www.ziyouz.com
kutubxonasi
19
U chap oyog‘ini ko‘targancha hakkalab sakray boshladi. Ammo o‘n qadam ham
yurolmadi. Har sakraganda burni buloqdek qaynaydi. Qayta-qayta artgani bilan foydasi
yo‘q. Bolalar xaxolaydi. Ayniqsa, men huzur qilib kulaman. Oxiri bo‘lmadi — Toy yiqilib
tushdi.
— Bo‘ldi! Qaytadan zuvlaysan.
— Zuvlamayman!
— Zuvlaysan!
— Zuvlamayman! Zuvlamayman! — Toy to‘satdan jazavasi tutib yerni mushtlagancha
yig‘lab yubor-di.— Hammangni yomon ko‘raman! Ayniqsa sen yomonsan!
Shovqin-suron bilan bo‘lib onamning chaqirganini eshitmay qolibman. Bir mahal
qarasam, tepamda onam turibdi...
— Tur, bolam, — onam Toyning boshini siladi. Etagini ko‘tarib, uning burnini artdi. —
Voy, onang o‘rgilsin, qo‘y, yig‘lama, bolam. — Keyin meni chetga imladi. — Bu yoqqa
yur-chi!
Nariroqqa bordim.
— Nega ukangni yig‘latasan? — dedi qahr bilan.
— Qaysi ukamni?
— O‘sha ukangni!
— Toy-ku! Qanaqasiga ukam bo‘lsin? — dedim iljayib.
— Shunaqasiga! Nega qiynaysan bola bechorani? Yog‘ochning bo‘shini qurt yemay o‘lsin.
— G‘irromlik qilmasin-da, bo‘lmasa! — dedim chiyillab. — Nega zuvlamaydi?
— O‘lib qoldingmi shu bilan?..
O‘shandan keyin ko‘p o‘tmay Toylar ko‘chib ketishdi. Qayoqqaligini bolalar
surishtirishmadi ham.
Toy... o‘sha o‘zimizning Toy shunday yigit bo‘lganiga hamon hayron edim.
Onam vafot etganda Toy onasi Niso xolani boshlab keldi. Keyin ham ko‘p yelib-yugurdi.
Kunora keladi.
«Bizga xizmat bormi?» deb mashinasini to‘g‘rilab turadi.
Qaysi kuni ishdan kelsam, eshik oldida yana Toyning mashinasi turibdi. Qarasam,
ayvonda Toy bilan Niso xola o‘tirishibdi. Sochlari oqarib ketgan Niso xola men bilan
aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi.
— Poshsha opamni tush ko‘ribman, — dedi ko‘ziga yosh olib. — Toyirjonni yetaklab
yurgan emishlar. Shunga bir xabar olay, deb keldim. — U bir zum indamay qoldi-da,
ovozi tovlanib davom etdi: — Poshsha opam qandoq edilar-a! Toyirjonni qandoq yaxshi
ko‘rardilar-a!..
Niso xola ko‘zimga tikilib ohista so‘radi:
— Bilasiz-a?
— Bilaman, juda yaxshi ko‘rardilar, — dedim bolalikdagi o‘sha voqealarni eslab.
Niso xola ko‘zimga yana diqqat bilan tikildi.
— Aytgan bo‘lsalar kerak?
— Nimani?
— Aytmaganmilar?
— Nimani aytadilar! — dedim hayron bo‘lib.
— Iya, Toyirjon sizning ukangiz-ku! — Niso xola astoydil ajablandi. Keyin ma’yus tortib
jimib qoldida, xo‘rsindi. — O‘shanda siz talpinchoq bo‘lib qolgan edingiz. Toyirjonning
chillasi chiqmagan... Xudoning ham bandalariga atagan azobi ko‘p ekan. Bir kechada
kasalga chalinib qoldim. Ko‘kragimga yomon yara chiqib, qirq kun «ol ket, ol qo‘y» bo‘lib
yotibman deng... Ayni qahatchilik, urush, birov birovga holing nima kechdi, deyishi
mahol... O‘zim-ku, mayli, bolam o‘lib qoladi, deyman. Dokaga angishvonadek yog‘mi,
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |