Dunyo tillari tasnifi. Tasnif haqida taniqli tilshunos olim O.Azizov shunday yozadi: ”Tabiiy yoki ijtimoiy hodisalarning eng asosiy , eng muhim belgilarini nazarda tutgan holda dunyodagi narsalaning guruhlarga ajratilishi tasnif deyiladi.”18 O`z xalqidan boshqa xalq tilini va og`zaki ijodi namunalarini o`rganish inson tabiatiga xos bo`lgan xususiyat - bilishga qiziqish tufayli amalga oshirilgan. Bu jihatdan buyuk vatandoshimiz Mahmud Koshg`ariyning xizmatlari haqida to`xtalmasdan iloj yo`q. ”U (Mahmud Koshg`ariy) haqli ravishda turkologiya fanining asoschisidir”, - deb yozadi tilshunos olim Abduhamid Nurmonov.19 Mahmud Koshg`ariy uzoq vaqt davomida turkiy qabilalar yashaydigan ulkan hududni kezib chiqdi va bu qabilalarning tilini, og`zaki ijod namunalarini sinchiklab o`rgandi hamda o`zining ”Devonu lug`atit turk” asarini yaratdi. ”Devon” aslida turkiycha-arabcha lug`at hisoblanadi, ya’ni olim o`z asarida turkiycha so`zlarni arab tiliga tarjima qiladi hamda ularni izohlash uchun qo`shiq, maqol, matal va afsonalardan misollar keltiradi. Shu bilan birga, bu asarda turkiy tillar fonetikasi, leksikasi, grammatikasi qiyosiy jihatdan tahlil qilingan.
Bu sohada buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning ”Muhokamat ul-lug`atayn” asari ham qiyosiy tilshunoslik bo`yicha yaratilgan mukammal asar namunasi sifatida qayd qilinishi mumkin.
Har ikkala mutafakkirning yaratgan asarlari juda katta nazariy va amaliy ahamiyatga egadir.
Yevropada esa tillarni bir biriga qiyoslab o`rganish ko`proq amaliy tabiat kasb qilgan. Buni quyidagicha izohlash mumkin.
Tarixdan ma’lumki, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Angliya, Fransiya, Gollandiya kabi dengiz mamlakatlari XV-XVI asrlardan boshlab mustamlakachilik siyosatini boshlab yuborganlar va ko`pgina mamlakatlarni bosib olib, ularning moddiy va ma’naviy boyliklarini o`zlashtirishga kirishgan. Bu siyosatni o`tkazish uchun ularga mahalliy aholining tilini, madaniyatini, urf-odatlarini bilish zarur edi, natijada ularning tillarini o`z tillari bilan qiyoslab o`rganishga kirishganlar.
Bu sohada Gvilelm Postellus degan olimning 1538-yilda yaratilgan ”Tillarning qarindoshligi haqida” (”De affinitae linguarum”) asarini, Iosif-Yustus Skaligerning 1599-yilda yozilib, 1610-yilda Fransiyada nashr qilingan ”Yevropa tillari haqida mulohazalar” (”Diatriba de europeorum linguis”) nomli asarini, shuningdek, E.Gishar, Iov Ludolf, Gotfrid-Vilgelm Leybnis, Yuriy Krijanich, Filipp-Iogann Stralenberg, Frans Bopp, Rasmus Rask, Vilgelm Gumboldt, Avgust Shleyxer, F.F.Fortunatov, Ferdinand de-Sossyur, A.Meye kabi ko`plab tilshunoslarning ishlarini misol qilib keltirish mumkin.
Dunyo tillarini tasniflashning diqqatga sazovar bo`lgan ikkita turi mavjud. Quyida shularni ko`rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |