Ijtimoiy xatar ko‘rsatkichlarini ikki guruhga ajratish mumkin:
ijtimoiy-salomatlikka zarar yetishi, mehnatga layoqatlikning yo’qotilishi (vaqtinchalik yoki doimiy), o‘lim holatlari, vafot etganlarning qaramog‘idagilar soni;
iqtisodiy, ya’ni mehnatga layoqatlikning yo‘qotilishi natijasida daromadlar yo‘qolishini kompensatsiyalash xarajatlari va davolanish, reabilitatsiyaga qo‘shimcha xarajatlar miqdori.
Xatarning ijtimoiy ko‘rsatkichlari odamlarning ijtimoiy himoyasizligini va ular uchun sug‘urta holatlarining muqarrar kelib chiqishini baholash uchun xizmat qiladi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar esa talab qilinadigan pul mablag‘larini aniqlash va hisob-kitob qilish imkonini beradi.
Ijtimoiy sug‘urtada himoyaning iqtisodiy va ijtimoiy elementlari tabiiy ravishda birikib ketgan bo‘lib, ular sug‘urtalangan shaxsga tegishli moliyaviy, tashkiliy va huquqiy mexanizmlar yordamida yo‘qotilgan ish haqini yoki davolanish (reabilitatsiya yoki kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tish) bilan bog‘liq kutilmagan xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Majburiy ijtimoiy sug‘urta institutining yo‘nalishi sug‘urtalanuvchilarning mavjud (erishilgan) turmush darajasini saqlashda ifodalanadi, ayni paytda sug‘urtalanuvchi uchun ishchi kuchni qayta tiklash funksiyasini ko‘zda tutadi.
“Daromadni ta’minlash to‘g‘risida”gi tavsiyalarda ta’kidlanadiki: “Majburiy ijtimoiy sug‘urta bilan qamrab olinadigan holatlar sohasi sug‘urtalangan shaxsga mehnatga layoqatsizlik yoki ish haqi to‘lanadigan ish topa olmaslik natijasida mablag‘ ishlab topishga xalal beruvchi barcha holatlar yoki muayyan shaxs vafot etishi natijasida qaramog‘idagi oila daromadsiz qolishi holatlarini qamrab olishi kerak”. Mazkur hujjatga muvofiq asosiy tamoyil deb, “mehnatga layoqatsizlik (shu jumladan, keksalik) sababli yo‘qotilgan daromadni maqbul darajagacha tiklash” tushuniladi.
Sug‘urtalanuvchilarning huquqlari, ularning himoyalanish darajasi ish haqi miqdoriga asoslangan bo‘lib, ayni paytda ularning sug‘urta badallarini hisoblashga ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Sug‘urta to‘lovi miqdori boshqa sug‘urtalanuvchilar bilan birga hamkorlik darajasini ifodalaydi va alohida sug‘urtalanuvchining shaxsiy ulushini hisobga oladi (sug‘urta badallarining alohida hisobini yuritish).
Ijtimoiy sug‘urta tizimida to‘lovlarning berilish shartlari (nafaqa, pensiyalar), ularning miqdori va muddati sug‘urta badallari tizimi bilan o‘zaro bog‘liq, bu esa sug‘urtalanuvchilarning sug‘urta badallarini to‘lashdan manfaatdorligi mexanizmini yaratadi va ayni paytda sug‘urtalanuvchilarning individual ulushi hisobini yuritish muammosini hal qiladi.
Ijtimoiy sug‘urta shu tarzda ijtimoiy himoyaning boshqa shakllaridan jiddiy ravishda farq qiladi (ijtimoiy himoya va shaxsiy sug‘urta):
sug’urtalanganlar ish haqi yo’qolishidan himoyalanadi, ya’ni sug'urta badallari va kompensatsiya to‘lovlari miqdori aynan ish haqiga bog‘liq;
sug‘urta to‘lovlari faqat sug‘urtalanuvchilarga beriladi (bunda to‘lovlar miqdori ular qaramog‘idagilarni - oila a’zolarini hisobga oladi), ular o‘zlarining shaxsiy sug‘urta badallari va ish beruvchilar foydasiga to‘langan badallari bilan ijtimoiy himoyaning ushbu turidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan, bunda boshqa shartlar ilgari surilmaydi.
Xatar ehtimoli va kattaligini baholash maqsadida kasbiy guruhlar va ish bilan band butun aholi uchun ish haqini yo‘qotishning “umumiy xavfi” hisobini yuritish vositalaridan foydalaniladi.
Alohida sug‘urtalanuvchi uchun hodisa sodir bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lsa, ikki tipik vaziyat kuzatiladi.
1. Hodisa noaniq tavsifga ega va alohida sug‘urtalanuvchi uchun u sodir bo‘lishi va sodir bo‘lmasligi mumkin: ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, ishsizlikdan sug‘urtalash, tibbiy sug‘rutalash. Agar sug‘urta holati vujudga kelsa, sug‘urtalangan shaxs sug‘urta to‘lovi huquqiga ega bo‘ladi va bunda alohida sug‘urtalanuvchilarning umumiy summasi to‘langan (ularga va ish beruvchi tomonidan uning uchun) sug‘urta badallari summasidan jiddiy ravishda (bir necha baravar) ortiq bo‘lishi mumkin. Agar sug‘urta hodisasi sug‘urta davri mobaynida sodir bo‘lmasa, sug‘urtalanuvchilarning uning foydasiga to‘langan sug‘urta badallariga huquqlari yo‘qoladi. Shu tarzda, o‘z sug‘urta huquqlarini amalga oshirmagan shaxslar (sug‘urat hodisasi sodir bo‘lmagani tufayli) bunday sug‘urta hodisasiga uchragan kishilarga hamjihatlik yordami ko‘rsatadi. Aynan shunda sug‘urtalanuvchilar o‘rtasida daromadlarni qayta taqsimlash funksiyasi namoyon bo‘ladi.
2. Sug‘urtaning sodir bo‘lishi muqarrar (pensiya sug‘urtasi), ammo bu hol faqat muayyan davrgacha yashagan kishilar, masalan, qonun tomonidan belgilangan pensiya yoshiga yetgan kishilargagina taalluqli. Ular orasidan o‘rtacha statistik davrdan uzoq yashovchilargina sug‘urta to‘lovlarining (pensiyalarning) ko‘proq hajmiga ega bo‘ladilar.
Sug‘urta to‘lovlari va to‘lovlarning ekvivalentliligi birinchi holatda ham, ikkinchi holatda ham, umuman, sug‘urta tashkiloti bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanadi, ammo ayrim sug‘urtalanuvchilar bo‘yicha unga rioya qilinmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |