Bosh miya. Oldingi miya, o`rta miya, keying miya
Bosh miya odam markaziy nerv sistemasining oldingi bo’limidir. Bosh miya bo’limlarining funksiyasi tufayli organizmni o’rab turgan muhit bilan o’zaro munosabatlari idora qilinadi xulq-atvor reaksiyalari boshqariladi va barcha to’qimalar, organlar va ularning sistemalari ishi muvo- fiqlashtiriladi.
Bosh miya kalla suyagi bo’shlig’ida joylashgan bo`lib, unda miya o’zagi, limb sistemasi, miyachadan tashkil topgan evolyusion jihatdan qadimiy qism va birmuncha kech vujudga kelgan tuzilma — bosh miya yarimsharlari yoki oxirgi miya farq qiladi. Oxirgi miya uzunasiga ketgan egat bilan ikki qismga — so’galsimon tana, bitishma va gumbaz bilan birgalikda birikkan o’ng va chap yarimsharlarga bo’lingan.
Miya o`zagi oraliq miya, o’rta miya, ko’prikcha, uzunchoq miya va miyachadan tashkil topgan. Miya o’zagi ichida sirkulyar formatsiya nomini olgan tursimon tuzilma bo`ladi.
Uzunchoq miya orqa miyaning davomi hisoblanadi. U orqa miyaning shaklini saqlab qoladi, yuqori tomondan birmuncha kengayib boradi va ko’prikchaga o’tadi. Uzunchoq miya ichidagi bo’shliq rombsimon chuqurcha yoki to’rtinchi qorincha nomini olgan bo`lib, u orqa miya kanalining davomi hisoblanadi. Uzunchoq miyada nerv hujayralarining ikki tomonlama simmetrik joylashgan bo’limlari bo`lib, ular yadro deb ataladi. Hammasi bo`lib mavjud 12 juft nervdan uzunchoq miyada 8 jufti bo`lib, ana shulardan nerv tolalari: kalla-miya nervlari boshlanadi. Bosh miya turli organlar bilan shu nervlar orqali bog’lanadi.
V jufti — uch tarmoqli nerv aralash nerv tolalaridir. Ular sezuvchi va harakatchan tolalardan tashkil topgan. Birinchilari ko’z kosasi, burun va og’iz soxasi retseptorlaridan keladi. Ikkinchilari chaynash muskullariga va yuzning boshqa ba`zi muskullariga boradi;
VI jufti — uzoqlashtiruvchi nervlar ko’z soqqasining tashqi to’g’ri muskullarini innervatsiya qiladi;
VII jufti — yuz nervlari yuzning barcha imo-ishora (mimika) muskullarini va jag’ osti so’lak bezlarini innervatsiya qiladi;
VIII jufti — eshitish nervlari ichki quloq retseptorlaridan impulslar o’tkazadi;
IX jufti — til-halqum nervlari halqum muskullari va og’izning shiliq pardasini, til ildizi muskullarini, quloq oldi so’lak bezlarini innervatsiya qiladi;
X jufti — adashgan nervlar yurak, o’pka, bronxlar, qizilo’ngach, me`da, ichaklar, jag` osti so’lak bezlari, taloq, qon tomirlarini innervatsiya qiladi;
XI jufti — qo’shimcha nervlar trapesiyasimon va to’sh-o’mrov so’rg’ichsimon muskullarni innervatsiya qiladi;
XII jufti— til osti nervlari til muskullarini va bo’yinning oldingi muskullarini innervatsiya qiladi.
Uzunchoq miya reflektor va o’tkazuvchi funksiyalarni bajaradi. V dan XII juftgacha bo`lgan kalla suyagi — miya nervlari joylashishiga ko’ra, ko’prikchani ham egallab turadi. Uzunchoq miyaning reflektor faoliyati orqa miyanikidan murakkab va turli-tumandir: nafas olish, tomirlarni harakatlantirish, yurak ishini tartibga solish, ovqat yutish, so’rish, chaynash, yo’talish, qayt qilish, ko’zni pirillatish, ko’z yoshi ajratish, me`da-ichak yo’li bezlari sekresiyasi va ularning harakat funksiyasi, bo’yin va gavda muskullari — oyoq-qo’lni yozadigan muskullar tonusini o’zgartirish shular qatoriga kiradi. Uzunchoq miya shikastlansa, nafas olish, yurak urishi to’xtaydi.
Orqa miyadan chiqadigan va bosh miyadan pastga tushadigan nerv yo’llari uzunchoq miya orqali o’tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |