Zafar Diyor
(1912 — 1946)
O‘zbek bolalar adabiyotining atoqli vakili Z. Diyor maktab va
bog‘cha yoshidagi bolalar uchun „Cho‘pon qizi“, „Bizning oila“,
„Mashinist“, „Tantana“, „Muborak“, „Kazbek“, „Kichkina
bog‘bon“, „Sovg‘a“, „G‘unchalar“, „Baxtli yoshlik“, „Kim
bo‘lasan?“, „Omonat“, „Oq oltin“, „Chaman“, „Binafsha“,
„Asalari“ kabi 15 dan ziyodroq kitoblar yozdi.
Zafar Diyorning she’rlari o‘zining mazmundorligi, o‘ynoqi
ohangi, jarangdor vazni, ravon va juda sodda uslubi, poetik til
vositalariga boyligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu ayniqsa,
maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga yozgan „Archa“, „Archa
qo‘shig‘i“, „Laylak“, „Toy“, „Oq ayiqqa soz qayiq“, „Olma“,
„Gunafsha“ kabi she’r, qo‘shiqlarida yanada ochiq-oydin ko‘rinadi.
Shoir, dramaturg, hikoyanavis, pedagog, jurnalist, tarjimon
Zafar Diyor bolalar adabiyotining taraqqiyotiga katta hissa
qo‘shgan ijodkordir.
BINAFSHA
Binafshaxon, binafsha,
Kulishlaring chiroyli;
Bog‘imizda ochilib
Turishlaring chiroyli.
Hamma chiqar dalaga
Binafshalar tergali;
Men ham yig‘dim bir dasta,
Opamizga bergali.
www.ziyouz.com kutubxonasi
1 1 8
— Mana, opa, binafsha,
Qarang, qanday chiroyli.
— Yuring, dedi, opamiz,
Binafshalar teraylik.
Binafshalar ochildi,
Chakkanga taq, chakkanga;
Atir hidi sochildi,
Chakkanga taq, chakkanga.
Lazzat olib hididan,
Bolarilar uchadi;
Ipak qanot kapalak,
Barglaringni quchadi.
Seni maqtab kuylaydi
Bog‘ aylanib qushchalar;
Darak berib bahordan
Quvontirding shunchalar.
Binafshaxon, binafsha,
Kulishlaring chiroyli
Ko‘ksimizga hid sochib,
Turishlaring chiroyli!
KAPALAK
Hoy, kapalak, kapalak,
Qanotlaring ipakdek;
Muncha shoshib uchasan,
To‘xta so‘zlayin andak.
Uchrataman har kuni
Seni go‘zal bog‘chamda;
So‘rib gullar sharbatin
O‘ltirasan olchamda.
Uch, uchaber, uchaber,
Go‘zal bog‘cham — gulshanda.
Sira ozor bermayman,
Sevgim, fikrim ham sanda.
Borib ushlay deganda,
Shoshib darhol uchasan;
Sira tutqich bermaysan,
Guldan-gulga ko‘chasan.
www.ziyouz.com kutubxonasi
1 1 9
Mendan aslo qochmagin,
Do‘st bilaman o‘zimga;
Pildir-pildir uchishing,
Oh, yoqadi ko‘zimga.
Kapalakjon, kapalak,
Qanotlaring ipakdek,
Do‘st bo‘laylik ikkimiz,
To‘xta, so‘zlayin andak!
TO‘P
To‘pim, to‘p-to‘p etasan.
Ursam uchib ketasan.
Havolanib, nariga
Do‘stlarimga yetasan.
O‘ynatasan ko‘zimni,
Hovliqtirib o‘zimni,
Biroz ko‘proq o‘ynasam,
Terlatasan yuzimni.
Senga sira to‘ymayman,
Bo‘sh ekanman qo‘ymayman:
Ovunchog‘im, — deb seni
Do‘stlarim-la o‘ynayman.
To‘pim, to‘p-to‘p etasan,
Ursam, uchib ketasan,
Handalakdek yumalab
Bizni xursand etasan.
Do'stlaringiz bilan baham: |