www.ziyouz.com kutubxonasi
124
Loyga botgan otlar ancha odamni yo‘ldan tutib qolayotganini ko‘rgan Bobur:
— Bas, chiqarib bo‘lmasa, qolsin! — dedi.
Qosimbek darhol uning so‘zini quvvatladi:
— Piyoda qolganlar mening otlarimdan olsinlar!
Oti loyga tiqilgan navkarlardan biri Tohir edi.
— Tog‘larda qancha otu tevalar qoldi, uchmalardan o‘tib kelgan otim endi shu balchiqda
qolsinmi-a? — dedi Tohir otiga achinib.
— O‘zimizning jonimiz ham qil ustida! — dedi Bobur.
Tohir Qosimbek uchun yetaklab kelinayotgan otlardan biriga mindi. Yana ikki navkar
piyoda qolgan edi. Ularga Bobur o‘zining to‘rtta otidan ikkitasini berdi.
Hozir uning ko‘ziga ot-ulov ko‘rinmas edi. Eng muhimi, uning Samarqandga
yaqinlashayotganini Shayboniyxon mutlaqo sezmasligi kerak.
Bobur yozi bilan tog‘larda yurdi, Shahrisabzdan Hisorga, undan Fondaryo bo‘ylariga
oshib o‘tdi. Samar-qand beklari butun navkarlari bilan Hisor hokimi Xisravshoh tomoniga
o‘tib ketdi. Andijondan Bobur bilan kelgan odamlarning ko‘pchiligi Iskandarko‘l
bo‘ylaridan O‘ratepa orqali Farg‘ona vodiysiga qaytdilar.
Jangdovullar bu xabarlarning hammasini Shayboniyxonga allaqachon yetkazgan edilar.
Boburning bir necha yuz kishi bilan tog‘ orasida qiynalib yurganini aniq biladigan
Shayboniyxon endi uning Andijonga qaytib ketishiga yoki O‘zgandan narida xonlik
qilayotgan tog‘asi Olachaxon oldiga borishiga shubha qilmas edi. Shayboniyxon yov
hujum qilishini kutmas, shuning uchun shaharda besh yuz kishilik qo‘shin qoldirib, qal’a
tashqarisidagi Xo‘ja Diydor degan joyni qarorgoh qilgan edi.
Shayboniyxonning bexavotir yurganidan xabar topib, Samarqandga tavakkal qilib
borayotgan Bobur juda qaltis bir ishga bel bog‘laganini sezardi. Shayboniyxonning
josuslari ko‘pligi unga ma’lum edi. Xon o‘zini sezmaganga solib, Boburni shaharga yaqin
kelguncha qo‘yib berishi, keyin qurshovga olishi mumkin edi. Shahar ichidagi qo‘shin
ham Boburning odamlaridan ikki-uch barobar ko‘p. Bobur Shayboniyxonning qo‘liga
tushsa, tirik qutulolmasligini biladi. Navkarlar, beklar omon qolishi va xon askarlari
safida xizmat qilib ketishi mumkin — Sulton Ali mirzoning ko‘pchilik bek va navkarlarini
xon o‘z lashkarlariga qo‘shib olgani hammaga ma’lum. Ammo yangi bir sulolaga asos
solmoqchi bo‘lgan Shayboniyxon temuriylarni ayovsiz o‘ldirishga qasd qilganini Bobur
bilar edi. Shuning uchun agar biron falokat bo‘lsa-yu, qutulib ketolmasa, oxirgi
nafasigacha jang qilishga, xonning qo‘liga tirik tushmaslikka ahd qilib bormoqda edi.
Qorong‘ida yana bir talay ariqlardan o‘tdilar, kuz kirib, egalari ko‘chib ketgan kimsasiz
bog‘otlarni oralab borib, Samarqanddan beriroqdagi Puli Mag‘oq ko‘prigi oldida
to‘xtadilar. Bundan ikki kun oldin to‘rtta ishonchli navkar dehqon kiyimida shu yerga
yuborilgan, ular qal’a devoriga qo‘yib chiqish uchun ulkan shotilar tayyorlagan, shu bilan
birga, vaziyatni o‘rgangan edilar. Oldindan tuzilgan rejaga binoan, navkarlardan yetmish
saksontasi shu yerda otdan tushdilar va shotilarni ko‘tarishib, sekin G‘ori Oshiqon deb
ataladigan baland jarlikka tomon piyoda ketdilar.
Bobur qolgan navkarlar bilan Feruza darvozasiga yaqin borib, daraxtzor tepalik panasida
to‘xtadi.
Atrof jimjit. Uzoqdan xo‘rozning birinchi qichqirig‘i eshitildi. Osmon ola bulut. Qorayib
turgan baland qo‘rg‘on ko‘zga zo‘rg‘a chalinadi. Bobur yonidagi Qosimbekning yutoqib,
titrab nafas olganini sezdi-yu, o‘zining ham eti ucha boshladi.
Qal’adan ajal sovug‘i esayotganday tuyulardi. Bundan to‘rt oy oldin mana shunday
qorong‘i tunda Xo‘ja Yahyo shahar darvozasini yashiriqcha ochib berishiga ishonib
dushmanning masxarasini eshitib qaytgani esiga tushdi. Undan oldin G‘ori Oshiqonga
kechasi borgan yigitlarning aldanib, qo‘lga tushib halok bo‘lgani ko‘z oldiga kelib, qalbiga
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |