www.ziyouz.com
kutubxonasi
13
berayotgani, xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotgani
barchamizga haqli ravishda g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib,
O‘zbekistonning mustaqillik yillarida – tarixan qisqa bir davrda erishgan,
shu jumladan, ta’lim va ma’rifat sohasida qo‘lga
kiritgan yutuq va
marralari haqida keltirilgan ma’lumotlar yig‘ilganlarda katta qiziqish va
havas uyg‘otdi.
Eng muhimi, ana shu davr mobaynida chuqur o‘ylangan va aniq
maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirgan ulkan ishlarimiz natijasida
mamlakatimiz dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatorida 12 yillik
majburiy umumiy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga o‘tgani O‘zbekistonimiz
erishgan yutuqlarning yaqqol tasdig‘i sifatida qabul qilindi.
Haqiqatan ham, mamlakatimizda keyingi o‘n-o‘n ikki yil mobaynida 1
ming 394 ta kasb-hunar kolleji, 142 ta akademik litsey, 9 ming 772 ta
maktab, o‘nlab oliy o‘quv yurtlari yangitdan bunyod etilgani,
rekonstruksiya qilingani va kapital ta’mirlanganining o‘zi tariximizda ilgari
hech ko‘rilmagan ulkan hodisadir.
Ana shunday ezgu ishlarimizning davomi sifatida maxsus dasturlar
bo‘yicha 1 ming 200 ta bolalar sporti obyekti barpo etilgani, 278
ta musiqa
va san’at maktabini yangitdan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib
borilayotganini ta’kidlash lozim.
Ayni vaqtda ushbu maskanlarni zamonaviy talablar asosida jihozlash,
o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari, internet tizimini keng joriy qilish, o‘quv-mashg‘ulot va
laboratoriya xonalarini tashkil etish, darslik va qo‘llanmalarning yangi
avlodini yaratish, malakali pedagog va murabbiy kadrlar tayyorlash uchun
qancha-qancha mehnat, kuch va mablag‘ sarflangani haqida, o‘ylaymanki,
ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.
Yana bir muhim tomoni – uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan bunday
ishlarimiz nafaqat shahar
va qishloqlarimiz qiyofasini, balki butun
jamiyatimiz, avvalo, yoshlarimizning dunyoqarashini, ularning siyosiy,
huquqiy va madaniy saviyasini o‘zgartirib, mamlakatimizning dunyo
miqyosidagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda mustahkam poydevor
bo‘layotgani bilan ayniqsa e’tiborlidir.
Albatta, oldimizda turgan ezgu maqsadlarimizga erishish yo‘lida
yaratilgan barcha keng imkoniyatlar e’tirof etilayotgan bir paytda, biz eng
avvalo bunyod etilayotgan sharoitlarga bamisoli jon va kuch berayotgan,
www.ziyouz.com
kutubxonasi
14
ularni ishga solayotgan muallim va murabbiylarning og‘ir va mas’uliyatli
mehnatining o‘rni va ahamiyatini chuqur anglab, ularni munosib qadrlash
va baholash barchamizning doimiy e’tiborimiz
markazida turishini yaxshi
tushunamiz.
Ayni shu maqsadda pedagog xodimlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-
quvvatlash, ularning mehnatini rag‘batlantirish, ish haqini oshirish
bo‘yicha yangi tizim joriy etish, o‘qituvchilik, murabbiylik, ma’rifat
sohasida jonkuyarlik va fidoyilik ko‘rsatayotgan insonlarni Vatanimizning
yuksak unvonlari, orden-medallari va mukofotlari bilan taqdirlash
masalalarini o‘zimizning burchimiz deb hisoblaymiz va bundan keyin ham
shunday bo‘lajak, inshoollo.
Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, diqqatingizni yana bir masalaga jalb
etishni istardim. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda pedagogika
yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga
hujjat topshirayotgan
abituriyentlar soni eng yuqori ko‘rsatkichni, ya’ni 22,6 foizni tashkil
etmoqda.
Agarki, bu nimaning dalolati, deb so‘rasa, men, bu birinchi navbatda
mamlakatimizda o‘qituvchilik chindan ham sharafli kasbga aylanayotgani,
yoshlarimiz o‘z o‘rnim, o‘z baxtimni aynan shu kasb orqali topaman, deb
astoydil intilayotganining dalolatidir, deb aytgan bo‘lardim.
Biz mamlakatimizni modernizatsiya qilish, hayotimizni yanada
erkinlashtirish hisobidan dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoriga
kirishni o‘z oldimizga buyuk maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, ta’lim-tarbiya
sohasidagi ishlarni aslo bo‘shashtirmasdan, yangi va yuksak bosqichga
ko‘tarishni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Barchamizga ayonki, bugun hayot shiddat bilan o‘zgarib,
yoshlarning
ongi va qalbini egallash uchun turli intilish va harakatlar tobora kuchayib
bormoqda.
Ana shunday murakkab bir vaziyatda milliy o‘zligini, kimning, qanday
buyuk zotlarning vorisi ekanini, Vatan tuyg‘usini chuqur anglaydigan,
irodasi mustahkam, yuksak ma’naviyatli yosh avlodgina bizga yot va
begona bo‘lgan zararli ta’sir va oqimlarga qarshi tura oladi.
Farzandlarimizni ana shunday ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalashda
mening eng yaqin maslakdoshim, ko‘makchim va suyanchim bo‘lgan siz,
muhtaram muallim va murabbiylar o‘zingizning bilim va tajribangizni,
kuch-g‘ayrat va mahoratingizni ayamaysiz, deb ishonaman.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
15
Fursatdan
foydalanib, siz azizlarimga – yurtimizdagi barcha o‘qituvchi
va murabbiylarga Vatanimizning bugungi ravnaqi, ertangi istiqboli
yo‘lidagi mas’uliyatli mehnatingiz uchun xalqimiz nomidan, o‘z
nomimdan yana bir bor chuqur minnatdorlik izhor etishni ham qarz, ham
farz deb bilaman.
Qadrli do‘stlar!
Barchangizni qutlug‘ bayramingiz bilan samimiy tabriklab, sizlarga
yangi-yangi yutuqlar, sihat-salomatlik va baxtu saodat, xonadonlaringizga
tinchlik-xotirjamlik tilayman.
Umringizdan baraka toping, hech qachon kam bo‘lmang, aziz ustozlar!
Do'stlaringiz bilan baham: