Xoja Doniyor maqbarasi — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (XX asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qoʻrgʻonining kunchiqar tomonida, Siyob arigʻi yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Choʻziq (15 m ga yaqin) toʻrtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtogʻi (shimol tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, koʻzasimon kursili guldastalari ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida choʻzinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning «Samariya» asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Kusam ibn Abbosning safdoshlaridan boʻlgan. Ba’zi manbaalarda Dorimi deb ham nomlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |