9 BOB. Ovoz buzilishlari
Ovoz apparati va hiqildoqning ovoz hosil qilishi funksiyasi
Ovoz-bu un naychalarining elastik tebranishi natijasida hosil bo‘ladigan turli xil tovushlarning o‘ziga xos xususiyatlari majmuasidir.
Otorinolaringologiya fanining rivojlanishi sababli, foniatriya degan yangi fan, mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi. Foniatriya-ovoz apparati kasalliklarini vujudga kelishi va ularni davolash yo‘llarini o‘rganadi. Fonopediya-logopediya fanining bir bo‘limi. U maxsus pedagogik yo‘llar bilan ovozni to‘g‘rilash bilan shug‘ullanadi.
Bu fanlarning barchasi-ovozni maxsus mashqlar bilan yo‘lga qo‘yib, to‘g‘rilashni bildiradi.
Ma’lumki, ovoz hosil bo‘lishda: diafragma, o‘pka, bronxlar, traxeya, halqum, hiqildoq, burun bo‘shlig‘i va uning yuz, peshana suyaklari orasida joylashgan qo‘shimcha kovaklari ishtirok etadi.
Hiqildoqda joylashgan ovoz boylamlari, muskullari bilan birga, ovoz hosil bo‘lishida til, lablar,
og‘iz bo‘shlig‘i ham ishtirok etadi.
Ovoz buzilishlarining kelib chiqish sabablari va mexanizmi
Ovoz buzilishlari kelib chiqishiga ko‘ra markaziy va periferik qismlarga bo‘linadi, ularning har biri organik va funksional bo‘lishi mumkin.
Ovoz buzilishlari mexanizmi hiqildoqda nerv-muskul apparatidagi hamda ovoz bo‘lmalarida paydo bo‘ladigan oddiy gipo yoki gipertonuslar va ular harakatidagi o‘zgarishlar xarakteriga bog‘liq.
Organik ovoz buzilishlari. Organik ovoz buzilishlari asosan ovoz apparatida anatomik o‘zgarishlar yoki surunkali shamollash natijasida paydo bo‘ladi.
Periferik xarakterdagi organik ovoz buzilishlari asosida ovoz apparati kasalliklari: un paychalaridagi tugunchalar, bo‘g‘iz va un paychalarining papilamatozlari (o‘simtalar), bo‘g‘iz stenozi, jarohatlanishlar, kuyishlar yotadi. Bular periferik xarakterdagi organik ovoz buzilishlarini keltirib chiqaradi. Organik ovoz buzilishlariga, shuningdek, bo‘g‘iz raki yoki bo‘g‘iz tuberkulyozida bo‘g‘zini tibbiy yo‘l bilan olib tashlangan kishilarning ovozi ham kiradi.
Surunkali laringit uchun hiqildoq muskullari tonusining pasayishi xosdir. L.A. Zaritskiyning (1984) ta’kidlashicha, bu kasallikda hiqildoq apparatining muskullari doimiy ravishda kuchli giperkinez holatida bo‘lib, ovoz boylamlari kuchli jipslashadi. Shuningdek, gipokenez ham uchrab, unda ovoz boylamlari bo‘shashgan, to‘liq jipslashmagan holatda bo‘ladi. Laringitda bemorlar hiqildoq-dagi noqulaylik, quruqlik, qirilish, namlikning yig‘ilib qolishi, bo‘yin va halqum qismida charchash, xirillash, uni kechga borib zo‘rayishi va ertalab butunlay yoki qisman yo‘qolishdan shikoyat qiladilar.
Laringoskopiyada ovoz boylamlarida giperemiya va yopishqoq shilimshiq borligi aniqlanadi. Fonatsiyada ovoz boylamlari to‘liq jipslashmaydi, ovoz boylamlarining qalinlashganligini va tonusning yo‘qligi aniqlanadi.
Surunkali laringit bilan og‘rigan bemorlarda ovoz diapazonining qisqarganligi, monoton intonatsiya, ovoz kuchi kamligi kuzatiladi. Ular hiqildoqdagi noxush sezgilardan shikoyat qiladilar.
Laringitning og‘ir turlarida xirillash doimiy bo‘ladi, ba’zan afoniya vujudga keladi. Ovoz boylamlari shilliq bilan qoplangan bo‘ladi. Fonatsiyada ovoz boylamlari o‘rtasida ovalsimon tirqish kuzatiladi. Laringoskopiyada tebranish amplitudasining pasayganligi, fonatsiya davrining qisqarganligi kuzatiladi.
Kasbiy traxeitlar nutqiy kasb egalarida, kuylashda ovoz boylam osti bosimining o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Bemorlar asosan ovozning tez charchashi, traxeyadagi noqulaylik, namlik yoki quruqlik, yo‘taldan shikoyat qiladilar. Laringoskopiyada ovoz boylamlarida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilmaydi, lekin traxeyaning shilliq qavatining ba’zi joylarida giperemiya kuzatiladi. Ba’zi hollarda halqum, hiqildoq va traxeyada kataral holatlar kuzatiladi. Nutqiy kasb egalarida traxeitlar boylam osti bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishidan yuzaga keladi. Bunda bemorlar ma’lum tovushlarni talaffuz qila olmaydilar, ovoz toni yo‘qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |