Butazor-
Buvaki-xoʻraki va vinobop mahalliy uzum navi. Tupi kuchli o`sadi. Bu navning Tosh va Nor buvaki nomli xillari bor. Bargi katta (diametri 18—22 sm), toʻgarak, besh boʻlakchali, toʻq yashil, yaltiroq, bir oz yuqoriga qayrilgan, cheti arra tishli bo`ladi. Uzum boshi katta (boʻyi 20—28 sm), uzunchoq konussimon, oʻrtacha tigʻiz, ogʻirligi 250—300 gramm keladi. Gʻujumi oʻrtacha (16–18 mm), dumaloq, och yashil, sargʻish, sershira, poʻsti qalin. Tosh buvaki gʻujumining sirtida qoramtir nuqtalari borligi bilan Nor buvakidan ajralib turadi. Buvaki uzum sentabr boshlarida pishadi. Sugʻoriladigan boʻz tuproqli va lalmikor yerlarda yaxshi oʻsadi. Sovuqqa chidamsiz. 1930-yildan Oʻzbekistonda Buxoro va Samarqand viloyatlarida yetishtiriladigan buvakidan "Buvaki" desert oq markali (navli) vino tayyorlangan, xonadonlarda aʼlo sifatli shinni pishirilgan. Buvaki qishda saqlashga ham yaroqli boʻlgan. 60- yillardan boshlab ekiladigan navlar roʻyxatidan chiqarib yuborilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |