Nerv markazlarining kislorod yetishmovchiligiga sezgirligi. Bosh miya bir necha lahza qon bilan ta`minlanmasa, odam hushidan ketadi. Chunki neyronlar kislorod tanqisligigs nihoyatda sezgir bo`ladi. To`qimaning kislorodga ehtiyoji qanchalik yuqori bo`lsa, uning faoliyati kislorod yetishmovshiligida shunchalik qattiq va tez buziladi. Bosh miyaning massa birligiga nisbatan kislorod sarfi tinch holatdagi muskulnikiga qaraganda 22 hissa, jigarnikiga nisbatan 10 hissa ko`p. Shuning uchun miyaga qon kelishi qisqa muddat to`xtab qolgudek bo`lsa, neyronlarda asliga kelmaydigan o`zgarishlar sodir bo`ladi. MNT ning turli qismlaridagi neyronlarning kislorod tanqisligiga chidashida farq bor: yarim sharlar po`stlog`ining neyronlari qon aylanishi 5-6 minutga to`xtaganda nobud bo`ladi, orqa miya neyronlari esa 20-30 minutdan keyin ham o`z faolligini tiklashi mumkin.
Tana haroratini sun`iy yo’l bilan pasaytirib (gipotermiya chaqirib), neyronlarning nobud bo’lmaydigan vaqtini ancha uzaytirish mumkin. Harorat past bo’lganda almashinuv jarayonlari juda susayadi va kislorodga bo’lgan ehtiyoj kamayadi.
Yurak faoliyati to`xtatilishini talab qiladigann yurakdagi va yirik qon tomirlardagi operatsiyalarda sun`iy gipotermiyadan foydalanadilar.
Nerv markazlarining ba`zi zaharlarga va dorilarga sezgirligi. Ba`zi o`simliklarning odam ruhiga, kayfiyatiga ta`sir qilishi, uyqu keltirishi, og`riqni qoldirishi qadimdan ma`lum bo`lgan. MNT ga ta`sir qiladigan moddalar bir necha guruhga bo`linadi. Bular narkoz uchun qo`llaniladigan moddalar, uxlatadigan, psixotrop moddalar, tutqanoqqa qarshi dorilar, og`riq qoldiradigan moddalar, qustiruvchi va qo`sishning oldini oladigan preparatlar. Bu moddalarga alkogol, tamaki nikotini, choydagi kofein va boshqalar kiradi.
Neyrotrop moddalar nerv tizimining ma`lum tuzilmalariga va markazlariga ta`sir qilganidan MNT faoliyatini o`rganishda keng qo`llaniladi.
Dominanta. Markaziy nerv tizimini bir-biri bilan morfologik va funksional murakkab bog`langan nerv markazlari yig`indisi deyish mumkin. Bu markazlar o`rtasidagi munosabatlar juda murakkab va o`zgaruvchan. Bir markaz funksional holatining o`zgarishi atrofdagi markazlar faoliyatiga sezilarli ta`sir ko`rsatadi. Antagonist muskullar markazlarining payvasta tormozlanishi bunga misol bo`la oladi. A.A.Uxtomskiy ifodalab bergan dominanta tamoyili ham markazlararo munosabatlarning katta biologik ahamiyatga ega bo`lgan bir misolidir.
Dominanta so`zi “hukmron” degan ma`noni bildiradi. A.A.Uxtomskiyning fikricha, ma`lum sharoitda qaysidir nerv markazida qo`zg`alishning hukmron o`chog`i paydo bo`ladi. Gumoral yoki reflektor taassurotlar bunday hukmron markazlarning yuzaga chiqishiga sabab bo`ladi. Uni quyidagi xususiyatlar ajratib turadi: o`ta qo`zg`aluvchanlik; davomli iz jarayonlari bilan bog`liq bo`lgan turg`unlik (inertlik); qo`zg`alishlarning qo`shish qobiliyati.
Hayotiy ahamiyatga ega bo`lgan reflekslar, masalan, ovqatlanish, jinsiy reflekslar markazlari dominanta holatiga o`tadi. Bu holat ma`lum intilishlarni paydo qiladi, xatti-harakatlarni shakllantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |