O’rxun-Enasoy, Kul-Tegin va Bilka-Xoqon yodgorliklari O’rta asr ma’naviyatining tarkibiy qismi sifatida.
Kul tegin bitigi. Bitik turk xoqoni Eltarish xoqonning kichik o’g’li Kul tegin qabriga qo’yilgan. Kul tegin 731 yilda vafot etgan bo’lib, tosh 732 yilda o’rnatilgan. Bitiktoshdagi voqyealar Kul teginning akasi Bilga xoqon (asli ismi Мo’g’iliyon) tilidan hikoya qilingan. Asar Kul teginning jiyani Yo’llug’ tegin qalamiga mansub. Asar ikki qismdan iborat, birinchi kichik yozuv – 110, ikkinchi katta yozuv 428 misradan iborat. Kichik yozuvning dastlabki qismida Kul teginning o’z avlodlariga, beklar va xalqqa murojaati beriladi. Turk davlatining chegaralari ko’rsatilgan. Kul tegin qo’shini «Shantung tekisligigacha» (shimoliy-sharqiy Xitoy), «To’quz arslon» — Tibetgacha yetganligi aytiladi. Kul tegin qo’shinlari Inju (Sirdaryo)ni kechib, Temir Qopug’gacha (Bo’zg’ala o’tami), so’lda esa Bayirqu (Sharqiy Zabaykal)gacha borgani madh etiladi. Kul tegin turkiy xalqlarni O’teken yerida muqim qolsa, mung bo’lmasligini uqtiradi. Asarning ikkinchi qismida esa Bilga xoqon ajdodlarining tarixi bitiladi. Kul teginning harbiy yurishlari, shaxsiy bahodirligi, vafoti, matom marosimi va marsiyalar keltiriladi. Asarning har ikki qismi ham Ko’k tangriga e’tiqod ruhi bilan boshlanadi. Turkiylar bilan yonma-yon yashagan tabg’achlarning bosqinchiligi, hiylakorligi keskin qoralanadi.
Kul tegin yodgorligidagi kichik va katta bitig janr xususiyatiga ko’ra memuar-xotirani eslatadi. Lekin bu asarlarning To’nyuquq bitigidan farqli tomonlari mavjud. Kichik va katta bitig tangrining olamni yaratish haqidagi tasavvurlar tasviri bilan boshlangan. Albatta, bunday tasvirlar epik yo’nalishli katta syujetli asarlarning janr xususiyati talabi natijasidir. Dostonlar avvalida tangri va olamning yaratilishi haqidagi tasvirni berish, so’ngra asosiy voqyeaga o’tish qadimiy adabiy an’ana hisoblanadi.
Kichik bitig ma’lum ma’noda katta bitig uchun muqaddima hisoblanadi. Katta bitigda voqyealar hikoyachisi – bilga xoqon, avvalo, o’zining kimligini tanishtiradi, hayotiy tajribalari, saboqlarini bayon etadi, Kul tegin sharafiga o’rnatilgan yodgorlikning sababi va tafsilotini keltiradi.
«So’zimni tugal eshit!» Bilga xoqonning og’a-inilariga, farzandlariga, xalqiga, beklariga murojaati ana shunday. «So’z» — epik voqyea uch qismdan tashkil topgan: 1. Bilga xoqon qayerda va kimlar bilan jang qilgani tasviri. 2. Turli qavmlar bilan urushish, muloqotda bo’lish, yarashish jarayoninida to’plagan hayotiy tajribalar va ularni «so’z»ni eshituvchilarga bayon etish. Bu qismdagi g’oyaviy xulosani xalqni birlashishga, o’z xoqoni atrofida jipslashishga da’vat tashkil etadi. Bilga xoqon xalq ana shu maqsadga erishishsa, u och bo’lmaydi, farovon yashaydi, deb uqtiradi. 3. Tabg’ach xoqonidan tosh yo’nuvchi va toshga yozuvchi usta keltirib, mangu yodgorlik tiklagani tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |