Harakatning davomiyligi: –Mening xotinim bo‘lib, aroq ochishni bilmaysanmi? – dedi mingboshi, xoxolab kuldi. – O‘rgan! Mana qarab tur! – Shishaning tagiga yo‘g‘on shapalog‘i bilan ikki marta urdi, po‘kak chachrab chiqib shiftga tegdi, so‘ngra u erdan sachrab tovchadagi katta jomga kelib tushdi, «jar-r-rang!»... etdi jom.
– Ha-ha-ha!.. – dedi mingboshi. Jomlaringni jaranglatdim, sintaloq! (Cho‘lpon).
O‘h-ho‘, bunaqa sigir bozorda falon pul bo‘lsa kerak.(S.Ahmad)
Ziyodni onasi betini bilaklariga bosadi. Ziyodni onasi iz-z-iz-z yig‘laydi. Ziyodni onasi yum-m-yum-m yig‘laydi. (T.Murod)
Yarim soatlik qonli «g‘ov-v-v-v, g‘u-v-v-v, ov-v-v-v-v, ov-v-v-v»dan so‘ng Mallaxonning davangisi mag‘lub bo‘lib, faje’ bir suratda yaralandi. (A.Qodiriy)
Harakatning oniyligi: Mashina Chuqursoyga qayrilish o‘rniga yo‘lning o‘rtasida taqqa to‘xtadi.
Ovoz kuchining balandligi: «Bummm» degan tovush eshitildiyu, ko‘kni chang to‘zon qopladi.(Gazetadan)
Ovoz kuchining pastligi: Ammo shunchalik davru davronlar o‘tquzilg‘an va o‘tquzilmoqda bo‘lg‘an bo‘lsa ham bunchalik ochub–...tis-s-s! Yopig‘liq qozon-yopig‘liq... tuya ko‘rdingmi - yo‘q... (A.Qodiriy) Mashina bir-ikki pig‘-g‘-g‘ degan ovoz chiqardi-da butunlay o‘chib qoldi.
3.So‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish. Og‘zaki nutqda turli sabablarga ko‘ra ayrim so‘zlar, asosan, o‘zlashma so‘zlarni buzib talaffuz qilish holati mavjud. Bunday xato so‘zlovchining o‘zlashgan so‘z imlosini to‘g‘ri tasavvur qilmasligi, boshqa millatga mansubligi, paronimlarni farqlamaslik natijasida yuzaga keladi, deb izohlash mumkin. Badiiy asarda bu usuldan qahramon nutqini individuallashtirish hamda ifodani og‘zaki - jonli nutqqa yaqinlashtirish maqsadida foydalaniladi. Ayrim o‘rinlarda kulgi qo‘zg‘atish maqsadida ham so‘zlar atayin buzib talaffuz qilinadi va o‘sha tarzda yoziladi. Masalan:
-Kotibadan, kirsam mumkinmi, deb so‘rash kerak.
–Jinni bo‘ldingmi, Ne’mat?
–Men sizga Ne’mat emasman, o‘rtoq Babbayev bo‘laman, o‘rtoq Xajjayip.(S.Ahmad)
–Shayxantovur yarmankasiga ro‘za bo‘yi mol yoyg‘on juvonlar, kampirlar, qizlar, tumsalar faje bir qiyofa bilan «alvido, yo mohi ramazon», deb ro‘mol silkitadirlar.(A.Qodiriy)
–Xo‘p, bo‘pti. Uning oti Zulfiqor, fomilasi... –aytaveraymi, deb unga qaradi. (S.Ahmad)
Bo‘rixon begona uyga kirib qolgan odamdek qovushmay turardi. U ukalariga, singillariga nima deyishni bilmasdi. To‘g‘ri, nima deyishni bilardi. Ammo, til bilmasa nima qilsin? O‘ylab-o‘ylab, «Salyam!» dedi. Jigarlari kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay hayron turib qolishdi. (S.Ahmad)
Rejissyor tag‘in elkam qoqdi.
–Barra kalla, barra kalla! – dedi.
Rejissyor elkam qoqa-qoqa meni mashina taraf jo‘natdi.
Men yo‘l-yo‘lakay raisimizdan so‘radim:
–Rais bova, rejissyor nima deyapti?
–Barakalla deyapti, barakalla.(T.Murod)
Alliteratsiya. Badiiy nutqning ohandorligini va ta’sirchanligini ta’minlashda alliteratsiyaning o‘rni beqiyosdir. She’riy nutqda misralar, undagi so‘zlar hamda bo‘g‘inlar boshida yoki oxirida bir xil undosh tovushlarning takror qo‘llanishiga alliteratsiya deyiladi. Tovushlar zamiridagi musiqiylikka asoslangan bu usul qadimdan Sharq she’riyatida keng qo‘llanilib kelingan. Ko‘hna badiiyatshunoslik («ilmi bade’»)da alliteratsiya «tavzi’ san’ati» deb yuritilgan. Alliteratsiya deganda zabardast shoir Erkin Vohidovning mashhur «q» alliteratsiyali she’ri ko‘z oldimizga keladi:
Do'stlaringiz bilan baham: |