266-modda. Mehnat nizolari komissiyasining qarorini bajarish Mehnat nizolari komissiyasining qarori bu qaror ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan o‘n kunlik muddat o‘tgandan keyin uch kun ichida ish beruvchi tomonidan bajarilishi kerak.
Basharti ish beruvchi belgilangan muddat ichida komissiya qarorini bajarmasa, mehnat nizolari komissiyasi tomonidan xodimga ijro varaqasi kuchiga ega bo‘lgan guvohnoma beriladi.
Agar xodim yoki ish beruvchi belgilangan muddat ichida tuman (shahar) sudiga mehnat nizosini hal etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etsa, guvohnoma berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Mehnat nizolari komissiyasi bergan va olinganidan keyin ko‘pi bilan uch oy ichida tuman (shahar) sudiga taqdim etilgan guvohnoma asosida davlat ijrochisi mehnat nizolari komissiyasining qarorini majburiy tarzda ijro ettiradi.
(266-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 16-oktabrdagi O‘RQ-448-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 2017-y.) LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” Qonuni. Xodim belgilangan uch oylik muddatni uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan taqdirda, guvohnomani bergan mehnat nizolari komissiyasi o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashi mumkin.
267-modda. Mehnat nizosini ko‘rishni tuman (shahar) sudiga o‘tkazish va mehnat nizolari komissiyasi qarori ustidan shikoyat qilish Basharti mehnat nizolari komissiyasi o‘n kunlik muddat ichida mehnat nizosini ko‘rib chiqmasa yoki hal etmasa, manfaatdor xodim ushbu nizoni ko‘rishni tuman (shahar) sudiga o‘tkazishga haqlidir.
Mehnat nizolari komissiyasining qarori ustidan manfaatdor xodim yoki ish beruvchi komissiya qarorining nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida tuman (shahar) sudiga shikoyat qilishi mumkin. Ushbu muddat o‘tkazib yuborilganligi arizani qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi. Sud bu muddatni uzrli sabablarga binoan o‘tkazib yuborilgan deb e’tirof etgan holda, o‘tkazib yuborilgan bu muddatni tiklashi va nizoni mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 270-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarorining 2 va 3-bandlari.