2.Personajlarning nutqiy xarakteristikasini ifodalash funksiyasi. Yozuvchi obraz yaratar ekan, uni xatti-harakatlari, qiliqlari orqaligina emas, nutqi orqali ochishga, yaratishga harakat qiladi. Har bir personaj o'z nutqiy ohangiga ega bo'lganidek, o'ziga xos ibora qo'llash usuliga ham ega bo'lmog'i kerak. Haqiqiy san'atkor yozuvchilar ijodida doim personajlar o'z ibora qo'llash usuli bilan ajralib turgan. Masalan, Abdurauf Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, G'afur G'ulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Said Ahmad kabi yozuvchilar ijodi buning yorqin dalili bo'la oladi. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “ Shirmon xola nima deydi?”
hajviyasidagi “ xudo o'lim bersin “, “ yer yorilmadiki, yerga kirsam “, “ jonin o'rgilsin “, “ gap shutta qolsin “, “ labing bichilmay o'lsin “, “ sizga yolg'on xudoga chin “, “ xudo bersin “ kabi frazemalar keksa ayol kishining nutqiy xarakteristikasi va uning yumoristik qiyofasini namoyish etadi. Chapani Toshpo'lat tajang qiyofasini esa uning nutqida bir necha bor takror qo'llagan “ it emgan “, “ azbaroyi xudo “, “ bafarmoni xudo “, “ senga yolg'on, xudoga chin “ singari iboralar belgilaydi.
Umuman, badiiy asar qahramonlarini yaratishga ishtirok etadigan til vositalari orasida frazemalar alohida o'rin tutadi. Ular personaj nutqini individuallashtirish, o'sha personajning muayyan ijtimoiy muhitga tegishli kishi ekanini gavdalantirish uchun bosita bo'ladi. Jumladan, jargon iboralarning badiiy matnlarda personajlar nutqi tarkibida qo'llanishi jamiyatning tor ijtimoiy doira kishilarining nutqini, xatti-harakatini tasvirlashga xizmat qiladi. Bu sohada yozuvchi Sadriddin Ayniyning mahorati E.Qilichevning “ Badiiy tasvirning leksik vositalari “ asarida keng tadqiq qilingan6.
3. Gradatsiya hosil qilish funksiyasi. Frazema ba'zan oddiy so'z bilan yonma-yon kelib, uyuqshiq bo'lak vazifasini bajarishi, so'z ifodalaydigan ma'noni kuchaytirishga xizmat qilish mumkin. Masalan, “ Jimjitlik “ romanida Mirvali obrazini harakterlar ekan, Said Ahmad uning o'jarligini quyidagi iboralar yordamida tasvirlaydi. Masalan: Mirvali ana shunaqa o'jar, ana shunaqa qo'li uzun rahbarlardan edi. Aytgan joyidan kesar, ushlagan joyidan uzib olardi. ( S.Ahmad. Jimjitlik )
Quyidagi misolda ham iboralar yordamida gradatsiya hosil qilingan:
Ammo Zebixon o'ziga munosib yigit izlardi...U mag'rur, uni oyoq uchida ko'rsatadigan, ko'rkiga bino qo'ygan Tursunboyning yuragiga o't tashlamoqchi, uning ko'zini ochib qo'ymoqchi edi. ( S.Ahmad.Ufq) Baho elementi bo'lgan iboralar ayniqsa, gradatsion funksiyani ko'proq bajarishga moslashgan bo'ladi. Ijobiy yoki salbiy baho elementi bo'lgan bunday iboralar yonma-yon holda aniqlovchi vazifasida kelib, ekspressiv baho bo'yog'ini kuchaytiradi. Masalan:
O'sha yerga bordingmi? O'sha benomusnikiga-ya? Yuzingga oyoq tirab ketgan o'sha beti qattiq xotiningnikiga bordingmi? ( S.Ahmad.Ufq )
Do'stlaringiz bilan baham: |