Tinchlik – insoniyat orzusi
Har bir xalqning o‘z til boyligi bor, o‘z sevgan so‘zlari bor. Lekin dunyoda shunday so‘z borki, uni Yer yuzidagi barcha xalqlar birdek sevadilar, ardoqlaydilar. Shu so‘z uchun minglab odamlar uni baralla aytib, hayotlarini xavf ostida qoldirmoqdalar. Bu tinchlik so‘zidir! Har birimizning yuragimizdagi, tilagimizdagi so‘z bu. Tinchlik – butun insoniyat orzusi. Shuning uchun ham uni Yer yuzida qat’iy muqarrar qilish har birimizning yuksak fuqarolik burchimiz.
Biroq mana shu oddiy haqiqatni tushunmayotgan, qadriga yetmayotganlar ham bor. Ular o‘zlarining zo‘ravonlik, urushqoqlik siyosatlarini targ‘ib etmoqdalar. Bu yo‘lning jahon xalqlariga kulfat keltirish bilan tugashi, shubhasizdir. Shuning uchun ham inson qaysi davlatda yashamasin, tinchlikning dono ovoziga quloq tutmog‘i lozim.
Navro‘z
Navro‘z – O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy yangi yil bayrami. Bu bayram O‘rta Osiyoda islom dini qabul qilinmasdan ancha ilgari mavjud bo‘lgan.
Navro‘z bahor faslida nishonlanadi. Bu paytda tabiat uyg‘onib, barcha o‘simliklar ko‘kara boshlaydi. Dehqonchilik ishlari boshlanadi. Shuning uchun ham Navro‘z faqat yangi yil bayrami bo‘lib qolmasdan, mehnat bayrami hamdir. U 22- (yigirma ikkinchi) martda o‘tkaziladi. Shu kuni kecha bilan kunduz tenglashadi.
Hozir O‘zbekistonda Navro‘z bahor bayrami sifatida nishonlanadi. Bayram kunlari odamlar bir-birlariga gullar sovg‘a qiladilar, yaxshi tilaklar bildiradilar, turli milliy taomlar, jumladan, sumalak, ko‘k somsalar tayyorlaydilar. Yoshlar lapar aytib, raqsga tushadilar.
Dorbozlik
Dorbozlik – san’atning eng qadimiy turlaridan biri. Bu san’at, taxminan, ikki ming besh yuz yil ilgari Sharqda paydo bo‘lgan. Keyinchalik u butun dunyoga tarqalgan. Dor dastlab unchalik baland bo‘lmagan. Uning ustida ko‘rsatiladigan tomoshalar ham sodda bo‘lgan. 1859-yilda mashhur fransuz dorbozi K.E.Blonden Niagara sharsharasi ustida dor qurib tomosha ko‘rsatgan.
O‘zbekkistonda ham dorbozlik uzoq tarixga ega. O‘zbek dorbozlari dorning balandligini 40-50 metrga yetkazishgan.
O‘zbekistonda katta bayramlarda dorbozlik tomoshalari ham ko‘rsatiladi.
Hozirgi kunda dorbozlik sirk san’atining alohida turidir.
Abdulla Oripov
Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotining atoqli namoyondalaridan biridir.
Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida Qashqadaryo viloyatining Koson tumaniga qarashli Neko‘z qishlog‘ida tavallud topdi. Taniqli M.Qo‘shjonov aytganidek, shoirning qalbiga yoshlikdan go‘zallik va nafosat tuyg‘ulari singdi. U 1958-yilda o‘rta maktabni tugatib, O‘rta Osiyo davlat universitetining (Hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi. 1963-yilda o‘qishni muvaffaqiyatli bitirdi. Shu yildan boshlab gazeta va jurnallarda, nashriyotlarda, yozuvchilar uyushmasida turli lavozimlarda ishladi. Jamoat va davlat ishlarida faol ishtirok etdi. Oliy Majlis deputati bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekiston davlati madhiyasi matnini ham Abdulla Oripov yozgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |