fuqarolik muomalasidan chiqarilgan va chiqarilmagan ashyolar. Masalan, o‘z xususiyatlari bo‘yicha tevarak-atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan ashyolar, ya’ni xavfli xossalarga ega ashyolar (portlovchi moddalar, qattiq ta’sir qiluvchi zahar kabilar). Bunday ashyolarni erkin olish va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Muomalada bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Masalan, FKning 214-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g‘risidagi” qonuni 4-moddasi.
Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli bo‘la oladigan yoki muomalada bo‘lishga maxsus ruxsatnoma bilan yo‘l qo‘yiladigan (muomalada harakatlanishi cheklangan obyektlar) fuqarolik huquqi obyektlari turli qonunlarda ko‘rsatilgan tartibda belgilanadi (masalan, ov miltig‘i faqat ruxsat olish va ro‘yxatdan o‘tish tartibida jismoniy shaxs egaligiga o‘tishi). Yuqoridagilardan shunday xulosa kelib chiqadiki, qonun ashyolarni muomalada bo‘lish xususiyatiga qarab farqlaydi. Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyolar fuqarolar va yuridik shaxslar egaligida bo‘lishi mumkin emas. Aytilganidek, yer, yer osti boyliklari, suv va o‘rmonlar davlatga tegishli bo‘lganidan ular faqat foydalanishga berilishi mumkin. Bu ashyolar sotilmaydi, garovga qo‘yilmaydi va kreditorlarning talablarini qondirish uchun ular hisobidan haq undirilmaydi. Fuqarolik muomalasidan chiqarilgan ashyolarga nisbatan mulk huquqi har doim davlatga tegishli bo‘ladi.
Ba’zi ashyolar iqtisodiyot uchun ahamiyati, davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoxud boshqa asoslar bo‘yicha faqat alohida ruxsat bo‘yicha olinishi, sotilishi mumkin (qurol va o‘q-dorilar, portlovchi va radioaktiv moddalar, qattiq ta’sir qiladigan zaharlar, muhr, shtamp kabilar).
Valyuta qimmatliklari (chet el valyutasi, qog‘oz pullar, tanga-chaqalar); to‘lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditiv va boshqalar); qimmatbaho metallar (oltin, kumush, platina, palladiy va boshq.); qimmatbaho tabiiy toshlar (olmos, gavhar, la’l, zumrad va boshq.) milliy qonunchilikda belgilangan tartib va doirada oldi-sotdi predmeti bo‘lishi mumkin. Mazkur qimmatbaho metal va toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa maishiy buyumlar hamda shunday buyumlarning siniq parchalari bundan mustasno.
Fuqarolik muomalasidan chiqarilmagan ashyolar doirasi nihoyatda keng bo‘lib, ular erkin sur’atda mulkdorning o‘zidan begonalashtirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |