8-modda. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning huquqlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining davlat organlari tomonidan og‘ishmay ijro etilishini o‘rganish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazishning qonuniyligi monitoringini amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish faktlarining oldini olish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritish;
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda ogohlantirishlar e’lon qilish;
qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ko‘zlab arizalar, da’volar va shikoyatlar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish;
davlat organlari va tashkilotlardan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallarni, xulosalarni va boshqa axborotni so‘rash hamda olish;
davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq majlislarida ishtirok etish;
zarur bo‘lgan hollarda, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlarining, ilmiy muassasalarning va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb etish, ishchi guruhlar tuzish;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va hukm qilingan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashish uchun qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish;
ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonun hujjatlari buzilishi holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.