D tovushi til oldi, portlovchi, jarangli undosh tovush bo‘lib, so‘zning boshida (devor, do‘kon, dala), o‘rtasida (shabada, sodda, to‘da) va oxirida (qasd, hudud, gard ) kela oladi. So‘z oxirida kelgan d tovushi talaffuzda hamma vaqt jarangsizlashadi va t tovushiga o‘tadi: Asad>Asat, Samarqand>Samarqant, Xo‘jand>Xo‘jant kabi. Bu tovush ham o‘zlashma so‘zlar tarkibidagi qo‘sh undoshlar ichida kelganda tushib qolishi mumkin: farzand>farzan, baland>balan.
N tovushi til oldi, portlovchi-sirg`aluvchi, burun, sonor, jarangli undosh tovush bo‘lib, so‘zning boshida (nom, nima, nusxa), o‘rtasida (aniq, tiniq) va oxirida (un, to‘n, son) kela oladi. Bu tovush ayrim so‘zlar tarkibida b yoki m tovushlaridan oldin kelganda, shu tovushlar ta’sirida talaffuzda (yozuvda aslicha yoziladi) m tovushiga o‘tadi: manba>mamba, tanbal>tambal, ko‘nmadi >ko‘mmadi kabi.
S tovushi til oldi, sirg`aluvchi, shoqinli, jarangsiz undosh tovush bo‘lib, so‘zning boshida (soat, semiz, sabr), o‘rtasida ( asar, mustaqil, osma) va oxirida (tus, mos, tovus) kela oladi. Bu tovush o‘zbek tilidagi eng faol qo‘llanadigan tovushlardan biridir.
Z tovushi til oldi, sirg`aluvchi, shovqinli, jarangli undosh tovush bo‘lib, so‘z boshida (zahar, zehn, zina), o‘rtasida (Aziza, andoza, qiziq) va so‘z oxirida (tig`iz, qarz, yulduz) kela oladi; bu tovush sof o‘zbekcha so‘zlarda so‘z boshida deyarli qo‘llanmaydi. Ayrim so‘zlar tarkibida yonidagi jarangsiz tovushlar ta’sirida ko‘pincha s tovushiga o‘tadi: rizq > risq, tuzsiz>tussis. Bu tovush ba’zi so‘zlarda y tovushiga mos kelishi mumkin: sizlamoq>siylamoq, so‘zlamoq > so‘ylamoq, yozmoq > yoymoq, kabi.
Sh tovushi til oldi, sirg`aluvchi, jarangsiz undosh tovush bo‘lib, so‘z boshida (shar, shahar, sholi), o‘rtasida (hashar, o‘sha) va oxirida (qish, yosh, tashvish) keladi. Bu tovush so‘zlarning turli o‘rinlarida ko‘p qo‘llanadi.
J til oldi, sirg`aluvchi, jarangli undosh tovushi arab, fors-tojik va rus tillaridan o‘zlashtirilgan so‘zlarning boshida (janr), o‘rtasida (vijdon, sajda, furajka) oxirida (garaj) uchraydi.
Dj til oldi, qorishiq portlovchi, jarangli undosh tovushi so‘zning boshida (jamalak, jabr, jilov), o‘rtasida (kajava, ojiz, o‘jar) va oxirida (xorij, xiroj, saj) keladi. Bu tovush o‘zbekcha so‘zlar oxirida deyarli qo‘llanmaydi. O‘zlashma so‘zlar oxirida qo‘sh undoshlar tarkibida kelgan җ tovushi ch tovushiga o‘xshab talaffuz qilinadi: mavj>mavch, avj>avch.
Do'stlaringiz bilan baham: |