Parkana davlati (Davan).Mil. avv. II-I asrlar Xitoy manbalarida keng, boy va ko‘p aholili deb eslatilgan Davan davlatini tadqiqotchilar qadimgi Farg‘ona deb hisoblaydilar. Mil. avv. III asrlarda bu davlat ―Davan‖, keyinroq esa ―Boxan‖ va ―Polona‖ nomlari bilan eslatiladi. ―Polona‖ bu, shubhasiz
―Farg‘ona‖ning xitoychada talaffuz etilishidir. Xitoy ma‘lumotlariga ko‘ra mil. avv. II asrda Farg‘onada 300 ming aholi yashagan. Vohada shaharlar ko‘p bo‘lib, poytaxti Ershi shahri (hozirgi Marhamat) edi. Qadimgi farg‘onaliklar haqida: ―odamlari chuqur ko‘zli va sersoqol; savdo-sotiqda mohir, xotinlarni hurmat qiladi. Xotinning aytganini eri albatta bajaradi‖, -deb ma‘lumot beradi.
Davan qishloq xo‘jaligi yuksak darajada rivojlangan mamlakat edi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi arpa, sholi, beda kabi turli ekinlar ekkanlar. SHuningdek, ular uzumchilik ham qilganlar. Vinoni katta sopol xumlarda uzoq yillar saqlashni ham bilganlar. Xitoy sayyohi CHjan TSzyanь (mil. avv. II asr) ma‘lumotlarga ko‘ra ―Davan mamlakatida hamma joyda uzumdan vino qiladilar. Badavlat oilalar vinoni juda ko‘p miqdorda zahira qiladilar va bu vino o‘nlab yillar davomida buzilmay saqlanadi‖. Farg‘ona vodiysida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari bu ma‘lumotlarni tasdiqlaydi.
CHjan Tszyan Davandan olgan taassurotlari haqida gapirar ekan, ularning madaniy saviyasi, urf- odatlari jihatdan bir-birlariga teng ekanliklarini ko‘rsatadi. Demak, xitoy sayyohi Farg‘onada ham o‘troq aholini uchratgan va bu aholining dehqonchilik sohasida erishgan yutuqlari uni hayron qoldirgan. Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholi bilan bir qatorda, Farg‘onaning cho‘l va dasht hududlarida ko‘chmanchi chorvador aholi ham yashagan. Manbalar bu ko‘chmanchilarning ot ustida turib kamon otishga juda mohir ekanliklari haqida eslatib o‘tadi.
O‘sha davrda Davan davlati o‘zining ―afsonaviy‖ va ―samoviy‖ otlari bilan shuhrat qozongan. Davan arg‘umoqlari mamlakatdan tashqarida ham, ayniqsa Xitoyda juda ham qadrlangan. Xitoyliklar Farg‘ona otlarini ilohiylashtirish darajasiga borib yetganlar.
Mil. avv. II asrning oxirlari Xitoy imperatorlari Davanni bosib olishga harakat qiladilar. Davan xalqi bosqinchilarga qarshi uzoq muddatli og‘ir urushlar olib bordi. Mil. avv. 104-101 yillarda Xitoy imperatorining 60 ming kishilik qo‘shini Davanga bostirib kiradi. Manbalarga qaraganda ―Bir necha o‘n ming kishilik xitoylik yosh jangchilar‖ bu qo‘shinga yordamchi kuch sifatida qo‘shiladilar. Dastlabki hujum Xitoy imperatori qo‘shinlarining mag‘lubiyati bilan yakunlanadi. Xitoy qo‘shinlari o‘tib bo‘lmas istehkomga aylantirilgan Davan qal‘alari qarashligini sindirishga ojizlik qiladilar.
Miloddan avvalgi 101 yilda ko‘p ming kishilik imperator qo‘shinlari Davanga ikkinchi marta yurish qiladilar va Ershi shahrini qamal qiladilar. Ularning bu safargi urinishlari ham muvaffaqiyatsiz kechadi. Ershi aholisi bo‘ysunishni xohlamagach, xitoyliklar shaharga keladigan suv yo‘llarini berkitib qo‘yadilar. Shahar aholisi esa o‘zlari qazigan quduqlardan suv olib, himoyani mardonavor davom ettiradilar. Shunday sharoitda Davanning o‘sha paytdagi hukmdori Mug‘va qo‘shni davlat hukmdorlardan yordam so‘raydi.
Qattiq qarshilikka uchragan xitoyliklar Davandan chekinishga majbur bo‘ladilar. Lekin Davanga
―samoviy‖ arg‘umoqlar berish majburiyatlarini qo‘yadilar. Bu majburiyatni bajarish borasida davanliklar
orasida nizo chiqadi va natijada Mug‘va o‘ldiriladi (aftidan u xitoyliklarga soliq to‘lashga qarshi bo‘lgan bo‘lsa kerak). Xitoyliklar bir necha o‘n ―samoviy‖ arg‘umoq va 3 mingta boshqa otlarni olib Davanni tashlab chiqadilar.
Shunday qilib, qo‘shni davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Davanliklar mil. avv. II asrda Xitoyliklar ta‘siriga tushmasdan o‘z mustaqilliklarini saqlab qoldilar. Davan davlatining keyingi taqdiri haqida ma‘lumot deyarli yo‘q. Ayrim rivoyatlarga ko‘ra milodimizning II asrida bu davlatni ko‘chmanchilar egallagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |