Agroturistik mahsulot konsepsiyasi
Diqqatga sazovor, jozibador joylar
|
Turli xil tadbirlar
|
Xizmatlar
|
1. Maxsus qishloq xo’jaligi ekinlari yetishtiriladigan maydonlar;
2Qishloq xo’jaligi muzeylari;
3. Turli manzarali ekzotik bog’lar;
4.Hunarmandchilik mahsulotlari bozorlari.
|
1. Qishloq xo’jaligi yarmarkalari, ko’rgazmalarini tashkil qilinishi;
2. Turli mavzudagi mahalliy va milliy festivallarni tashkil etilishi;
3.Maxsus tadbirlar.
|
1. Fermer xo’jaliklarida tashkil qilingan turlar;
2. Qishloq mehmonxonalari;
3. Muqobil tibbiy davolanish xizmatlari;
4. Agrobiznes faoliyatini turoperatorlar bilan birga tashkil qilinishi;
|
Jadvalga ko’ra agroturistik mahsulotning asosiy tarkibiy qismlari qishloq joylaridagi diqqatga sazovor joylar, turli xil tadbirlar hamda xizmatlardan iborat.
Rivojlangan Yevropa davlatlari qishloq turizmida ko’rsatiladigan xizmatlarni, joylashtirish vositalarini standartlashtirish va tasniflashga mo’ljallangan maxsus tavsiyalar, xalqaro darajada tan olingan me’yorlar nafaqat davlat yoki milliy institutlar kesimida, balki Yevropa Ittifoqining xalqaro dasturlar doirasida, ya’ni agroturistik faoliyat sub’ektlari assotsiatsiyasini faol ishtiroki bilan amalga oshiriladi.
Go’zal geografik va o’ziga xos tabiiy sharoitga ega mamlakatimiz hududlarida qishloq turizmini rivojlantirish uchun barcha shart-sharotilar hamda imkoniyatlar mavjud. “O’zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish konsepsiyasi”da agroturizmga ekologik turizmning asosiy tarmoqlaridan biri sifatida qaralib, “agroturizm – qishloq halqini turmushi, urf-odati bilan yaqindan tanishish” deb ta’rif berilgan.
2013 yil 17 aprelda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2013-2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko’rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qarorga ko’ra, mamlakatimizda ekologik, tibbiy-sog’lomlashtirish, sport turizmi, shuningdek, yakka tartibdagi qishloq mehmonxona uylari negizida agroturizmni o’z ichiga olgan zamonaviy turistik xizmatlar turlarini ustuvor rivojlantirish zonalari alohida belgilab olingan. So’nggi yillarda mamlakatimizning ko’pchilik mintaqalarida turizm sohasini rivojlantirish uchun maqsadli dasturlar qabul qilinmoqda. Ushbu dasturlarda har bir mintaqaning o’ziga xos bo’lgan tabiiy sharoiti, iqlimiy xususiyatlari, boy milliy-madaniy merosi hamda qishloq ahlining urf-odatlari va an’analarini hisobga olgan holda, qishloq turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimizda qishloq turizmi ekologik turizm bilan birgalikda faol rivojlanmoqda. Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumani, Jizzax viloyatining Zomin tumani, Namangan viloyatining Pop tumani, Samarqand viloyatining Urgut tumanining dam olish zonalari agroturizmni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlarga ega.
Bugungi kunga kelib mamlakatimizning qishloq joylarida oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni samarali rivojlantirishda agroturizm muhim o’rin egallaydi. Hozirda mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirishda fermer xo’jaliklarining ulushi tobora ortib, kengayib bormoqda. Ular tomonidan yirik tabiiy hududlar, jumladan: o’rmon hududlari, baliqchilik, chorvachilik xo’jaliklari, meva va uzumchilik bog’lari, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiradigan hududlar tashkil etilib, ushbu hududlarda fermerlar tomonidan dala shiyponlari, xizmat ko’rsatish komplekslari barpo etilmoqda. Bu esa qishloq joylarda agroturizm sohasini yo’lga qo’yish va rivojlantirishda muhim omil bo’lib hisoblanadi.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli tadbirlarga qaramasdan, mamlakatimizda agroturizm faoliyatini samarali tashkil qilishda ba’zi muammolar mavjud ekanligini qayd qilib o’tish lozim:
– mavjud me’yoriy-huquqiy hujjatlarda “agroturizm”, “qishloq turizmi”, “yashil turizm”, “eko-agroturizm”, “fermerlik turizmi” tushunchalarining mohiyati to’liq ochib berilmagan;
– qishloq turizmini tartibga soluvchi maxsus qonunchilik mexanizmi shakllanmagan;
– qishloq joylarida agroturizm faoliyatini rivojlantirish imkoniyatlari to’g’risidagi axborotlar bilan qishloq aholisi yetarli darajada ta’minlanmagan;
– qishloq joylarida agroturizmni samarali tashkil qilish uchun malakali kadrlar yetishmaydi.
Bizning fikrimizcha, yuqoridagi muammolarni bartaraf qilish uchun, jahon tajribasidan kelib chiqib, O’zbekistonning barcha mintaqalaridagi mavjud imkoniyatlarni va o’ziga xos shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, yaqin istiqbolda qishloq turizmini (agroturizm) quyidagi yo’nalishlarda tashkil qilish maqsadga muvofiqdir:
1. Mamlakatimizda qishloq turizmini tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini shakllantirish.
2. Qishloqlardagi mavjud turistik resurslar asosida, oilaviy biznesni rivojlantirish orqali kichik mehmonxonalar va agroturizmni samarali faoliyatini ta’minlaydigan turli xil infratuzilma ob’ektlar, asosan xususiy agroturistik xo’jaliklarni tashkil qilish.
3. Qishloq joylarida turizmni samarali rivojlantirish maqsadida ijtimoiy-madaniy muhitni shakllantirish (“tarixiy qishloq”, “milliy qishloq” va h.k).
4. Turistlarni qabul qilishga mo’ljallangan, ularni mazmunli dam olishini to’liq ta’minlaydigan kichik madaniy-tarixiy, turli xil etnografik markazlarni tashkil qilish.
5. Qishloq joylaridagi joylashtirish vositalari va infratuzilmalarga xos bo’lgan, ko’p tarmoqli, ya’ni turistik, ko’rgazmali, reklama namoyishli, madaniy-targ’ibotli, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarishga xos bo’lgan, davlat hamda xususiy qishloq xo’jaligi parklarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida qayd qilib o’tilgan yo’nalishlarning har birini amalga oshirish uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud. Yurtimizning yirik sarmoyadorlarini agroturizmning boshqa shakllariga, eng avvalo yirik xususiy agroturistik ob’ektlarga mablag’ qo’yishga jalb qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday ob’ektlar sirasiga madaniy-tarixiy parklar, etnomadaniy majmualar, ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqalar kiradi. Ushbu loyihalarni amalga oshirilishi, nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki, ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi, xususan, bugungi yoshlarni o’z vatanini, tarixini, madaniyatini yaxshi bilishda, milliy qadriyatlarni anglashda, umuman, bir so’z bilan aytganda o’z vatanini sevish hamda vatanparvarlik tuyg’usini shakllantirishda muhim rol o’ynaydi. Mamlakatimizda qishloq turizmining rivojlanishi iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi va ijobiy samara beradi. Xususan, davlatimiz uchun:
soliq tushumlari oshadi;
milliy urf-odatlar va an’analarni o’rganishga qiziqish ortadi;
qishloq ahlining o’ziga xos hayot tarzi va an’anaviy qadriyatlar keng targ’ib qilinadi;
xalq hunarmandchiligi yanada rivojlanadi;
hududlarning madaniy va tarixiy merosi asrab-avaylanadi;
qishloq joylarida ishlab chiqarish sohasi yanada rivoj topadi.
Qishloq aholisi uchun:
yoshlar uchun “kichik Vatan”ning tarixiy-madaniy ahamiyatini anglatadi, uning mamlakat hamda jahonda mashhurligidan faxr hissini oshiradi;
yangi ish o’rinlari yaratilib, mahalliy aholining bandlik muammosi hal qilinadi;
qishloq aholisining daromadi oshadi;
qishloq joylarida uy-joy fondi tuzilmasi yanada rivoj topadi;
qishloq xo’jaligi mahsulotlarining sotuv hajmi ortadi.
Turistlar uchun:
mahalliy aholining o’ziga xos tarixi, an’analari, urf-odatlari, gastronomiyasi, madaniy-ma’naviy jihatdan rivojlanishi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yuzaga keladi;
go’zal tabiat qo’ynida dam olib, sog’liqni qayta tiklash imkoniyati paydo bo’ladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, mamlakatimizda qishloq turizmini barqaror rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilsa, mamlakatimiz qishloqlari yanada obod bo’ladi, aksariyat yoshlar yangi ish o’rinlari bilan ta’minlanadi, qishloq xalqining turmush faravonligi yanada oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |