Ijtimoiy-madaniy faoliyatda kompromiss va konsensus nisbati. Ijtimoiy-madaniy faoliyat haqida fikr, munosabat bildirilmoqchi bo‘linsa, madaniyat muassasalariga munosabatda bir-birlari bilan qanchalik hamjihatligi, ijodiy yakdilligi, o‘zaro ahilligi masalasiga dastavval e'tibor qaratiladi. Agar mazkur muassasada o‘zaro inoqliq, hamfikrlilik, uyushqoqlik barqaror degan mulohazaga kelinsa, bu madaniyat muassasasiga nisbatan boshqalarda beixtiyor hurmat-ehtirom tuyg‘usi yuzaga keladi. Mabodo, bu muassasa xususida o‘zaro kelishmaydigan, xodimlari bir birini hurmat qilmaydigan, fikri va amali ayricha odamlar degan munosabat bildirilsa, undan boshqalar vakillari o‘zlarini uzoqroq tutishga intiladilar. Shu boisdan ham, o‘zaro ahillik, inoqlik, ijodiy birdamlik muammosi hamisha dolzarb, ijtimoiy - ma'naviy muammo bo‘lib kelgan. Binobarin, har bir san'at va madaniyat dargohining zafarli, shon-shavkatga burkangan yo‘li, baxtli taqdiri ham ana shu ijtimoiy-ijodiy yaqinlik masalasiga bevosita bog‘liq holda nomoyon bo‘lib kelgan.
O‘zbek xalqi tabiatan san'at va madaniyatga oshufta jamoaviy millat ekanligi ma'lum. Chunki biror bir o‘zbek yo‘qki, to‘yi yoxud ma'rakasini san'atkorlarsiz yon-atrofdagi odamlar, qavmu-qarindoshlari, yaqin birodarlarisiz o‘tishini tasavvur ham eta olmaydi. Mazkur nuqtai nazarni isbot etuvchi yana bir jihat o‘zbeklar o‘zining butun umri mazmunini farzandlari baxtida ko‘rishlari, zurriyodlarining baxti uchun ixtiyoriy va qalban o‘zlarini sadqa etishga hamisha shay ekanliklaridir. Jamoaviy xalq esa, o‘z san'ati, madaniy taqdiri, maqsadi, milliy g‘ururi, yakdil harakat qilishga rag‘bati kuchli bo‘lishi bilan farqlanishi kerak. Xalqimiz o‘zining jamoaviy tabiatli ekanligi, urf-odatlari, an'analari, o‘ziga xos fe'l-atvori bilan fransuzlar, ispanlar yoki ruslardan yaqqol ajralib turadilar.
Ijodkorlik, yaratuvchanlik va jamoaviy turmush tarzini mustahkamlashdan iborat ijtimoiy-madaniy harakat esa qadim-qadimdan xalqimiz vakillarini xududiy darajada qishloq, mahalla tuzilmalari muhitida yashashlarini, shahar miqyosida esa muayyan san'at turi, kasb, hunar yoki ilm-fan sohalarida birgalikda tig‘iz, zich, jamoa tarzida kompakt faoliyat yuritishlarini taqozo etib kelgan. Buning yaqqol ko‘rinishi sifatida mamlakatimiz qishloqlari nomlanishiga e'tibor qaratish joiz. Do‘rmon, Naymon, Katag‘on, Barlos, Nekuz, Saroy, Qang‘li va xakozo nomlanishlar xalqimiz vakillarining muayyan urug‘ doirasida qarindoshlar jamoasi tarzida yashab kelganliklarini sozchilar, to‘pchilar, kulolchilar, qandolatchilar, misgarlar, temirchilar mahallalarida esa kasb-hunar asosida birlashib yashash tendinsiyasini ko‘rish mumkin. Ilm, tasavvuf va badiiy ijodiyotda sulolaviylik, vorisiylik, qavmiy davomiylik ham jamoaviylik an'analarining o‘zviy davomi bo‘lib kelgan. Mohiyat e'tiboriga va oddiy mantiq talablariga ko‘ra, jamoaviy turmush tarzi mustahkam bo‘lgan o‘zbeklarni dunyoda mahv etuvchi millat bo‘lishini tasavvur ham etish qiyindir.
Qisqa tarixiy qiyos keltirsak: Angliya tarixida millat xazinasi ikki ming yillik o‘tmishi mobaynida bir marta (fransuzlarning 1104 yilda Angliyani bosib olinishi paytda) talon-taroj etilgan bo‘lsa, AQSh xazinasi so‘ngi 200 yildan ko‘p vaqt mobaynida biror marta ham, Yaponiya xazinasi esa umuman hech kim tomonidan egallanmagan. Ammo O‘zbekiston hududidagi davlatlar xazinalari esa 3000 yil mobaynida jami 50 martadan ko‘proq ichki va tashqi bosqinlar tufayli taron-taroj etilgan. Mamlakatimiz boyliklari, osori atiqalar, kitoblar, muhim tarixiy obidalar olib ketilgan. Madaniyatimiz, tilimiz, xududimiz oyoq osti qilingan. Tabiiy savol tug‘iladi. Axir shunchalik jamoaviy, o‘zaro munosabatlari yaqin bo‘lgan xalq bo‘lsagu, nima uchun ichki va tashqi xavflarga qarshi turish darajamiz bu qadar sust bo‘lgan? Nima uchun dunyoga Abu Nasr Farobiydek “ikkinchi muallim” bergan, zardushtiylik dini orqali olamga yakkayu yagona xudoga sig‘inish madaniyatini singdirgan, insoniyatga Al-Xorazmiy dahosi orqali yangi usuldagi zamonaviy sanoq tartibotlarini tuhfa qilgan, Ibn Sino orqali tib ilmini yangi yuksakliklarga olib chiqqan, islom dini mazmunini to‘g‘ri va dunyoviy talqin etib, uning insoniy mohiyatini teran ochib bergan, Imom Buxoriy, Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Abu Mansur – al Moturudiy, Axmad Yassaviy, Baxovuddin Naqshbandiy singari titanlarni dunyoga bergan, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi so‘z mulkining sultonlarini yetishtirib chiqargan ulug‘ xalq nima sabablarga ko‘ra sungi to‘rt yuz yil mobaynida bu qadar tanazzulga duchor bo‘lib ketgan? Go‘yoki madaniyat XIX asrning oxirida rus istilochilari tomonidan keltirilgan, degan fikrlar singdirilgan.
Ana shu savollarga javoblarni insoniy munosabatlar tizimidagi kompromiss va konsensus tushunchalari mohiyatini tahlil etish orqali izlashga harakat qilamiz. Ma'lumki, kompromiss deganda ikki yoki uch tomonning vaqtincha murosa holati tushuniladi. Kompromiss holatida tomonlar bir birlarini toqat qiladilar, raqiblar bilan keskin ixtiloflardan ongli ravishda tiyilib turadilar. Shu boisdan ham kompromiss muvaqqat, ya'ni vaqtincha kelishuv holati sifatida tushuniladi. Kompromiss holatida ziddiyatlar tashqari shakldan ichkari shaklga o‘tadi. Ichki zuriqish vaziyati muayyan muddatgacha o‘zini oshkor etmay turadi. Ammo biror bir tomon uchun qulayroq ijtimoiy-siyosiy muhit yuzaga kelishi bilanoq kompromiss holati oshkora konfliktga aylanib ketadi. Tabiiyki kompromiss holatini milliy mentalitet, axloq-odob, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘ziga xoslik ma'lum darajada jilovlab turadi.
Shu narsa e'tiborga molikki, kompromiss holati muayyan ijtimoiy-siyosiy muhit, davr, ma'naviy-madaniy yondashuvlar o‘zgarishi bilan konsensusga yoxud begonalashuvga aylanishi mumkin. Shu boisdan ham kompromiss oraliq muhit bo‘lib, tayanish va ishonch bilan hamkorlik qilish uchun mustahkam bo‘lmagan holat hisoblanadi. Ammo, jamiyat hayotida mohiyat e'tiboriga ko‘ra kompromiss xolati kerakli hodisadir. Jaloliddin Rumiy ta'rifiga ko‘ra “Murosa bo‘lsa kichik ishlar rivoj lanadi. Murosa bo‘lmasa, katta ishlar ham zavol topadi.”(Qarang: Idris shoh. Sufizm. M. 1994.str 94)
Murosa holatida har ikki tomon alohida-alohida rivojlanishga intiladi. Nosog‘lom raqobat muhiti amal qiladi. Ammo murosa, ya'ni, kompromiss xolatida kichik ishlar bir muncha jonlansada, katta ishlar rivoj topmaydi. Shunga qaramay, kompromiss xolati jamiyatda ma'lum muddatga bo‘lsa-da, muayyan turg‘unlikni, tinchlikni ta'minlab berilishi jihatidan ijobiy hodisadir. Payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V tashqi tazyiqlarning siquvuga ko‘ra, Makkadan Madinaga ko‘chib, hijrat qilgan chog‘larida “Kofirun” surasi nozil bo‘lgan. Shunga ko‘ra Makkadagi kofirlarga ushbu sura o‘qib eshittirilgan. Unga ko‘ra islomga tazyiqiy kiritish tuxtalishi har bir qavm o‘z ilohi, o‘z e'tiqodi, dinida qolishi mumkinligi e'lon qilinadi. Johillar mazkur sura mazmunidan voqif bo‘lishgach, payg‘ambarimiz joniga qasd qilish fikridan to‘xtab, Muhammadni ta'qib qilishni bas qiladilar va o‘z shahar va qishloqlariga qaytadilar.
Demak, o‘z vaqtida, aql bilan qo‘llaniluvchi, raqib xushyorligini, zararli ta'sir qilish sur'atini susaytirishga qaratilgan kompromiss muayyan naf berishi shubhasizdir. Ammo kompromiss holatining madaniy taraqqiyoti milliy munosabatlar asosi, turmush tarzining mazmuniga aylanib qolishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
XVI asr boshlaridan e'tiboran to mustaqillikgacha bo‘lgan Markaziy Osiyodagi madaniy-ma'rifiy ijtimoiy –siyosiy, ma'naviy hayotni to‘la ma'nodagi kompromiss muhiti amal qilgan davr deb atash mumkin. Negaki, bu davrda ilm-fan madaniyat va san'at rivoj topmadi. Shu boisdan ham yurtboshimiz Islom Karimovning aytganlaridek XVI va XX asr oralig‘i millatimiz tarixida eng og‘ir tanazzul davri sifatida tarixga kiradi.1
Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, kompromiss muhitidan chiqa olmagan madaniyat, san'at, ilm-fanga e'tiborsiz millat hech qachon ro’shnolik ko‘rmagan va taraqqiyotga erisha olmagan.
Kompromiss holatidan farq qilib, konsensus holati insonlararo munosabatlarning ma'naviy holatlarning sifat jihatidan yuqori darajasini ifoda etadi.
Agar kompromiss tushunchasi uchun xarakterli so‘zlar jumlasiga “toqat qilish”, “chidash”, “bir gapdan qolish”, “tiyilish”, “o‘z manfaatini o‘ylab ish tutish”, “qosh quyaman deb ko‘zdan ayrilmaslikni o‘ylab xarakatlanish”, “raqibini yoqtirmaslikni yashirish”, “vaziyatni aql bilan baholab borish”, “raqib tomon harakatlaridan doimiy xushyor, sergak bo‘lib turish”, “muayyan chegarani saqlab kelishish” singari so‘z va iboralar xos bo‘lsa konsensus tushunchasini ifodalash uchun “mehr”, “qalbiy va ruhiy yaqinlik”, san'atga oshuftalik, madaniyatlilik, “do‘stlik”, “o‘zgalar manfaatlarini o‘ylab ish tutish”, “saxovat”, “muhabbat”, “qadrlash”, “boshqalarni o‘zidek bilish”, “fidoiylik” singari so‘zlar xosdir. Shu o‘rinda Xo‘ja Baxouddin Naqshbandiyning “Kimki o‘zi haqida qayg‘uribdi, demakki u o‘zini o‘ylamabdi, kimki o‘zgalar haqida qayg‘uribdi, demakki u o‘zini o‘ylabdi.” degan nurhikmat so‘zlari kompromiss va konsensus tushunchalari farqini aynan ochib beradi.
Insoniy munosabatlarda konsensus tushunchasi o‘zaro yaqinlikning qo‘yidagi tasnifida ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi.
Odatda odamlararo yaqinlik o‘zaro tanishuv –“tanishchilik”dan boshlanib, bir birini bilish- “bilishchilik”ka, bilishchilikdan esa “jo‘rachilik”ka, undan keyin aka-ukalarning yaqinligi darajalaridagi “og‘aynigarchilik”ka, so‘ng esa “do‘stlik” darajasiga o‘tib, o‘zining oliy bosqichiga yuksaladi. Mazkur evolyusion dinamika mohiyat e'tiboriga ko‘ra ierarxik, ya'ni pog‘onama-pog‘ana yuksalish xususiyatiga ega bo‘ladi. Turli millatlarda bu jarayon xar xil kechadi. Masalan atoqli yozuvchi do‘stlik tarixi kuychisi Viktor Gyugo fransuzlar do‘stligi xususida fikr yuritib, bu xalq vakillarining favqulotda sadoqatliligi va o‘z yaqinlarining manfaati yo‘lida jonini fido etishga hamisha shay bo‘la olishini o‘zining mashhur “1783 yil” nomli romanida mahorat bilan tasvirlagan.
Xuddi shuningdek Jek Londonning “Martin Iden”, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarlarida ham do‘stlik darajasidagi insoniy yaqinlik lavhalarini ko‘plab uchratamiz. Mazkur xalqlardagi do‘stlikka sadoqat lavhalari o‘zaro teng yoshli, mavqye va martabasi xar xil, ammo, maslagi bir odamlar o‘rtasida kechadi. Bu xalqlar hayoti bilan badiiy asarlar orqali tanishgan kitobxonlar do‘stlikning samimiy qudratiga ishonadilar.
Milliy istiqlol xalqimiz fe'l-atvori, hayotga bo‘lgan munosabati, mentalitetini tubdan o‘zgartirish, bunyodkorlik tom ma'nodagi hamjihatlik ruhiga sug‘orilgan yaqinlikni ta'minlashga imkon yaratdi.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov asarlarining mazmuni xalqimizni milliy birlik, o‘zaro mehrlilik, birodarlik va do‘stlikka da'vat etuvchi g‘oyalar majmuidan iboratdir. Istiqlolning o‘tgan 25 yili mobaynida amalga oshirilgan ulug‘vor bunyodkorlik ishlari ayni vaqtda xalqimiz mentalitetini konsensus sari yo‘naltirishga ham munosib tarzda xizmat qilib keldi. O‘zbek mentalitetini konsensusga da'vat g‘oyasi yurtboshimiz tomonidan belgilangan strategik taraqqiyot konsepsiyasini asosi bo‘lib, ana shu yo‘nalishda davlat dasturlarining hayotga joriy etilishi fikrimizning isboti bo‘ladi. Yurtimiz ana shu maqsadni amalga oshirishga to‘g‘onoq bo‘lib kelgan xavf-xatarlar tizimini ham asoslab, ular jumlasiga mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, qarindoshchilik, poraxo‘rlik singari illatlar ayniqsa xavfliligini ta'kidlaydilar. “Har bir shaxsning milliy o‘zligiga qaytishini, o‘zligini mintaqaviy asosda anglashi belgilab bermasligi kerak... Mahalliychilik va urug‘-aymoqchilikni, tor doirada etnik- mintaqaviy fikr yuritishning ko‘rinishi deb hisoblash kerak”2
Konsensus tushunchasi mushtarak manfaatlar birligini ham taqozo etadi. Manfaatlar mushtarakligi esa korporativ yaqinlikni shakllantirish zaruratini kun tartibiga chiqazdi.Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov anglangan korporativ manfaatlar uyg‘unligini tarkib toptirish xususida shunday deydi: Jamiyat ichidagi alohida shaxslarning uyushqoqlik bilan jipslashishiga ularning qaysi urug‘ga, xududga yoki etnik guruhga mansubligi emas, balki umumdavlat darajasida korporativ manfaatlarning yaxshi anglangan mushtarakligi asos bo‘lishi kerak.
Barcha mintaqalar, barcha etnik va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari o‘rtasida muvozanat saqlanishini doimo hisobga olish zarur. Manfaatlarni ifodalash va ruyobga chiqarishning qonuniy mexanizmi mahalliychilik kayfiyatlari, urug‘-aymoqlar kurashining vujudga kelishi va rivojlanishiga g‘ov solmog‘i darkor.3
O‘zbek xalqi yuksak madaniyatli yumshoq tabiatli, keng fe'lli ekanligi o‘zaro munosabatlarda ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi. Agarda amerikaliklarda “men” omili hamma narsada ustun mavqye kasb etsa, ruslarda “biz” (mы) omili masalalar yechimida hal qiluvchi quvvatga ega bo‘lib kelgan. Xudi shu masalaning millatimiz vakillarida nechog‘li ahamiyatli ekanligini o‘rganish uchun turli yoshdagi aholi qatlamlari vakillari orasida ekspress so‘rov o‘tkazdik. Anketa savollarining biri: Siz ish faoliyatinigizda bajarilgan ishlar xususida axborot berayotganingizda aytilayotgan «men”, “biz”, “siz” so‘zlarining qaysi biri eshituvchilarda ko‘proq ijobiy taassurot qoldiradi deb o‘ylaysiz? Degan savolga turli xil javoblar olindi. Xususan, 50 yoshdan oshgan kishilarning aksariyati, ya'ni, so‘ralganlarning har to‘rttadan biri “siz” olmoshini ta'kidlash orqali axborot berish ko‘proq ijobiy samara keltirishini, 30-35 yosh orasidagilarning har ikkitasidan biri masalani “biz” olmoshi orqali va teng yarmi «siz”ni ta'kidlash bilan yaxshi taassurot olishni qayd etdilar. Ammo 25-35 yoshli respondentlarning 20 foizi «siz” olmoshlari ishlatish ijobiy taassurot olish imkonini berishini ta'kidladilar. So‘rov natijalari yoshlar orasida ong, tafakkur tarzi o‘rta va katta yoshli aholi vakillari tafakkur tarzidan bir muncha farq qilishini ko‘rsatdi. Ammo, umumiy yondashuv ko‘proq “siz” olmoshi atrofida aylanishini, xalqimiz ko‘proq boshqalarning xizmatini o‘zinikiga qaraganda ustunroq deb bilishi va ta'kidlashi o‘zbeklarning tabiatan konsensusga moyil ekanligini isbotlaydi.
Sizga urg‘u berish o‘zaro yaqinlikni samaraliroq ta'minlashini teran his etadilar. “men” va “biz” olmoshlari faoliyat sifatini emas, ko‘proq udumdan uzoqlashishni ifodalaydi. “siz” olmoshi esa bilvosita tarzda jamoani birlashtirishga xizmat qilishini qayd etadilar.
Ijtimoiy-madaniy faoliyat mohiyat e'tiboriga ko‘ra, yoshlar o‘rta va katta avlod hamda turli millatlarga mansub aholi vakillari o‘rtasida konsensus muhitini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgandir. Konsensus muxitini madaniyat muassasalaridagi har bir to‘garak, uyushmalar, ko‘ngilli jamiyatlarda tarkib toptirish muxim ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |