www.ziyouz.com kutubxonasi
120
Bu qaltis savoldan hamma bir lahza jim bo‘lib qoldi. Chunki «Shayboniyxon Zuhra
begimni nikohlab olmoqchi emish», degan ovoza ko‘pchilikning esiga tushdi. Xon bu
ayolga uylansa obro‘si tushishini boyayoq sezgan va uylanmoqchi emasligini mulla
Abdurahimga aytgan edi. Hozir mulla Abdurahim mish-mishlarni bartaraf qilishga
shoshildi:
— Mirzolarning kasofati xotinlariga ham urmish. Bu Mirzoning onasi o‘z nafsi uchun
yolg‘iz o‘g‘lini qurbon qiladiganga o‘xshaydi!
Mulla Abdurahimning bu gapidan keyin xonning Zuhra begimga munosabati ham
ko‘pchilikka ayon bo‘ldi. Sultonlardan biri:
— Quturgan biyaga sudratib o‘ldirish kerak unday xotinni! — dedi.
Yana biri:
— Qopga solib eng baland minoradan tashlash kerak!— dedi.
Shayboniyxon munozaraga erk berib, o‘zi hammaning gapiga zimdan quloq solib
o‘ltirardi. Bir-biridan qo‘rqinchli takliflar ko‘payib ketgandan keyin Shayboniyxonning
ishorasi bilan mulla Abdurahim hammani jim qildi.
Xon gapirar ekan, o‘nlab kishilar uning salmoqdor, vazmin ovozidan, dona-dona qilib
aytayotgan so‘zlaridan sehrlanganday qotib quloq sola boshladi. Shayboniyxon
mirzolarning insofni, imonni unutganlari, el-ulusni vayron qilganlariga yana bir talay
misollar keltirdi-yu, birdan Xo‘ja Yahyoga yuzlandi:
— Bu mirzolaringning piri — sizning otangiz Xo‘ja Ahror edi. «Men valiyman» deb,
podshohlarga hukmini o‘tkazib, juda katta boylik orttirgan edi. Bizning xabarimiz bor,
otangizdan sizga juda ko‘p oltin qolg‘an. Otangiz o‘lgandan keyin, mana, o‘n bir yildan
beri siz Samarqandg‘a ruhoniy ota bo‘lib yuribsiz. Siz ham nafsga berilib, juda ko‘p
siymu zar to‘plag‘ansiz. Baliq boshidan buziladi. Pir qanday bo‘lsa, murid ham shunday
bo‘ladi. Qaptalingizda o‘tirg‘an mana shul shahvoniyparast yosh Mirzo sizning
muridingiz, xudo oldida siz shung‘a javob beraman deb qo‘lini olg‘ansiz!
Shayboniyxon shahodat barmog‘ini bigiz qilib, avval Mirzoni, so‘ng Xo‘ja Yahyoni
ko‘rsatdi-da, keyin o‘sha barmog‘ini pastga qaratib silkitdi:
— Sizning yana bir muridingiz ayol boshi bilan er istab kelib, pastda o‘tiripti. Sizning
qanday pirlig‘ingizni mana shular ko‘rsatib turipti! Siz avval muridlaringizga xiyonat qilib,
Samarqandni Boburga bermoqchi bo‘ldingiz. Keyin bular pirlariga xiyonat qilib, mening
oldimga keldi. Xiyonat ustiga xiyonat! Biri u yoqqa tortsa, biri bu yoqqa tortadi! Podshoh
o‘zicha-yu, din rahnamosi o‘zicha! Biri birini aldaydi. Biri birining go‘shtini yemoqchi
bo‘ladi! Muhammad alayhissalom ham payg‘ambar edilar, ham podshoh edilar, ham
lashkarboshi edilar. Kim shunga qodir bo‘lmasa, kim payg‘ambarimizning muqaddas
yo‘lidan yurmasa, mana shu pir bilan muridga o‘xshab kofirlik jariga yiqiladi!
Shayboniyxon bu gaplarni o‘zining qo‘l ostidagi a’yonlariga ham tegizib gapirmoqda edi.
Chunki ularning ba’zisi «xonimiz taxtu tojga qanoat qilmay imomi zamon, xalifai rahmon
ham bo‘lib oldilar», deb shivirlashar edi. Temuriylarning ishini ko‘pdan beri kuzatib
yurgan Shayboniyxon ularning saltanatlarida Xo‘ja Ahror kabi diniy rahbarlar o‘zlaricha
mustaqil hukmdor bo‘lib olib, mirzolarning hokimiyatini ichdan zaiflashtirganini yaxshi
bilar edi. Shayboniyxon xonlik hokimiyati bilan diniy hokimiyatni o‘z qo‘lida birlashtirib,
temuriylarga nisbatan katta bir ustunlikka erishmoqda edi. U Buxoroda madrasada o‘qib
yurganda shariat va tariqat ilmini yaxshi o‘rgangan, qur’onni yod bilar edi. Hozir
Shayboniyxonning qarorgohida islom dinini undan yaxshi biladigan, qur’onni qiroat bilan
o‘qishda undan o‘tadigan odam yo‘q edi. Uning imomlik va xalifalik unvonlari shundan
ham kelib chiqqan edi. Shayboniyxon markazlashgan ulug‘ bir davlat tuzishga intilar
ekan, bu maqsadga tezroq yetish uchun qo‘l ostidagi odamlarning ixlos va e’tiqodini ham
qozonishga, ularning mafkurasini o‘ziga bo‘ysundirib, hammasini bir dohiy atrofiga
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |