridan afzalliklari.
Tilning ichki tuzilishi.
Til – sistema.
Tilning sathlari.
Tilning vazifalari.
Til va nutq.
Til birliklari va nutq birliklari.
Tayanch so’z va iboralar: aloqa vositalari, til, sistema, struktura, aloqa vositalari, tilning vazifalari, tilning nominativ (atash) vazifasi, tilning kommunikativ vazifasi, tilning eksperssiv vazifasi, yozuv, signallar, mimika (imo-ishora), nutq, til birliklari, nutq birliklari.
Insonlar o`zaro aloqa-aralashuv jarayonida foydalanadigan vositalar majmui aloqa vositalari hisoblanadi va ular bir nechta bo`lib, o`z xususiyati, mohiyati, aloqa jarayonida qo`llanish darajasiga ko`ra farqlanadi.
Kishilar o`z tarixiy taraqqiyoti davomida quyidagi aloqa vositalaridan foydalanganlar va foydalanmoqdalar:
1. Signallar.
2. Belgilar.
3. Mimika (imo-ishora).
4. Yozuv.
5. Til.
Bular ichida til muhim, yozuv unga nisbatan ikkilamchi aloqa vositasi, qolganlari esa yordamchi aloqa vositalaridir. Kundalik iste`molda asosan til va yozuvning qo`llanishi qolgan aloqa vositalari keraksiz degani emas, albatta, ularning ham o`ziga xos o`rni bor.
Signallar, belgilar, mimika kabi yordamchi aloqa vositalari qo`llanish doirasining chegaralanganligi bilan tildan farq qiladi. Til jamiyat faoliyatining hamma sohasida eng muhim aloqa vositasi sifatida xizmat qiladi.
Til so’z, morfema va fonemalarning oddiy yig’indisi emas. U bir butun sistemadir. Tilning sistemaliligi uning ichki tuzilishida namoyon bo’ladi, chunki u ham ichki tuzilishiga ega bo’lib, bu ichki tuzilish pog’onaviylik xususiyatiga ega. Har bir pog’onaga xos birlik ikki va undan ortiq uzvlarning o’zaro munosabatidan tashkil topgan butunlikdir. So’z morfologik sath birligi sifatida ikki va undan ortiq morflarning o’zaro munosabatidan tashkill topgan butunlik, morfema esa ikki va undan ortiq morflarning o’zaro munosabatidan tashkil topgan butunlik sanaladi.
Ko’rinadiki, til bir butun sistema sifatida ichki bo’linuvchanlik xususiyatiga ega. Tilning ichki bo’linishi pog’onaviylik kasb etadi. Til ichki bo’linishining eng oxirgi nuqtasi shakliy tomondan fonema (fon), mazmuniy tomondan sema bilan yakunlanadi.
Til ichki tuzilishining pog’onaviylik tabiati butunlik deb olinayotgan birlikning nisbiyligini ko’rsatadi. Butunlik deb qaralayotgan obyekt faqat tilning ma’lum pog’onasiga nisbatan olinadi. Bir pog’onada butunlik sifatida qaralayotgan obyekt o’zidan yuqori pog’onaga, ya’ni katta butunlik tarkibiga uning elementi bo’lib kiradi. Masalan, morfema morfemik sathda ikki va undan ortiq fonema (fon)larning munosabatidan tashkil topgan butunlik sifatida, morfologik sathda esa so’z (so’zshakl)ning bir elementi sifatida qaraladi.
Bu esa tilning sistemalar sistemasi ekanligidan dalolat beradi.
Tilning sistemaviylik tabiatini yoritishga ilk bor F. de Sossyur e’tibor qaratdi. U sistemaning ikki muhim xususiyatini ko’rsatadi:
a) sistemaning barcha a’zolari tenglikka ega;
b) sistema yopiq hisoblanadi.
Lekin keyinchalik til sistemasida ochiq sistemalar ham borligi aniqlandi.
F.de Sossyur konsepsiyasida sistema termini bilan birgalikda struktura termini ham muhim ahamiyatga ega. Sistema va struktura terminlarini farqlash lozim.
Sistema (yun. systema – yaxlit; qismlardan tarkib topgan) so’zi o’zbek tilida polisemantik so’z sifatida o’nlab ma’nolarda qo’llanadi. Uning muqobili sifatida tizim so’zi ham qo’llanadi. Tilshunoslikda sistema termini “o’zaro uzviy bog’langan qismlardan, unsurlardan tarkib topgan butunlik”, ya’ni bir butun bo’lib uyushgan til unsurlari majmui” ma’nosida qo’llanadi.
Struktura (lot. structura – tuzilish; bog’lanish) so’zi “muayyan narsalarning tuzilishi, qurilishi; tarkibiy qismlarning o’zaro bog’liqligi” ma’nosini anglatadi. G.P.Melnikovning talqinicha, struktura deganda, o’zaro aloqada bo’lgan qismlardan tarkib topgan va o’zaro aloqadorlikka ega bo’lgan murakkab birlik, butunlik tushuniladi. Struktura sistemaga xos, uni xarakterlovchi xususiyatlardan biridir. 1Tilshunoslik nuqtai nazaridan struktura deganda tilning tuzilishi yoki ayrim til birliklarining qurilish tarixi tushuniladi.
Bir xil qiymatga ega bo’lgan til birliklari majmui til sathlari deb yuritiladi.
Til ichki tuzilishiga ko’ra bir-biriga bog’liq, biri ikkinchisini taqozo etuvchi sathlardan iboratligiga ko’ra sistemadir.
Til sistema sifatida quyidagi sathlarga bo’linadi:
fonetik-fonologik sath;
lug’aviy sath;
grammatik sath.
Tilning har bir sathi o’z birliklariga ega. Masalan, fonema – fonologik sath birligi.
Tilshunoslik fani bir necha bo’limlarga bo’linadi va ularning har biri tilning sathlari bilan bog’liq ma’lum masalalarni o’rganadi.
Til nutq tuzib fikr, his-tuyg`u, istak, g`am, shodlik kabilarni ifodalashda xizmat qiladigan fonetik, leksik va grammatik vositalar tizimi, kishilar orasida asosiy va eng muhim aloqa-aralashuv, fikrlashuv quroli bo`lib xizmat qiladigan ijtimoiy hodisa sifatida bir qator vazifalar (funksiyalar)ni bajaradi. Nutq jarayonida turli maqsadlarda til vositalarining imkoniyat xususiyatlaridan foydalanish tilning vazifalari deyiladi.
Tilning jamiyatda aloqa quroli vazifasini bajarishi uning kommunikativ vazifasini tashkil qiladi. Bu tilning asosiy ijtimoiy vazifasidir. Demak, tilning aloqa-aralashuv vositasi sifatidagi asosiy vazifasi tilning kommunikativ (lot. communicatio – xabar, aloqa) vazifasi deyiladi.
Tilning kommunikativ (nutqiy aloqa) vazifasida ikki hodisa farqlanadi:
1. Fikr olishuv (aloqa-aralashuv) vazifasi.
2. Xabar vazifasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |