Baydarka va kanoeda eshkak eshish texnikasida yuzaga keladigan xatolar. Eshkak eshish dinamik tuzilmasining xususiyati hamda qayiq ichki davriy tezligining tebranishlari harakatlarining kinematik, tashqi tuzilmasi bilan bog’liq. Xususan, kuchlanish dinamogrammasidagi xatolar qayiq tezligini pasaytiradi. Bu eshkakchidan asosan bel mushaklarini faol ishlatish hisobiga tayanch fazasi davrida “eshkak-eshkak eshuvchi-qayiq” tizimida qattiq kuch uzatilishini talab qiladi. Bunda tana va qo’llar egilishidan, ayniqsa tananing muvofiq burilishisiz tortuvchi qo’lning mahalliy bukilishidan “amortizatsiya tugunlari” hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaslik kerak.
Kuchlanishni oshirish va kamaytirish fazalari yetarlicha tez bajarilishi kerak, suvni ilishda ish “zarbali” yoki kuchsiz bo’lmasligi kerak, suvni ilishdan keyin tanaga faol kuchlanish uzatilishi zarur, eshkakning suvdan chiqarilishini cho’zmaslik kerak. Asosiy e`tibor eshkak yuzasi bilan suv yuzasining to’g’ri qoplanishiga, ko’p suv sachratmasligiga qaratiladi. To’g’ri ilishda ilgari suruvchi tezlik yorqinroq namoyon bo’lib, tayanch hamda kuch uzatish quvvati ta`minlanadi. Aks holda qayiqni ildamlatishga safarbar qilingan kuchlarning katta yo’qotishi kuzatiladi.
Eshkak yuzasining suvdagi harakati amplitudasi oxirida haddan ortiq qisqa yoki cho’zilgan bo’lishi mumkin. Birinchi holatda qayiqni yetarlicha tezlashtirish va yuqori tezlikni saqlab turish uchun zarur impulsni hosil qilish qiyin. Ikkinchi holatda olib o’tishning yakuni kam samarali bo’lishi, tezlik eshkak suvdan chiqishidan avvalroq pasaya boshlashi mumkin. Bu holat zarurat yuzaga kelganida tempni sezilarli oshirishga halaqit qiladi yoki tempning oshirilishi eshkak eshishning odatiy dinamik tuzilmasi buzilishi tufayli tezlik oshishiga yo’l qo’ymaydi.
Eshkak eshishning ikkala turiga xos ko’rsatib o’tilgan xatolardan tashqari ularning har birida alohida uchraydigan xatolar ham mavjud.
Baydarkada eshkak eshishda uchraydigan xatolar: 1. Eshkak suvga tushirilmasdan qo’llarni tirsak bo’g’imidan belgilangan vaqtdan avval bukish;
2. Qo’l ishi – olib o’tish fazasini asosan qo’llarning mushaklari hisobiga bajarish;
3. Olib o’tishning yakuniy qismida tortuvchi qo’l kaftini bukish;
4. Olib o’tish oxiriga borib itaruvchi qo’lni tushirish;
5. Eshkak yuzasini suvdan tortuvchi qo’lning kafti bilan emas, tirsak harakati bilan olib chiqish.
Kanoeda eshkak eshishda uchraydigan xatolar: 1. Tiraluvchi oyoqqa o’tirish;
2. Suvni ilish vaqtida itaruvchi qo’lni sekin rostlash;
3. Suvni ilishdan avval itaruvchi qo’lni erta rostlash;
4. Eshkak yuzasini suvga chuqur botirib olib o’tish;
5. Eshkak yuzasini tiraluvchi oyoqning soni orqasiga o’tkazish hisobiga olib o’tishni uzaytirish;
6. Olib o’tish yakunida eshkak yuzasini suvda ushlab turish;
7. Olib o’tish yakunida eshkak yuzasining qayiq oxiriga harakatini davom ettirish;
8. Eshkakni qirrasi bilan emas, yuzasi bilan suvga tashlash;
9. Tana og’irlik markazini oldinga, old oyoqqa o’tkazish;
10. Og’dirish hisobiga tashqi bort tomonga yo’nalishni burish.
Malakali sportchilar foydali ish koeffisentini maksimal oshirishga yordam beruvchi to’g’ri eshkak eshish texnikasini egallashiga uzoq yillik trenirovkalar orqali erishadi.
1. Tana bilan emas, qo’llar bilan ishlash Eshkak eshishda gavdani oldinga egish bajarilmaydi. Bu yosh eshkak eshuvchilarda samaradorlikni pasaytirishga va qo’l muskullarining tez charchashiga olib keluvchi ko’p uchraydigan xato hisoblanadi.
2. Eshkak eshuvchi gavdasining qayiq “ichi”ga burilishi bajarilmaydi.
3. Faqat bitta pastki qo’l bilan eshkak eshishga urinish. Eshkak eshuvchi yuqoridagi qo’l tirsagini to’liq bukib, faqat pastki qo’l bilan ham suvga eshkakni tiqish, ham bevosita eshish harakatini bajaradi. Bunday ishda qo’l tez charchaydi. Ikkala qo’lni ayniqsa, suvga eshkakni tiqish vaqtida ishlatish muhim.
4. Eshkakni olib o’tish vaqtida qo’llarni bukish. Eshkakni olib o’tish vaqtida qo’llar to’g’ri bo’lishi zarur. Yuqoridagi qo’l itarishi, pastki qo’l bukilmasdan tortishi lozim. Faqat eshkakni olib o’tishning oxirida pastki qo’l tortishni cho’zish va eshkakni qulay holda suvdan chiqarish uchun bukilishi kerak.
5. Eshkakni olib o’tishda eshkakni bo’ksadan ortga o’tkazish. Eshish bo’ksagacha bajariladi, keyin u samarasiz hisoblanadi.
6. Eshkak eshuvchi gavdasi tayanch davr oxirida oqtga og’ishi. Bu eshish tempini pasaytiradi. Eshishning tayanch davri gavda vertikal holatga kelgan vaqtda tugashi zarur.
7. Suvni ilish fazasi boshlanishida eshkak eshuvchi gavdasi oldinga harakatini (egilishni) davom etishi. Gavdani ko’tarishni kechiktirish suvni ilish quvvatining pasayishiga olib keladi. Gavdani ko’tarish suvni ilish fazasining boshlanishida yelka qayta burilishi bilan bir vaqtda boshlanishi zarur.
8. Suvni lish eshkak yuzasining ma`lum qismi bilan bajarilishi ya`ni, eshkak yuzasi tayanch davrda suvda yetarlicha chuqurlikda harakatlanmaydi. Natijada eshishning tortish kuchini pasaytiradi. Eshkak yuzasi shish paytida yetarlicha chuqurlikda bo’lishi zarur. Buni yuqori yordamida eshkak ushlagichiga pastga yo’naltirilgan kuchlanish berib bajarish maqsadga muvofiq.