Habibulla QODIRIY:
–“Mehrobdanchayon”nio‘qiganlar“AmirUmarxonning
kanizi” bobini xotirlar. Unda Turkiston xonlari Amir
Umarxon, o‘g‘li Muhammad Alixon va Amir Nasrulloxon
o‘rtalarida bir go‘zal kaniz tufayli bo‘lib o‘tgan kechmish
foje’ bir tarix qisqacha bayon etib o‘tiladi. Ana shu tarix
o‘z nomi bilan ushbu romanga tub mazmun berishi, ya’ni
asarshumazmunasosidatavsifanib,badiiybo‘yoqolib,
kengayib, alohida roman tusini olishi kerak edi.
Muzayyana Alaviya:
– Xirmontepadagi o‘rta maktabda ishlab yurganimda,
ko‘pchilik qatori men ham shaharga piyoda qatnardim.
Agar kechikib yoki toliqib qolsam, mashhur adib Abdulla
Qodiriy (Julqunboy)ning Samarqand darvozadagi bog‘iga
kirib qolardim...
...Bir kun Abdulla akani qiziq holatda ko‘rdim. Xonasida
uzoq o‘tirib, kitoblar orasidan chiqib keldi. Ko‘zlari
yig‘lagansimon, ammo ruhi baland edi. Hayron bo‘lib
qarab qolganimni sezib: “O‘ylab yurgan romanimni yozib
bitirsam,kitobbo‘libchiqsa,qo‘rqamanki,“O‘tgankunlar”,
“Mehrobdan chayon”larni hech kim o‘qimay qo‘yadi”, –
dedi.
Qodiriyning o‘ylab yurgan va yoza boshlagan romani
“Amir Umarxonning kanizi” deb atalgan edi. Afsuski,
davr adibga bu romanni yozib tugatish va xalqqa kitob
tarzida taqdim etish imkonini bermadi. Uning yozilgan
qismi adibning boshqa qo‘lyozmalari bilan birga NKVD
gulxanlarida yonib kul bo‘ldi.
XOTIMA
1937-yil may oyida Moskvada o‘zbek san’atining
birinchi o‘n kunligi katta tantana bilan o‘tadi. O‘n
kunlikda qatnashgan san’at va adabiyot namoyandalari
hukumat orden va medallari bilan taqdirlanadi. Moskva
gazetalarida o‘zbek adabiyoti va san’ati erishgan yutuqlar
haqida, o‘zbek xalqining jahondagi eng boy va qadimiy
madaniyatga ega xalqlardan biri ekanligi haqida bir-
biridan samimiy va bir-biridan ko‘tarinki fikrlar bildiriladi.
Bundan ilhomlangan adabiyot va san’at namoyandalari
yanada katta g‘ayrat bilan ijod qilishga kirishadilar. Lekin
oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Xalq Komissarlari Soveti
raisi Fayzulla Xo‘jayev, keyin O‘zbekiston kompartiyasi
Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov
qamoqqa olinadi. O‘sha yilning iyun – sentabr oylarida
bu “xalq dushmanlari”ning “hamtovoqlar”i sifatida barcha
taniqli partiya va davlat, fan va madaniyat arboblari
zanjirband etilib, NKVD qamoqxonalariga keltiriladi.
Noyabr, ayniqsa, dekabr oylarida “qama-qama” jazavasi
pasaygandek, hatto to‘xtagandek bo‘ladi. Xalqda Yangi
1938-yilni tinch dasturxon atrofida kutib olish umidi kurtak
yoza boshlaydi. Abdulla Qodiriy ham 31-dekabrda Yangi
yilni oilasi bag‘rida kutib olishiga ishonib, norin go‘shtini
parraklashga va bu parraklarni qiyalatib kesishga tushadi.
Ammo...
Yil davomida qanchadan-qancha oilalarning tinch
hayotini payhon qilishga va shundan lazzatlanishga
ko‘nikkan chekistlar Yangi yilga bir necha soat qolganida
Abdulla Qodiriy yashagan uyga bostirib kelib, ulug‘
o‘zbek adibini hibsga oladilar. Turli siyosiy gaplar va
o‘yinlardan bir chaqirim narida yurgan, hatto “qama-qama”
boshlangan va davom etayotgan oylarda qariyb ko‘chaga
chiqmagan, partiyaning adabiyot haqidagi har bir yangi
qarorini samimiy kutib olgan Qodiriy do‘zaxdan omon-
eson chiqib ketishiga umid qiladi. Ammo bu do‘zaxga
tushgan odamning undan tirik chiqib ketishi amri mahol
edi. U o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni mardona turib rad
etganiga qaramay, NKVD “uchligi” 1938-yil 4-oktabrda
bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida uni oliy jazoga hukm qiladi.
Hukm shu kuni yarim kechada Yunusobod tumanidagi
qatlgohlardan birida ijro etiladi.
Bu yil “Katta qirg‘in” jabrdiydalari – Abdulla Qodiriy va
boshqa o‘zbek yozuvchilari, olimlari, muallimlari, davlat,
partiya va xo‘jalik xodimlarining sovet jallodlari tomonidan
qatl etilganiga 80 yil to‘ladi.
Keling, ularning barhayot ruhlarini shod etaylik.
veb-sayt: www.tilvaadabiyot.uz
9
Do'stlaringiz bilan baham: |