4.4 Xarajatlar, kompensatsiya va uning foizi Kompensatsiya to’lovi bo‘yicha arbitraj yillik LIBOR+2% qoidasi bo‘yicha foizlarning 2004-yildan 2010-yilgacha hisoblanishiga qaror qildi. Xarajatlarni qoplashda esa “xarajatlar voqelikni ta’qib etadi” (costs follow the event) degan qoidaga tayangan holda mazkur qoidani tatbiq etishga qaror qildi. Ushbu qoida bo‘yicha kim zarar yetkazgan bo‘lsa, o‘sha taraf xarajatlarni o‘z yelkasiga olishi zarur bo‘lardi. Biroq ushbu ishda hech qaysi bir taraf to‘laligicha g‘alaba qozonmaganligini e’tiborga olib, arbitraj hakamlari har bir tarafni o‘z yuridik xarajatlarini52 o‘zlari qoplashlari lozimligini ta’kidladi. Arbitraj uchun sarflangan xarajatlarni53 esa taraflarga teng ravishda taqsimladi.
5. Arbitraj sudi qaroriga sharh Yuqoridagi muhim huquqiy masalalar yuzasidan quyida bir qancha sharhlarni keltirib o‘tamiz.
5.1 Davlatlarning qarshi da’vo qo‘zg‘atishi Oxus Gold va O‘zbekiston ishi bo‘yicha arbitraj qarori mezbon davlatlar va investorlar uchun turli xil ta’sir ko‘rsatadi. Bunday holat arbitraj hakamlarining investitsiya bitimlari moddalarini, ayniqsa, ular faqatgina mezbon davlat tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklarni nazarda tutgan bo‘lsa, tor shaklda sharhlanayotganligini yaqqol namoyon qiladi. Bunday sharhlash albatta investor nuqtayi nazaridan anchagina foydali.
Mezbon davlatlar nuqtayi nazaridan esa, agar arbitraj a’zolari bo‘lgan hakamlar yaqin aloqaga ega da’volar bo‘yicha tahlil qilishni yanada rivojlantirib, qaysi holatlarda bunday da’volarning rad etilishini aniqlaganda edi, bu holat investorning noqonuniy xatti-harakatlaridan aziyat chekkan mezbon davlatlar uchun ham amaliy yechimlarni taqdim etardi. Aks holda e’tiboringizdagi nizo bo‘yicha chiqarilgan qaror kabi investorning tovon puli miqdorini kamaytirish uchun mezbon davlat tomonidan amalga oshirilgan yana bir muvaffaqiyatsiz urinishdan o’zgasi bo‘lmay qoladi.
Oxus Gold va O‘zbekiston ishi yurtimizning bundan keyin xorijiy davlatlar bilan tuzadigan yoki allaqachon tuzilib, endi yangilash davri yaqinlashayotgan investitsiyalarni himoyalash va rag‘batlantirishga oid shartnomalari moddalarini yana bir bor jiddiy ravishda, yurtimiz manfaatlari nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqishga undaydi. Chunki Oxus Gold ishi kabi ba’zan xorijiy investorlarning mezbon davlat oldidagi majburiyatlarini bajarmasliklari yoki bo’lmasa, mezbon davlat fuqarolariga katta va keng ko‘lamdagi zarar yetkazilishining asosiy sababchilariga aylanishlari ehtimoli bor. Bunday ishlar asosan investorlarning tabiatga zarar keltiradigan sohalardagi faoliyatlarida yaqqol ko’rinadi. Agar investor tomonidan mezbon hukumatga yoki o‘sha davlat xalqiga katta zarar yetsa, zararni qoplashning bir yo‘li mezbon davlat hududida joylashgan xorijiy investor mol-mulklarini davlat ixtiyoriga o‘tkazish hisoblanadi. Biroq zarar keng ko‘lamli bo‘lsa, unda xorijiy investorning mezbon davlat ichidagi mulklari zararni to‘liq qoplashga kifoya qilmasligi aniq. Shunday vaziyatlarda, xalqaro hakamlik sudlarida qarshi da’vo qo‘zg‘ata olish katta ahamiyatga ega. Oxus Gold va O’zbekiston ishidagi unchalik ham ijobiy bo‘lmagan tajribaga asoslangan holda yurtimizning mavjud va bundan keyin yangi tuzilishi kutilayotgan investitsiya shartnomalari vatanimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda tuzilishi va qayta ko‘rib chiqilishi shartdir.