5.3. Soliq tizimining muzlatilishi va mahalliy qonun tizimining barqarorligi Oxus Gold va O‘zbekiston ishi bo‘yicha eng so‘nggi sharhlanishi lozim bo‘lgan masala – bu davlat tomonidan tartibga solinadigan ma’lum bir soha yuzasidan investorga ma’lum bir muddatga berilgan huquqiy barqarorlik va’dasi yoki shartnomaning insofli ijrosi tushuniladi. Ingliz tilida stabilization clause yoki stabilization agreement deb yuritiladiganva investorlarni mezbon davlatga investitsiya qilishga chorlaydigan ushbu usul dunyoning juda ko‘plab davlatlari tomonidan hozirgi kunda ham keng qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining hukumat qarorlari va Prezident farmonlarida, shuningdek 1998-yil aprel oyida qabul qilingan investorlar huquqlari himoyasiga oid qonunda ham shunga o‘xshash qoidalar mavjud. Asosan 5 yil, 10 yil yoki 25 yil kabi uzoq muddat davomida soliq to‘lovlarining o‘zgarmasdan qolishini kafolatlovchi bunday huquqiy va’dalar ba’zi bir mamlakatlarda bojxona, mehnat va hatto tabiatni muhofaza qilish qoidalariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Asosiy maqsad bitta – chet ellik investorning ko‘ngil xotirjamligini va u o‘z foydasini oldindan hisoblagan holda mezbon mamlakatga investitsiya kiritishini ta’minlashdir.
Investitsiya nizolarida arbitraj sudlari ko‘plab ishlarda yuqorida keltirib o‘tilgan qoidaning huquqiy kuchiga yetarli baho bergan holda va’dasini buzgan mezbon davlatlarga nisbatan katta kompensatsiyalar solishgan. Misol uchun, Paushok va Mo’g’uliston, El Paso va Argentina, Perenco va Ekvador kabi investitsiya nizolarida investitsiyaga tatbiq etiladigan huquq tizimining barqarorligiga oid mezbon davlati va’dasi albatta, o‘sha davlat idoralari tomonidan bajarilishi lozimligi qayd etilgan.
E’tiboringizdagi Oxus Gold va O‘zbekiston ishi ham investorga hukumat qarorlari orqali soliq imtiyozlari taqdim etilgan va aynan ushbu soliq imtiyozlarining bir tomonlama o‘zgartirilishi yurtimizga 11 million AQSH dollariga tushgan. Bu ish shuni ko‘rsatadiki, nafaqat keng miqyosda soliq imtiyozlari berilishi, balki ular bo‘yicha barqaror va izchil siyosatning yuritilishi, huquq tizimining keskin o‘zgarishlardan xoliligi ham o‘sha mamlakatning investitsiya jihatidan jozibadorligini belgilaydi. Eng qizig‘i, Oxus ishidagi investorning vatani bo‘lgan Angliya o‘zining konstitutsiyaviy tizimini bahona qilgan holda investorlarga bunday va’dalarni bermaydi. Shunga qaramasdan ushbu davlatga chet ellik investitsiyalarning milliardlab dollarlik oqimi hech to‘xtamaydi. Xulosa qilib aytganda, Oxus Gold va O‘zbekiston investitsiya nizosi yurtimiz mustaqillikka erishgandan buyon yuz bergan eng katta chet el investitsiyasi ishtirokidagi nizolardan biri bo‘lib, uning chuqur o‘rganilishi nafaqat xalqaro huquq, balki ma’muriy huquq, konchilik huquqi va shartnomalar huquqi kabi soha mutaxassislari uchun ham katta foydalari borligiga ishonamiz. Umid qilamizki, ushbu sharh yozilayotgan 2018-yil oktabr oyidagi vaqt bilan yurtimizga qarshi davom etayotgan Kim va O‘zbekiston (sement ishlab chiqarish), Güneş Tekstil va O‘zbekiston (savdo va xizmat ko’rsatish), Federal Elektrik Yatirim va O‘zbekiston (gaz yetkazib berish), Bursel Tekstil va O‘zbekiston (paxtani qayta ishlash)kabi xorijiy investorlar ishtirokidagi xalqaro arbitraj ishlarida ham Oxus Gold ishi jarayonida orttirgan tajribamiz qo‘l keladi degan umiddamiz.