5-ma’ruza: Grafika haqida ma’lumot
Reja:
1. Grafika va imlo
2. Til va yozuv
3. Kirill grafikasi asosidagi o‘zbek yozuvi
4. Hozirgi yozuv va uni ifoda etuvchi vositalar
Foydalangan va mustaqil o‘qishga tavsiya etilayotgan adabiyotlar: 1,2,3,4,5,6 va boshqalar.
1. Grafika va imlo. Grafika grekcha “grafika” so‘zidan olingan bo‘lib, yozuv degan ma’noni bildiradi. Grafika og`zaki nutqni turli shakllar, belgilar, raqamlar va chiziqlar yordamida aks ettiruvchi tilshunoslikning bir sohasi hisoblanadi. Grafik vositalarga harflar, belgilar va tinish belgilari kiradi. Harf – tovush ifoda etuvchi shakl. Tutuq (’) belgisi tovush ifoda etmaydigan shakl. Yozuvda qo‘llanadigan (,) (.) (!) (?) (:) (…) (-) («») (;) (‘) shartli belgilar tinish belgilari deb yuritiladi. Yozuvda 1, 2, 3 kabi raqamlar ham qo‘llanadi. Til va yozuv o‘zaro uzviy bog`liq va aloqador hodisadir. Til jamiyat bilan bir vaqtda yuzaga kelgan. U jamiyatning bo‘lishida muhim omillardan biridir. Tilsiz jamiyat bo‘lmaydi.
Yozuv – jamiyatning madaniy yutuqlaridan biri. U jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida hayotiy zarurat natijasi sifatida yuzaga keldi, yaratildi. Yozuv ham til kabi jamiyat a’zolarining aloqa-aralashuvida asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Ko‘p hollarda yozuv tilning o‘rnini bosadi. Lekin til va yozuvning o‘ziga xos ahamiyatli tomonlari bor. Yozuv fikrni etkazishda masofa jihatidan chegara bilmaydi. Til esa vaqt va makon jihatdan chegaralangan. U yaqin masofada turgan suhbatdoshiga eshitiladi.
Yozuv madaniy, ma’rifiy va adabiy boyliklarni keyingi avlodlarga meros sifatida qoldirish imkoniyatiga ega. Og`zaki nutq esa aytilayotgan paytdagina qabul qilinadi. Biroq yozuv maxsus yozuv qurollari, sharoit, vaqt va shartli belgi, shakllarni talab etadi. U tilni barcha nozikliklari bilan aks ettira olmaydi. Shunga qaramay, jamiyatda yozuvning o‘z o‘rni bor; yozuv masofa bilan ajralgan odamlar orasida aloqa munosabatini ta’minlashda, barcha uchun tushunarli bo‘lgan adabiy tilning yuzaga kelishida, madaniy-adabiy boyliklarni keyingi avlodlarga etkazishda katta imkoniyatlarga ega.
Xorazm yozuvi ham o‘zbek xalqi ajdodlari tomonidan qo‘llanilgan yozuv bo‘lib, bu yozuv II asrning oxiri III asrning boshlarida xorazmshoh chiqargan pullarda uchraydi.
V-VIII asrlar davomida turkiy xalqlar O‘rxun-Enasoy nomli yozuvdan foydalanganlar. Bu yozuv yodgorliklari Janubiy Sibirning Enasoy daryosi havzalarida va Mo‘g`ilistonning O‘rxun vodiysida topilgan. Shunga nisbatan qadimgi turkiy yozuv o‘rxun-Enasoy obidalari yozuvi deb ham yuritilgan. Turkiy xalqlarning jahon xalqlari orasida etuk madaniyatga ega bo‘lganliklaridan dalolat beradi. VI-VII asrlardan boshlab turkiy xalqlarda uyg`ur alfaviti qo‘llangan. XIV-XV asrlarda yaratilgan «Baxtiyornoma», «Merojnoma», «Tazkirai avliyo» kabi asarlar uyg`ur yozuvida ko‘chirilgan.
VII-VIII asrlarda arablar istilosi bilan bog`liq holda o‘rta Osiyoda arab yozuvi tarqala boshladi. Bu yozuvdan 1200 yil davomida to 1929 yilga qadar foydalanildi. Arab yozuvi o‘zbek tili xususiyatlariga ko‘p jihatdan muvofiq kelmas edi. Arab yozuvi bilan birga uyg`ur yozuvi ham iste’molda bo‘ldi. Bu asrlarda arab va uyg`ur yozuvi baravar ishlatildi. 1929 yildan lotin alifbosi asosidagi yangi yozuvga o‘tildi. Bu yozuvdan qisqa muddat, 11 yil ichidagina, 1940 yilgacha foydalanildi.
1940 yil 7 maydan rus grafikasi asosidagi kirill yozuviga o‘tildi. Bu yozuv o‘zbek tili tovushlar tizimini to‘liq ifodalay olmagani uchun unga qo‘shimcha shakllar kiritildi (o‘, q, g`, h).
1993 yil 2-3 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashida lotin alifbosiga o‘tish to‘g`risida qonun qabul qilindi. Lotin yozuvidan jahon xalqlarining 30 foizi foydalanadi. Bu esa o‘zbek xalqining jahon tizimiga kirishini tezlashtiradi.
1996 yildan lotin alifbosi asosidagi o‘zbek yozuvi amalga joriy etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |