MUOMALA MADANIYATI -insonlar, xalqlar, millat va elatlar, qavmlar orasida o’zaro ma’naviy aloka, salomlashuv, so’zlashuv, kelishuv va boshka insoniy munosabatlardir. Muxim aloka vositasi-M.m. ikki yoki undan ortiq kishilarning o’zaro suhbatini, munosabatini ko’rsatuvchi omil. M.m. nafaqat kishilar orasidagi aloqa vositasi, balki shu b-n birga dunyoning, olamning ma’naviy instrumenti hamdir. Sizning qanday shaxs ekaningizni, o’zaro muloqotda o’z ifodasini topadi.
MURUVVAT – insonparvarlik, biror kimsaga qilingan insoniy yordam, yaxshilik, sahovat, lutf. Muruvvat sahovat b-n uyg’un sifat, insoniy axloqiy fazilat bo’lib, xalqimizga xos bo’lgan xususiyat, milliy qadriyatdir.
MILLATPARVARLIK - bu vatanparvarlik tamoyilining yanada muayyanlashgan shakli. Zero, millatni sevish keng ma’noda Vatanni sevish degani. Vatansiz millatning bo’lishi yoki rasmana erkin va baxtli yashashi mumkin emas. Asl millatparvar - milliy o’zligini anglab etgan inson. U o’z millati b-n faxrlanadi, o’z millati b-n butun jahonning faxrlanishini istaydi. Millatparvarlik tamoyili asosida milliy g’oya yotadi, u millatni sevish amaliyotining - millatparvarlikning ilmiy-nazariy asosi sifatida maydonga chiqadi.
NOMUS - mohiyatan shaxsning o’z qadr - qimmatini anglab etishi, shu qadr - qimmatning jamiyat tomonidan tan olinishi yoki olinmasligiga nisbatan bo’ladigan munosabatidir. Biroq, bu - nomus qadr - qimmat tushunchasi bilan bir xil ma’noga ega, degani emas. Chunki qadr-qimmat shaxsdan o’zining boshqa odamlarga nisbatan kamsitilmasligini, atrofdagilardan barcha insonning teng huquqliligi tamoyilini o’ziga nisbatan qo’llashlarini talab qiladi. Nomus esa o’z qadr-qimmatini bilishdan tashqari, har bir shaxsning jamiyatda alohida, o’ziga xos tarzda egallagan mavqei va shu mavqeni dog’ tushirmay saqlash-saqlamasligi bilan bog’liq. Bu mavqe esa, shubhasiz, o’sha shaxsning ijtimoiy hayotdagi o’rni, kasbi, yoshi va unga nisbatan beriladigan axloqiy daraja bilan muayyanlashadi.
ODOBLILIK– Kundalik hayotdagi axloqiy qoidalariga rioya qilish – odob hisoblanadi. Odob axloqiy fazilatlar insonning kundalik faoliyatiga singib borayotganini ko’rsatuvchi mezondir. Odob – jamiyat qabul qilgan axloq normalarini inson faoliyatida, xatti – harakatida, muomala va muloqotida namoyon bo’lishidir. Muayyan odob doirasida bo’lish, yaxshi nom qoldirishga intilish insoniyat paydo bo’libdiki, mavjud. Insonning eng yaxshi fazilatlari nasl – nasabi, bilimi bilan emas, balki odobi bilan belgilanadi.
OILA – kishilik jamiyatining ijtimoiy poydevoridir. Unda jismonan sog’lom, ma’nan barkamol, axloqan pok va yuksak madaniyatli insonni voyaga etkaziladi. Oila hayotining asosiy maqsadi aholini qayta tiklash va bolalar tarbiyasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |