www.ziyouz.com
kutubxonasi
26
— Voy, sho‘rim! — dedi pichirlab. — Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.
U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab
turdi-da, qo‘limdan tutdi.
— Yur, keta qolaylik.
Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.
Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni
qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.
Choyxona ro‘parasida pastak tomiga qora qog‘oz tashlangan, derazasining ko‘ziga
yaltiroq xitoy qog‘oz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini
bilmadimu, biroq do‘kon eshigi oldidagi yog‘och xarrak bo‘sh edi. Uch-to‘rt qadam
yurgandan keyin oyim to‘xtab qoldi.
— Sochingni oldiramizmi? — dedi to‘satdan.
Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, jo‘raboshi albatta boshimga
shapatilab «ustara haqi» olishadi.
— Yura qol, — oyim yelkamga qoqdi. — Soching o‘sib rangingni siqib yuboribdi.
Ochiq eshikdan sekin mo‘raladim. Ichkarida mijozlar yo‘q, oldiga kir peshband taqqan
sartarosh devor tomonga qarab choy ichib o‘tirgan ekan. Kechagi yomg‘irda bu yerdan
ham chakka o‘tgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz
tushib qolgan. Oyim eshikdan mo‘ralab, sekin yo‘taldi.
Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Mo‘ylovi tekis qaychilangan qisiqroq ko‘zli kishi
ekan.
— Jiyanning sochini olamizmi? — dedi o‘rnidan turib. Shundagina uning bitta oyog‘i
yog‘och ekanini ko‘rdim. Nosrang galife shimining yog‘och oyog‘idagi pochasini qayirib
qo‘yibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni do‘pillatib yaqin keldi. — O‘tir, jiyan,
— dedi eski kursiga imo qilib.
Devorga tirab qo‘yilgan xira toshoyna ro‘parasiga o‘tirdim. Oyim boshimdan do‘ppimni
yechdi-da, boya sartarosh o‘tirgan kursiga joylashdi.
— Ustarada olamizmi, mashinadami? — sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari
yopishgan matoni qoqib-qoqib bo‘ynimga solarkan, onamga yuzlandi.
— Mashinada ola qoling, — dedi oyim.
Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq
qilgancha sochimni olishga tushdi.
— Nega ixraysan? — Sartarosh boshimni besh barmog‘i bilan changallagancha dashnom
berdi. — Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham
ixraysanmi?
Oyimdan panoh kutib, aksini oynada ko‘rish umidida mo‘raladim. Biroq ko‘zgu
shunaqangi xira ediki, o‘zimning yuzimni zo‘rg‘a ko‘rardim.
— Siz shu yerlikmisiz? — dedi onam bir mahal.
— Sho‘tlikmiz, — sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. — Nimaydi?
— Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, — dedi oyim osoyishta ohangda. — Odilxo‘ja
deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.
— Nega tanimas ekanman! — Sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. — Shundoq
Mahmud bukur bilan qo‘shni turadi-da, otxonadan o‘tsangiz to‘rtinchi darvoza!
— Bir narsani bilmoqchiydik, — oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. —
Xudoyligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar o‘zi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo
boshqa joydan kelishganmi?
— Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? — Sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli,
bosh irg‘adi.— Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi
bog‘bon o‘tgan. Katta uzumzori bo‘lardi. Shibilg‘oni deysizmi, shakarangur deysizmi,
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |