Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1. Frigiyaning tashqi siyosatidagi rolining pasayishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?
2. Lidiya mavqei va iqtisodining yuksalish sabablari nimada?
Forslarning Kichik Osiyoga yurishi
Miloddan avvalgi VI asr o‘rtalarida paydo bo‘lgan va miloddan avvalgi VI asrning II yarmida barcha Yaqin Sharq davlatlarini zabt etgan Eron shohi Doro I miloddan avvalgi VI asrning oxirlarida, o‘z qudratining cho‘qqisiga erishdi. Bu hukmdor davrida bu ulkan davlatni idora qilish tizimi tashkil etilib, qo‘shinlar harakatlanadigan strategik va savdo yo‘llari takomillashtirilgan, qaram qilingan qabila va xalqlardan olingan xirojlar Eron poytaxtiga keltirilgan. Forslar hukmronligi ostidagi viloyatlardan doimiy sur’atda katta xiroj undirilishi natijasida mazkur viloyatlar asta – sekin inqirozga yuz tutgan. Shu sababli, Eron davlati yangi hududlarni egallashga kirishadi. Yangi yerlarni istilo qilish va Eron davlatini kengaytirish siyosati butun davlat va ijtimoiy-iqtisodiy tabiiy natijalar bo‘lgan. Miloddan avvalgi VI asrdayoq forslar Kichik Osiyoning Egey dengizi bo‘yidagi boy yunon polislarini zabt etib, so‘ng Kichik Osiyoning ayrim orollari va Egey dengizining shimolidagi yunon koloniyalarini bo‘ysindirib olganlar. Bu istilolar jarayonida forslar Marmar va Qora dengizlarning Yevropa qirg‘oqlarida yashovchi frakiyaliklar va skiflarning jangari qabilalariga qarshi kurashganlar.
Doro I Eron davlatiga xos istilochilik siyosatini davom ettirib, Kichik Osiyodagi yunonlarning boy shaharlari ustidan hukmronligini mustahkamlash maqsadida miloddan avvalgi 513 yilda Frakiya orqali Shimoliy Qora dengizning shimoliy qismiga – skiflarga qarshi yurish boshlaganlar. Turli qabilalardan iborat Doro I qo‘shini tarkibida Kichik Osiyo yunonlarining harbiy bo‘linmalari hamda Gelespont hamda Qora dengizning Yevropa qirg‘og‘idagi forslarga qaram bo‘lgan yunon shaharlari aholisidan tuzilgan otryadlar ham bo‘lgan. Eron qo‘shini tarkibida muhandislik qismlari bo‘lib, ularda tajribali yunon olimlari xizmat qilib, ularning yordami bilan Bosfor orqali va Dunay daryosi orqali panton ko‘priklari qurilgan.
Qora dengiz bo‘ylarining shimoliy qismi tabiiy sharoiti to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan Doro I qo‘shinlari skiflarning asosiy kuchlarini tor-mor qilishga intilib, bepayon sahroda qolib ketadilar. Ko‘chmanchi skiflar forslarning bosqiniga qarshi kurashda eng maqsadga muvofiq taktika qo‘llaganlar. Ular qat’iy jangdan voz kechib, Eron qo‘shini yo‘llaridagi quduqlar va oziq-ovqatlarni yo‘q qilganlar. Forslarning asosiy kuchlaridan ajrab qolgan kichik otryadlarga hujum qilib muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng yurishni to‘xtatishgan va ortga qaytishgan. Lekin bu yurish natijasida forslar Vizantiya va Bolqon yarim orolining butun sharqiy qismini egallaganlar. Makedoniya forslar oliy hokimiyatini tan olgan. Eron davlatining chegaralari Gretsiyaga yaqinlashib qoldi. Forslar Egey dengizini Qora dengiz bilan bog‘lab turgan bo‘g‘ozlarni egallab, Gretsiyaning Qora dengiz bilan aloqa yo‘llarini to‘sganlar. Biroz ilgari Misrni zabt etgan forslar greklarning Navkratis bilan savdo aloqalarini ham izdan chiqardilar. Shimoliy Qora dengiz bo‘yi va Misrdan Gretsiyaga g‘alla va boshqa tovarlar kelib turar edi. Forslar Gretsiyaning raqibi finikiyaliklarning dengiz savdosiga homiylik qilganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |