Kultegin, Bilga Xoqon, To’nyuquq, Ungin bitik toshlariga bitilgan hikmatlarning Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviyatiga ta’siri
To’nyuquq bitigi xotira-memuar shaklidagi dostondir. Unda asosan hayotiy voqyealar hamda mifologik tasavvurlar ifodalangan. To’nyuquq tarixiy shaxs bo’lib, Eltarish xoqonning maslahatchisi edi. Uning yoshligi Tabg’ach- Xitoyda o’tgan. Bu paytda turk xalqi Tabg’achga bo’ysungan. Chunki turk xalqi bosh-boshdoqlikka yo’l qo’yib, o’zini idora etolmagan. Ana shunday tarqoq xalqni To’nyuquq birlashtirdi, ikki bo’lagi otli va bir bo’lagi piyoda bo’lgan 700 kishilik qo’shini bilan turk mamlakatini tikladi hamda shad (turk xoqonligining oliy unvonlaridan biri) unvoniga ega bo’ldi.
To’nyuquq Bo’yla Baga Tarxon hamda Eltarish xoqonlar bilan mamlakat farovonligi uchun kurashdi. Natijada, xalq to’q bo’ldi. Turklar mamlakatiga yana urush xavfi tug’ildi. Tabg’ach, o’g’uz, qutan qavmlari birlashib, hujum qilishga tayyorgarlik ko’rdi. To’nyuquq Eltarish xoqonga maslahat solganida xoqon uning kuchiga, tadbirkorligiga, donoligiga ishondi va «ko’nglingga kelganini qil» deb buyurdi. To’nyuquq o’g’uzlarning uch ming kishilik qo’shiniga qarshi jangga kirdi, ularni yengdi, yigirma uch shaharni ishg’ol qildi. Jang qishda, qor-izg’irinli kunlarda davom etardi. Qattiq sovuq bo’lsa-da, Irtish daryosidan o’tish va urushishga to’g’ri keldi. Jangda To’nyuquq g’alaba qozondi, dushman shadini ham o’ldirdi, dushmanning oz qismi qochdi, ular Temur qopug’gacha quvib borildi va qo’lga olindi. To’nyuquq Eltarish xoqonga maslahatchi bo’lgan davrda yurt dushmanlari bilan tez-tez jang bo’lib turdi. Jumladan, Eltarish xoqon tabg’achga 17, qutanga 7, o’g’uzlarga 5 marta yurish qildi.
Tosh bitigda ifodalangan bunday tasvirlar xotira-memuar bo’lib, ular asarda epik bayonni, syujetni hosil qiladi. To’nyuquq bitigining boshqa toshbitiglardan o’ziga xos tomoni shundaki, unda yig’i-yo’qlov ruhi sezilmydi, aksincha, asarning butun mazmuni qahramonlik tasviri asosida qurilgan. To’nyuquq – jasoratli, o’z xoqoni va mamlakti sharafi uchun kurashgan dono sarkardadir.
Bitigda real hayotiy voqyealar bilan mifologik tasavvurlar uyg’un holatda tasvirlanadi. Мifologik tasavvur hayotiy voqyealarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Tangri xoqonlikka xon berishi, lekin xalq unga itoat etmay, bosh-boshdoq bo’lishi, shu sababli tangri ularni qarg’ashi, nihoyat To’nyuquq tangrining g’azabini anglashi, tangri bilim va madad bergani uchun xalqni birlashtirib, ulkan davlatni qayta tiklashi mifologik tasavvur natijasi hisoblanadi.
To’nyuquq bitigini turkiy yozma adabiyotdagi dastlabki qahramonlik dostonlari namunasi deb hisoblashga asoslar bor. Unda mavzu, syujet, obrazlar tizimi, tasviriy vositalar mahorat bilan yaratilgan. Shuningdek, asar o’ziga xos kompozision qurilishga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |