7.6-§.YORUG‘LIKNING YUTILISHI.
Yorug‘likning yutilishi deb, yorug‘lik dastasi biror muhitdan o‘tayotganda shu muhit qatlamida yutilishiga, ya'ni ular intensivligining kamayishiga aytiladi. Yorug‘likning yutilgandagi energiyasi muhitning isishiga, atom yoki molekulalarni uyg‘otishga sarf bo‘ladi. Yutilgan yorug‘lik kvanti yutuvchi muhit elektronlari bilan o‘zaro ta'sirlashib o‘z energiyasini ularga beradi. Yorug‘lik yutilganda uning intensivligining kamayishi quyidagi qonuniyat bilan ifodalanadi.
(7.25)
Bu Buger-Lambert qonuni deyiladi. Bunda Io – muhitga tushayotgan va I – x qatlamdan o‘tgan yorug‘lik intensivligi, k – muhit xossasiga bog‘liq bo‘lgan yutish ko‘rsatkichi bo‘lib, u yutilgan yorug‘lik chastotasi (yoki ) ga bog‘liq, lekin uning intensivligiga, demak, yutiluvchi muhit qatlamining qalinligiga bog‘liq emas. Agar x=1/k bo‘lsa,I0/I=e=2,72 bo‘ladi, ya'ni bunday yorug‘lik intensivligi e=2,72 marta kamayadi.
Ayrim moddalar uchun yorug‘lik intensivligi juda katta bo‘lganda Buger-Lambert qonunidan og‘ish yuz beradi: I0ortishi bilan k kamaya boradi. Bu hodisa yorug‘lik yutilishini kvant nazariyasi asosida tushuntiriladi. Bu nazariyaga asosan yorug‘likning katta intensivligida moddada atomning uyg’ongan holatining davom etish vaqti katta bo‘lgan atomlar ko‘proq hosil bo‘lishi mumkin.
Agar yutuvchi muhit uncha zich bo‘lmagan eritma bo‘lsa, bu eritma uchun Ber qonuni, ya'ni
k=AC(7.26)
kuchga ega. Bunda A — erigan moddaning xossalariga va yorug‘lik chastotasiga bog‘liq bo‘lgan doimiylik, C — erigan modda konsentratsiyasi.
Agar eritma yuqori konsentratsiyali bo‘lsa, bu eritmalar uchun Ber qonuni bajarilmaydi, chunki eritmadagi ionlar o‘zaro ta'sir qila boshlasa, A eritma konsentratsiyasiga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Ber qonunini hisobga olsak, yorug‘likning yutilish qonuni:
(7.27)
ko‘rinishda bo‘lib, Buger-Lambert-Ber qonuni deyiladi va bu qonun elektromagnit to‘lqinlarning keng spektri uchun o‘rinlidir.
Yorug‘likning yutilish spektri k ning yorug‘lik chastotasiga bog‘liqligi bilan aniqlanadi. Masalan, agar muhit atomlari siyrak joylashgan gaz bo‘lsa, yutilish spektri – chiziqli, agar muhit siyrak molekulalardan iborat bo‘lsa – yo‘l-yo‘l spektr ko‘rinishiga ega bo‘ladi.
Yorug‘likning yutilish hodisasidan moddalar tuzilishini o‘rganishda, geliotexnikada va kimyo sanoatida, fototexnikada, optoelektronikada va tibbiyotda keng foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |